09:43 / 17.03.2019
4 264

Oloy bozorining nomini oʻzgartirish kerakmi?

Oloy bozorining nomini oʻzgartirish kerakmi?
Keyingi paytlarda bir qator internet saytlarida poytaxtimizdagi eski maskanlardan biri – Oloy bozori nomini oʻzgartirish taklifi berildi. Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi rasmiy veb-sahifasida chop etilgan “Oloy” — bulgʻatuvchi ekan. Bozorning nomini oʻzgartirish taklif qilinmoqda”sarlavhali maqola koʻpchilikning bahs-munoazarasiga sabab boʻldi.

Maqola muallifining aytishicha, “oloy” soʻzi arab yoki fors tilidan olinmagan. Aksincha, asli turkiy soʻz boʻlib, “bulgʻatuvchi” degan maʼnoni anglatadi va omonimlar guruhiga kirmaydi.Xalqimiz nutqida uchraydigan may oloy (yaʼni may yuqqan) va chehra oloy (yaʼni qallob) kabi iboralar bunga isbot boʻla oladi. Endi bir oʻylab koʻring, poytaxtimizdagi nufuzli bozorni nahotki shunday nom bilan atash mumkin boʻlsa?”

Avvalo, har bir taklif, har bir fikr hurmatga loyiq. Ushbu maqola uallifining fikrlarini ham hurmat qilgan holda, ayrim mulohazalarni bayon qilsak.

Avvalo Hazrat Navoiyning qaysi asarlarida bu soʻz shu taxlit ishlatilgani misol tariqasida keltirib oʻtilganda, yaxshi boʻlardi. Biz Navoiy asarlaridan bu mazmundagisoʻzni izlab topolmadik. Qolaversa, bozor nomi aynan “bulgʻatuvchi” soʻzidan olingani hali isbot etilishi lozim.

Uchinchidan, bozor tarixidan xabardor odamlarning aytishicha, uning nomi hozirgi Qirgʻiziston hududidagi Oloy (Alay) vodiysi nomi bilan bogʻliq. (Maʼlumki, koʻpgina turkiy tillardagi “a” tovushi ishtirok etgan soʻzlar oʻzbek tili “o” tovushi bilan ifodalanadi.)

Bugungi kunda qoʻshni yurtda Oloy togʻi, Oloy tumani mavjud. Rossiyaning Saratov viloyatida ham shu nom bilan ataluvchi qishloq va daryo bor.

“Manas ensiklopediyasi”da Oloy qadimgi qirgʻizlar yashab kelgan tarixiy makon sifatida tilga olinadi. Qirgʻizistonning koʻhna vodiylaridan birining nomi ham Oloy deb nomlanadi. XIX asrning70-80 yillarida Qoʻqon xonligi hududiga Oloy viloyatining hokimi Qurmonjon Dodxo ham “Oloy malikasi” nomi bilan mashhur boʻlgan, 1876 yilda Poʻlatxon boshchiligidagi isyonchilarga qoʻshilgan Qurmonjon dodho rus sarkardasi M.D. Skobelev qoʻshiniga kuchli zarba bergan, biroq, keyinchalik xoinlik natijasida magʻlubiyatga uchragan. Odamlarining ayrimlari asirga tushgan, ayrimlari turli tomonlarga qochishga majbur boʻlgan. Shularning bir qismi hozirgi Toshkentning Oloy bozori hududidan manzil topgan va savdo-sotiq bilan shugʻullanishgan. Keyinchalik ular shu yerda Oloy bozori vujudga kelgan.

1928 yildan Oloy bozori nomi bilan rasmiy ravishda bozorga asos solingan va keyingi mustaqillik yillarida zamonaviy bozor tariqasida qayta qurilgan.

Zamonaviy turk tilida “oloy” (alay) soʻzining oʻndan ortiq maʼnosi boʻlib, asosan toʻplam, jamoa, guruh maʼnolarida ishlatiladi. Harbiy istilohda “polk” maʼnosida ham ishlatiladi. Shunday ekan, “Oloy” degani bulgʻatuvchi ekan, nomini oʻzgartiraylik” deyish unchalik toʻgʻri emas.

Boringki, ming bir ehtimol bilan, “Oloy” nomi muallif aytgandek, “bulgʻatuvchi” maʼnosini bergan taqdirda ham, uni oʻzgartirishga shoshilmaslik lozim. Zotan, mamlakatimizda undan besh battar maʼnolarni anglatadigan joy nomlari ham yoʻq emas. Axir oʻtmishda ajdodlarimiz biror joyga nom berishda bugungi uning siyosiy, ijtimoiy, maʼnaviy-estetik tomonlarini hisobga olib oʻtirmaganlar. Oʻzlari uchun qulay, eslab qolish oson boʻlgan nomlar bilan atab ketaverishgan.

Bordi-yu, bozor nomi oʻzgargan taqdirda ham, bu odamlar uchun qanchalik noqulaylik tugʻdirishi, ortiqcha ovoragarchilik, rasmiyatchilik, hujjatbozlikni keltirib chiqarishi mumkinligini bir koʻz oldimizga keltiraylik. Birgina metro bekatlari nomlaridagi oʻzgarishlar hali-hamon har kuni oʻnlab yoʻlovchilar, (ayniqsa poytaxt mehmonlari va keksa yoshlilar)ni chalgʻitishini koʻpchilik bilsa kerak.

Xullas, “Oloy bozori”ning nomi aslidagidek qolgani tuzuk.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oloy bozorining nomini oʻzgartirish kerakmi?