21:00 / 10.12.2018
3 178

Propiska tizimiga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?

Propiska tizimiga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev propiska va pasport qoidalari bo‘yicha qonunchilikdagi yangiliklar haqida ma’lumot berdi.

Uning yozishicha, Qonunchilik palatasining 30 noyabr kungi yalpi majlisida deputatlar bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqqan. Shu jumladan, QL 418-sonli Qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullangan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik kodeksining 223-modda uchinchi qism quyidagi tahrirda bayon etildi:

«Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki shaxsini tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi — eng kam ish haqining besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmaydi».

Endi amaldagi tahrirga e’tibor qilsak, unda:

«Pasport tizimi qoidalariga rioya etish uchun mas’ul bo‘lgan shaxslarning fuqarolarning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan yoxud vaqtincha yoki doimiy propiskasiz, turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashashiga yo‘l qo‘yishi, xuddi shuningdek fuqarolarning o‘z turar joylarida pasportsiz, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmagan shaxslar yashab turishiga yo‘l qo‘yishi — eng kam ish haqining o‘n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa — eng kam ish haqining o‘n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi», deb belgilangan edi.

Shuningdek, yangi loyiha bilan o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxs o‘n olti yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmagani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilab qo‘yilmoqda.

Pasport tizimi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini erkinlashtirish, Davlat dasturining 56-moddasi ijrosini ta’minlash maqsadida jarima miqdorini eng ish haqining 10 va 15 baravaridan 5 va 10 baravariga kamaytirish taklif etilgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Jamiyat » Propiska tizimiga qanday o‘zgartirishlar kiritiladi?