00:03 / 03.04.2019
3 911

Folbinning bashorati qimmatga tushdi

Folbinning bashorati qimmatga tushdi
Soppa-sogʻ yurgan odam birdan vafot etsa deng. Halimjon ishdan charchab keldiyu, xontaxta atrofidagi koʻrpachaga yonboshladi. Xotini Naima choy damlab kelsa, erining allaqachon joni uzilgan.

Naima oʻttiz yillik turmush oʻrtogʻidan sira yomon gap eshitmaganidanmi yoki bemahal ajaldan dahshatga tushganidanmi, hushini yoʻqotdi. Oʻziga kelganida kasalxonada ekan. Uch kundan soʻng hovliga qaytdi, uy toʻla odam, maʼrakalarga qaynopasi bosh-qosh.

— Ukam qanday odam edi-ya, xarajatlarni ayamanglar, dasturxon moʻl-koʻl boʻlsin, — deya oʻgʻli Ilhomjonni dam-badam bozorga gʻizillatayotgan qaynopasidan koʻngli ogʻridi. “Tavba, shunday odam dunyodan ketsa-yu, bu kishim dasturxon tashvishida”, degan oʻy oʻtdi.

Hammadan ham Naimani qizi Rohila tashvishlantirdi. U katta xonadagi karavotda choʻzilib yotar, bir yarim yashar bolasiga qarash tugul, qimirlashga madori yoʻq. Aytishicha, tinmay koʻngli aynib, oʻrnidan tursa, koʻz oldi qorongʻilashyapti.

Naima ertasiga azonlab koʻcha boshida turadigan Sora folbinnikiga chopdi. Folbin xola qartalarni obdon chiyladi, soʻng bitta-bitta ocha boshladi. Har safar yangi qartani ocharkan, folbin uzoq bosh chayqar, chuqur uf tortar, aytsammi, aytmasammi, degandek ikkilanar, bundan Naimaning ichidagi xavotiri ortardi.

— Xullas, gap bunday, — dedi Sora folbin. — qizingizga oʻlik chiqqan xonani tozalattirishgan. Qizning ruhi seskangan. Tuzalishi qiyin, aqldan ozishi mumkin!

Naima boʻshashib ketdi, koʻz oldida hammaga ish buyurayotgan, oʻgʻlini bozorga gʻizillatib yaxshigina xarajat qildirayotgan qaynopasi gavdalandi.

— Aylanay sizdan, opajon, bilasiz, sizga ixlosim baland, ayting, nima qilsam bolam tuzaladi? — dedi u koʻzlari yoshga toʻlib. Folbin koʻp yalintirdi, oxiri yonbosdi.

— Oʻzi bunday yukni olmasdimu siz mahalladoshimsiz. Buning ustiga, yaqinda xoʻjayiningizdan ayrildingiz. Mayli, bu yukni oʻzimga olaman. Ammo qizingiz bir hafta davomida har kuni bitta qora tovuq olib oldimga keladi. Oxirgi kuni oq qoʻchqor, 20 ta patir, bir qop guruch, ikki qop un (Qozogʻistonniki boʻlsin) keltirasiz, — dedi.

Naima hamma aytganlarini bajardi. Ammo bir hafta oʻtgach ham Rohila oʻrnidan qoʻzgʻalmagach, onaning figʻoni falakka chiqdi. Bu orada qaynopasi hech uyiga ketay demas, “Rohila tuzalsin, siz yolgʻiz qolmang”, degan gaplari uning gʻashini keltirar goʻyo bu shum ayol ularning ahvoli yanayam ogʻirlashishini oʻz koʻzi bilan koʻrish uchun qolayotgandek tuyulardi. Oxiri boʻlmadi, Naima “portladi”.

— Nimalar deyapsiz, kelin? — dedi qaynopa unga tik qarab. — Uyat emasmi? Axir, ukam yotgan xonani mahallaning dasturxonchisi tozaladi-ku...

Naima eshitishni istamadi, koʻchani koʻrsatdi. Opa chiqib ketayotganida Ilhomjon ammasini toʻxtatdi, folbinga ishongan onasini aybladi, janjal yana kuchaydi. Agar ichkaridan Rohila chiqib kelib, koʻz oldi qorongʻilashib yerga qulamaganida janjal mushtlashuvga aylanardi.

Doʻxtirlar Rohilani UTT dan oʻtkazishdi, aniqlanishicha, uning qornida 8 haftalik homilasi bor ekan, koʻngil aynishi shundanmish.
Bu xushxabar Naimani negadir ezdi. Shu qadar ezdiki, uning ogʻrigʻi erini yoʻqotganidan ham kuchli edi...

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Folbinning bashorati qimmatga tushdi