12:50 / 03.01.2019
6 060

Navoiy viloyati hokimi mahalliy amaldorlarga berilgan Malibu’lar haqida

Navoiy viloyati hokimi mahalliy amaldorlarga berilgan Malibu’lar haqida
Navoiy viloyat hokimi Qobul Tursunov Kun.uz’ga bergan intervyusi davomida Internet va ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuv keltirib chiqargan va viloyatdagi 8 ta tuman hokimlariga berilgan Malibu-2 rusumli mashinalar haqidagi savolga ham javob berdi.

Q.Tursunovning aytishicha, ushbu avtomashinalar tuman hokimlariga emas, viloyat hokimining besh nafar o‘rinbosarlariga, bittasi shahar hokimiga va qolgan ikkitasi viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda davlat soliq boshqarmasiga berilgan. Viloyat hokimining bildirishicha, prezident Sh.Mirziyoyev mahalliy hokimlarga byudjetga tushadigan tushumlarni o‘z ixtiyorlari bilan ishlatish vakolatini bergach, bunday mashinalarni olishga imkoniyat paydo bo‘lgan.

«Manbasidan so‘z ochsam, muhtaram yurtboshimiz tomonidan 2017 yilning boshidanoq mahalliy davlat hokimlarining faoliyatini erkinlashtirish, ularni bo‘layotgan barcha sohalarda salohiyatini oshirish nuqtai nazaridan ko‘p vakolatlar berildi. Qolaversa, hukumatimizda o‘sha yengil xizmat mashinalari bilan bog‘liq qarorga ham o‘zgartirish kiritildi», dedi Q.Tursunov.

Viloyat hokimining ta’kidlashicha, mashinalar GM Uzbekistan saytida ko‘rsatilganidek 302 million so‘mdan emas, balki aksiya sabab 267 million so‘mdan olingan.

«Viloyatimiz hududi juda ham katta. Aytaylik, Navoiy viloyati markazidan Tomdi tumanining qaysidir qishlog‘iga borish uchun 450 km masofa bosishimiz kerak bo‘ladi. Mahsulotning narxi, qiymati avvalo, sifati va yaroqliligi bilan belgilanadi. Bizning bu harakatimizdan muddao — har ikki yilda bitta mashina almashtirmaylik-da, xizmat muddati 10 yilga yetadigan bitta mashina minaylik», — dedi Q.Tursunov.

Umuman, avvalboshda Chevrolet Malibu mashinalari emas, Chevrolet Captiva mashinalari buyurtma qilingan bo‘lgan. Biroq Captiva ishlab chiqarishdan olib tashlangach, Malibu’lar maxsus aksiya doirasida arzonroqqa yetkazib berilgan va ularning har biridan qariyb 50 million so‘m iqtisod qilingan.

«Bizdagi mavjud avtoparkning texnikalari o‘zining xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan avtomashinalar tashkil etadi. Uchta o‘rinbosarimizda Captiva rusumli avtomashina bor edi. Biz uchta avtomashinani tuman hokimlarining xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan mashinalari o‘rniga xizmat mashinasi sifatida berdik», — dedi Navoiy viloyat hokimi.

Viloyat hokimi Q.Tursunov lyuks tipidagi mashinalarni olinganiga sabab qilib, viloyatga turli xorijiy delegatsiya vakillari tez-tez tashrif buyurishayotgani, ularni viloyat bo‘ylab olib yurish uchun viloyat hokimligi ixtiyorida zarur turdagi avtomashinalar yetishmay kelganini ham ta’kidlab o‘tdi. Endi viloyat hokimligi va tashkilotlar ixtiyoridagi mavjud avtomashinalar bilan viloyatga keluvchi yirik xorijiy delegatsiya vakillarini ham bemalol olib yurish mumkin bo‘ladi.

Viloyat hokimi shuningdek, Navoiy viloyati bilan hamkorlik qilayotgan Rossiya oblastlaridan biridagi holatni ham gapirib berdi.

«Men Rossiyaning gubernatorlari, ularning o‘rinbosarlari qanday kun kechirmoqda degan savol bilan ham qiziqdim. Aniq bilaman, biz bilan hamkorlik qilayotgan o‘sha oblastlar ham dotatsiyada — davlat ta’minotida turibdi. Qaysi oblastligini aytolmayman, lekin o‘sha gubernatorning o‘z xizmat samolyoti, xizmat villasi, chet eldan xarid qilingan, tillarga tushgan, biroq o‘zimizda ishlab chiqarilgan mashinaning qiymatidan narxi 8 barobar qimmat xizmat mashinasida yurar ekan», dedi Q.Tursunov.

Malibu mashinalariga mavzusini muxtasar etar ekan, Navoiy viloyat hokimi Q.Tursunov «Menimcha, bu yerda xalq yoki davlatning qandaydir manfaatiga putur yetadigan harakat sodir etilmagan», dedi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Navoiy viloyati hokimi mahalliy amaldorlarga berilgan Malibu’lar haqida