09:53 / 01.09.2018
4 751

Bosh prokuratura “GM Uzbekistan”ni taftish qildi (video)

Bosh prokuratura “GM Uzbekistan”ni taftish qildi (video)
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, uning hududiy boʻlimlari tomonidan 2018 yilning oʻtgan davri davomida avtotransport vositalarini avtosalonlardan noqonuniy ravishda olib chiqib berish, rasmiylashtirish bilan bogʻliq korrupsiya, firibgarlik, mansab vakolatini suiisteʼmol qilish kabi holatlar boʻyicha jami 45 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Aniqlangan ushbu jinoyat ishlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Qashqadaryo, Namangan, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida 1 tadan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Navoiy, Surxondaryo, Toshkent viloyatlarida 2 tadan, Andijon va Xorazm viloyatlarida 3 ta, Fargʻonada 4 ta, Toshkent shahrida 11 ta, Buxoro viloyatida 12 ta shunday holatlar roʻy bergani kuzatiladi.

Raqamlardan anglash mumkinki, bu boradagi qingʻirliklarda buxorolik va poytaxtlik qoʻshtirnoq ichidagi “shovvozlar” yetakchilik qilmoqda. 2018 yil 17 may kuni Departamentning Buxoro shahar boʻlimi xodimlari tomonidan tezkor tadbir oʻtkaziladi. Fuqaro Suhrob Barotov tomonidan Umida Boʻstonovaga Buxoro shahridagi avtosalonlarda yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali “Kaptiva” rusumli avtomashinani tez orada olib beraman deya vaʼda beriladi. Xizmat evaziga esa Suhrob Barotov 1500 AQSH dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida ushlandi.

Ana shunday yana bir firibgarlik xolatiga departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi xodimlari tomonidan chek qoʻyildi.

Xonqa tumani Ahillik mahallasida yashovchi fuqaroning qilgan murojaatida koʻrsatilishicha, Urganch shahrida yashovchi, “Xorazmavtosavdo” MCHJda ishlaydigan Azamat ismli shaxs “Damas” rusumli avtomashina sotib olish shartnomasi uchun undan 1100 AQSH dollari talab qilgan. Fuqaroning arizasi yuzasidan 2018 yil 25 avgust kuni tezkor tadbir oʻtkazildi. Unda fuqaro Azamat Yusupov firibgarlik yoʻli bilan 1100 AQSH dollarini olgan vaziyatda ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Departamentning Toshkent shahar Shayxontoxur tuman boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Chilonzor tumanida joylashgan AVTOTЕXXIZMAT MCHJ muxandisi Zoxidov tanishlari orqali fuqaro Asanovaga Yunusobod tumanida joylashgan XUMO avtosalonidan LASЕTTI JЕNTRA rusumidagi avto mashinani sotib olib berishni vaʼda qilib, evaziga 900 AQSH dollarini 17-shahar klinik shifoxonasi oldida olayotgan paytda qoʻlga olindi. Lekin Zoxidov oʻz koʻrsatmasida bu mablagʻning 700 AQSH dollarini AVTOTЕXXIZMAT ekspeditori Nazarovga berishini maʼlum qildi. Shunga muvofiq oʻtkazilgan tezkor harakatlar davomida Nizomiy Davlat pedagogika Universiteti atrofida Nazarov Zoxidovdan ushbu mablagʻni olayotgan vaqtda departament xodimlari tomonidan qoʻlga olindi.

Yuqorida keltirilgan tovlamachi va firibgarlarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi sizda mashina sotib olishda korrupsiya bilan bogʻliq muammolar boʻlsa 10-07 yoki Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining 233-10-07 raqamli ishonch telefonlariga murojaat qilishingizni soʻraydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Bosh prokuratura “GM Uzbekistan”ni taftish qildi (video)