10:00 / 28.03.2019
3 059

Zamonaviy sudyalar qanday boʻlishi kerak? Kanadalik ekspert fikri

Zamonaviy sudyalar qanday boʻlishi kerak? Kanadalik ekspert fikri
Kanada Milliy sudyalar institutining sud tizimi masalalari boʻyicha bosh mutaxassisi Adel Kent boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekistonga tashrif buyurdi. Tashrif davomida Adel Kent Sudyalar oliy maktabida oʻtkazilgan seminar doirasida Kun.uz nashriga zamonaviy sudyalar qanday boʻlishi kerakligi, ayol-sudyalar hamda onlayn-taʼlimni joriy qilishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligiga doir intervyu berdi.

- Oʻzbekistonda qator sohalarda onlayn-taʼlim joriy qilinmoqda, bu bizning mamlakat uchun oʻziga xos yangilik. Shunday ekan, onlayn-taʼlimni joriy qilishda nimalarga eʼtibor qaratish kerak va taʼlimning bunday shakli Kanadada qanchalik samarali hisoblanadi?
- Bu juda qiziq savol, zero ayni damda biz Kanadada nisbatan murakkablashtirilgan taʼlim tizimiga oʻtish bosqichidamiz. Oʻzbekistonda tizim qanday bilmadim-u, Kanadada biz aynan sud etikasi masalalariga oid podkastlardan foydalanishni tizimga kiritishni tavsiya qilamiz. Bu videokastlar va podkastlarni oʻzimiz ishlab chiqaramiz. Ular qisqa boʻlib, koʻp vaqt talab qilmaydi. Har qanday sudya tushlik vaqtida ishida tanaffus qilib, videoni koʻrishi va baʼzi masalalarni tahlil qilishi mumkin.

- Sizning fikringizcha, zamonaviy sudyalar qanday sifatlarga ega boʻlishi kerak?
- Shubhasiz, sudya qonun, huquq va yurisprudensiyani yaxshi bilishi kerak. Shu bilan birga, u ijtimoiy kontekst masalalaridan xabardor boʻlishi lozim, yaʼni sudya oʻzining shaxsiy hayotiy yoki ijtimoiy tajribasiga ega boʻlishi mumkin, unga murojaat qiluvchi yoki sud jarayonida ishtirok etuvchilarning ham oʻziga yarasha hayotiy tajribasi boʻladi, sudya ana shunday omillarni hisobga olishi kerak. Bundan tashqari, sudya odamlar bilan muloqot qilish boʻyicha ekspert boʻlishi muhim, u muloqot koʻnikmasini yaxshi oʻzlashtirishi darkor.

- Kanadada ayol sudyalarning oʻrni va ularning bu kasbga boʻlgan munosabati qanday?
- Soʻnggi vaqtlarda Kanadada ayol sudyalar sonining oshib borayotgani kuzatilmoqda. Aniq statistikani keltira olmayman-ku, lekin 50 foiz koʻrsatkichga yetishni maqsad qilganmiz va bunga yaqinlashyapmiz. Shaxsan mening fikrimcha, ayol kishi xuddi erkak kabi sudya boʻlishdan manfaatdor.

Maʼlumot uchun: Kanada Milliy sudyalar instituti (NJI) - Ottava shahrida joylashgan. NJI - 1988 yilda asos solingan mustaqil, notijorat tashkilot, Kanada bosh sudyasi raisligidagi boshqaruv. Taxminan 50 nafar xodim ishlaydi. Byudjeti - 9 million dollar atrofida. Toʻrt departament - Taʼlim, Moliya, Operatsion va Xalqaro departamentga ega.
Lola Raxmanbayeva

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Zamonaviy sudyalar qanday boʻlishi kerak? Kanadalik ekspert fikri