18:40 / 09.01.2019
10 683

Sobiq MXX tergovchisi Nodir Toʻraqulov 16 yilga qamaldi

Sobiq MXX tergovchisi Nodir Toʻraqulov 16 yilga qamaldi
Foto: Currenttime.tv
Milliy xavfsizlik xizmatining (hozirgi DXX) sobiq tergovchisi Nodir Toʻraqulov 16 yillik qamoqqa hukm etilgan. Xorijiy OAV hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga koʻra, Oliy sud harbiy hayʼatining 2018 yil 25 oktyabrda hukmi chiqqan.

Aytilishicha, Toʻraqulov qamoq jazosidan tashqari eng kam ish haqining 400 baravari (81 092 000 soʻm) miqdorida jarimaga ham tortilgan.

Qayd etish kerakki, Nodir Toʻraqulov hibsga olingani 2018 yilning boshida maʼlum boʻlgan edi. Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy prokuraturasi tomonidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining bir qator moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Surxondaryo viloyatidagi faoliyati davomida sheriklari bilan nafaqat mahalliy, balki xorijiy tadbirkorlarning biznesini tortib olish, fuqarolarga nisbatan zoʻravonlik qilish, narkotik savdolarini tashkil etish kabi jinoyatlarga aloqadorligi, Denov va Termiz shaharlarida unga tegishli “MALIKA GOLD” restorani, “ORIFA” saunalari borligi aytilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 19-20 yanvar kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida Milliy xavfsizlik xizmatining viloyatdagi faoliyatini jiddiy tanqid ostiga olgan, ular orasida aynan Toʻraqulov ham bor ekani taxmin etiladi.

«Milliy xavfsizlikdagilar Surxondaryoni oʻldirgan. Ikki-uch sotqin, davlat sotqinlari ishlagan. Bular Surxondaryoni ot oʻyin qilib tashlagan. Hamma tizimni egallagan, hamma tashkilotni egallagan. Yana bir-ikkitasi Toshkentda yuribdi, borib ishdan olaman.

...Sal qarshi gap bildirsa, gʻiybat qilib ishdan olib tashlardi. Oʻgʻriga chiqarardi, bir aybni boʻyniga qoʻyardi. Endi u zamon tugadi. Man bularning birontasiga ishonmayman, bularning maʼlumoti kerak emas. Shuni bilinglar.

...Surxondaryoda bu masalada ogʻir edi. Shuning uchun bu yerga bitta ham biznesmen kelmagan, keldimi darrov qamardi. Bu falonchining odami, bu pistonchining odami, bu hokimning pul beradigan odami, deb. San kimsan, oʻzing pul bermaydiganmiding, san Gʻulomov. Sotqin. Poraning boshida oʻzi oʻtirardi», — degan edi oʻshanda Shavkat Mirziyoyev.

“Xabar.uz” Nodir Toʻraqulovning hibsga olingani haqidagi xabarga izoh olish maqsadida Harbiy prokuratura matbuot xizmati bilan bogʻlangan hamda “qoʻlimizda bu boʻyicha rasmiy maʼlumot yoʻq. Shuning uchun ham sizga aniq biror fakt ayta olmayman”, — degan javobni olgan edi.

Bundan tashqari, jurnalist Bobomurod Abdullayev ishi ham aynan Nodir Toʻraqulov tomonidan olib borilgan hamda Abdullayev oʻz koʻrsatmalarida sobiq tergovchining qiynoqlari haqida soʻzlab bergan, unga nisbatan jinoyat ishi ochishni soʻragan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sobiq MXX tergovchisi Nodir Toʻraqulov 16 yilga qamaldi