21:08 / 15.02.2019
8 569

Buxoroda hokimlik binosida yuz bergan qotillik rashk tufayli sodir bo‘lgan

Buxoroda hokimlik binosida yuz bergan qotillik rashk tufayli sodir bo‘lgan
Foto: «Daryo»
Buxoro viloyatining Peshku tumani hokimligi binosida 2018 yil 13 iyun kuni «Qizil yarim oy» jamiyati Peshku tuman bo‘limi boshlig‘i Gulbahor Ashurova pichoq bilan yetkazilgan jarohatlari tufayli vafot etgandi. Ushbu qotillikka rashk sabab bo‘lgan.

Kogon tumanidagi «Yangi hayot» qishlog‘i fuqarosi, 1979 yilda tug‘ilgan Faxriddin Umarov «Qizil yarim oy» jamiyatining Peshku tuman bo‘limi ijrochi direktori, 1974 yilda tug‘ilgan Gulbahor Ashurova bilan 2017 yilning boshida Telegram orqali tanishgan. Ko‘p o‘tmay, Kogon shahrining Vatanparvar ko‘chasidagi 22-uyda noqonuniy er-xotin sifatida ijarada yashab kelishgan. Umarovning 9 yashar o‘g‘li Ashurovani o‘z onasi sifatida qabul qilgan. Ammo Ashurova Umarov bilan o‘rtasidagi bu munosabatlarni farzandlari va yaqin qarindoshlaridan yashirib kelgan. Ashurova uchinchi o‘g‘lini uylantirgandan so‘ng rasmiy nikohdan o‘tishini aytgan.

Biroq Ashurova bir paytning o‘zida Kogon shahar Mudofaa ishlari bo‘limida ishlagan B.Mo‘minov bilan ham ishqiy munosabatda bo‘lib kelgan. Umarov bu haqda eshitib, xiyonatga oydinlik kiritish maqsadida uning haqiqatga qanchalik yaqinligini bilish uchun B.Mo‘minovdan so‘ragan va undan G.Ashurova bilan olti yildan buyon ishqiy munosabatda uchrashib kelayotganligi haqida javob olgan. Ularning uchalasi o‘zaro uchrashgan paytda ayol ishqiy munosabatlar haqidagi gaplarni rad etib, ketib qolgan.

Sudda Umarovning ko‘rsatmasiga ko‘ra, unga Mo‘minov zarar yetkazmasligi uchun Ashurova Rossiyaga borib ishlab turishni maslahat beradi. Ashurova Umarovning ortidan yetib borishi va birga yashashni boshlashligini aytadi. 2018 yilning may oyida Umarov o‘g‘lini opasiga tashlab Rossiyaga jo‘nab ketadi.

Umarovning opasi suddagi ko‘rsatmasida u ukasi va sinfdoshi bo‘lgan Ashurovaning munosabatlaridan xabardor bo‘lganini bildirgan. Ukasi Ashurova bilan oila qurmoqchi ekanligini ham aytgan. Biroq keyinchalik Umarov Ashurova bilan munosabatlarini uzgani, bunga ayolning xiyonati sabab ekanini aytgan.

Rossiyada yashab yurgan Umarovning qo‘ng‘iroqlariga Ashurova javob bermay qo‘ygan. Umarov Ashurova va Mo‘minov o‘z munosabatlarini davom ettirayotganidan gumonsirab 2018 yilning 12 iyun kuni Buxoroga qaytib kelgan. O‘sha kuni Umarov Ashurovani ish joyidan topa olmaydi, u bilan telefonlashib usiz yashay olmasligini aytgan. Ammo ular tortishib qolgach, ayol telefonni o‘chirib qo‘ygan va qo‘ng‘iroqlarga javob bermay qo‘ygan. Opasining uyida tunab qolgan Umarov ertasi kuni agar Ashurova Mo‘minovni tanlasa, uni o‘ldirishni rejalashtirib oshxona pichog‘ini olib Peshku tumani hokimligi binosiga yo‘l olgan.

Umarov Ashurovaning xizmat xonasiga kirgan, ular birgalikda hokimlik binosining orqa hovlisiga chiqib ketgan. Umarov ayoldan yo uni yoki Mo‘minovni tanlashni talab qilgan, ayol Mo‘minovni tanlaganini aytganidan so‘ng Umarov jahl ustida rashk tufayli Ashurovaga bir necha marta pichoq urgan. Ayol yiqilib tushganidan keyin uning ustiga chiqib yana bir necha marta pichoq sanchgan.

Peshku tumani hokimligi binosining 2-qavatida ishlovchi O‘zini-o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Peshku tuman kengashi raisining diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari N.Shukurova tashqaridagi shovqinni eshitib derazadan qaraganida Umarov yerda yotgan Ashurovaning ustiga chiqib olib, ayolni pichoqlayotganini ko‘rgan. Shukurova stul olib oynadan otgan, stul Umarovning beliga tekkan. Keyin Umarov o‘rnidan turib «Xiyonat qilgan ayolning jazosi shu» deb aytgan. Chap va o‘ng tomon ko‘krak qafasiga 2 marotaba, qorin bo‘shlig‘iga 1 marotaba hamda bel sohasiga 2 marotaba pichoq urilgan Ashurova voqea joyida vafot etgan.

Sudda Ashurovaning o‘g‘illaridan biri to‘yi kuni Umarov bilan tanishgani, o‘sha kuni Umarov oshpazlik qilganini, Mo‘minovni esa taksichi sifatida bilishi, u oilaning yaqin tanishi ekanligini aytgan. Ammo onasi Umarov yoki Mo‘minov bilan munosabatda bo‘lgani haqidagi gaplar Umarovning uydirmasi ekanligi, Umarov ulardan 25 million so‘m o‘g‘irlab, jinoyatni yashirish uchun onasini o‘ldirganligi haqida ko‘rsatma bergan.

Umarov sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirib, Ashurovaning yaqinlaridan kechirim so‘radi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro viloyati sudining 2018 yil 17 sentyabr kundagi majlisida qotilga nisbatan hukm o‘qildi. Hukmga ko‘ra, Faxriddin Umarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 97-moddasining birinchi qismi (qasddan odam o‘ldirish) bo‘yicha aybli, deb topilib, unga nisbatan 14 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, Umarovning 9 yoshli o‘g‘liga qonunda belgilangan tartibda vasiy tayinlash masalasi Kogon tumani Xalq ta’limi bo‘limi vasiylik va homiylik organi zimmasiga yuklatildi.

Manba: Daryo.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Buxoroda hokimlik binosida yuz bergan qotillik rashk tufayli sodir bo‘lgan