date
views 8 663

“Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidining atrofi obodonlashtirilmoqda (foto)

“Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidining atrofi obodonlashtirilmoqda (foto)
2017 yilning 26 may kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi “Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidida bo‘lib, maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi.

Davlatimiz rahbari “Ushbu masjid va maqbara ma’naviyatimizni yana-da yuksaltirishga, yurtimizda ezgulik nurini ziyoda etishga xizmat qilishi kerak. Bu yerda hunarmandlar markazi va kutubxonasi tashkil etish lozim”, degan edilar.

Ushbu topshiriq va ko‘rsatmalar asosida bu yerda obodonlashtirish ishlari davom etmoqda.

Suzuk otaning asl ismi Mustafoqul bo‘lgan. U zot Ahmad Yassaviy hazratlarining qizi Gavhari Hushtojning kenja o‘g‘li bo‘lgan. Bolalik chog‘ida bobosi uni erkalab “Mening suzigim (suyukligim), xush keldingiz!”, degani bois atrofdagilar ham uni shu ism bilan chaqira boshlagan. Suzuk ota yuzlab shogirdlarga ilm berib, hunarga, halol mehnatga o‘rgatgan.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, Amir Temur Suzuk ota qabri ustida maqbara va masjid bunyod ettirgan. Ushbu noyob tarixiy-me’moriy obidadan el 1936 yilgacha foydalanib kelingan. Shundan keyin, to mustaqillikkacha bo‘lgan davr mobaynida turli korxonalarning sexlari faoliyat yuritgan. Natijada, tarixiy obidaning noyob va nafis qiyofasi yo‘qolib xarobaga aylangan. Mustaqillik sharofati sabab, masjid binosidan korxonalar ko‘chirib yuborildi va masjidni tiklash ishlari boshlandi. 1998 yil boshida masjidning xonaqoh qismi ta’mirlanib, rasman faoliyat yurita boshladi.

– Mustafoqul ya’ni Suzuk ota padari bo‘lmish Ahmad al-Qorachug‘ay Shayxning yo‘llanmasi bilan bu mahallaga kelib, turg‘un bo‘lib yashab qolgan, – deydi “Suzuk ota” jome masjidi imom-xatibi Ayubxon Sufiyev. – U kimsasiz, tepalik va jarliklardan iborat bo‘lgan yerlarni o‘zlashtirish, obod qilish uchun tug‘ilgan yurtidan qorilar, usta-hunarmandlar hamda yaqin birodarlarini olib kelib, uy-joylar qurdirib, barchaga boshpana qilib bergan. Keng ommaga ilm va hunar o‘rgatgan. Mazkur mahallani xo‘jalar mahallasi, ba’zan ustalar mahallasi, deb ham atashgan.

Keyinchalik bu mahallaga karomatlar sohibi, aholining dono maslahatgo‘yi, hunarmandlar ustozi, toliblarning pir-murshidi bo‘lgan Suzuk ota nomi berilgan. Hozir ham mahalla aholisi hunarmandlik, duradgorlik, o‘ymakorlik bilan shug‘ullanadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur mahalla tor ko‘chalardan iborat maskan edi. Bu yerda Suzuk otaning maqbarasi borligini ko‘pchilik bilmagan. Hozirgi kunda Turkiyada uning muridlari yashaydi. Mana shu maskan foydalanishga topshirilsa, ular Suzuk otani ziyorat qilgani keladi. Nafaqat Turkiya balki butun dunyodan ziyoratchilar oqib kela boshlaydi.

“Suzuk ota” jome masjidi imom-xatib Ayubxon Sufiyevning so‘zlariga ko‘ra, Prezidentimiz topshirig‘i bilan masjid atrofiga qo‘shimcha ayvonlar qurildi. Uning xonaqohi 2 ming kishiga mo‘ljallangan. Mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Bundan tashqari, bu yerda 30 ta hunarmandlar uyi va ular uchun ustaxonalar qurildi. Hozirda yo‘llarga asfalt yotqizilib, avtomobil turargohi tayyorlanmoqda. Tez orada maqbara va masjidni rekonstruksiya qilish, atrofini obodonlashtirish ishlari yakunlanadi.

Manba: O‘zA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Suzuk ota” maqbarasi va jome masjidining atrofi obodonlashtirilmoqda (foto)