
Davlat soliq qo‘mitasi soliq qonunchiligini buzgani aytilgan tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev va quruvchi Aziz Zokirov faoliyatini o‘rganishni boshladi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmatida xabar qilingan.
27 aprel kuni Toshkent shahar hokimligida yakka tartibdagi uy-joylar sifatida rasmiylashtirilgan ko‘p xonadonli uy-joylar qurilishi bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev uy quruvchilar tomonidan soliq qonunchiligi buzilganini ta’kidlagandi.
Muloqotda ishtirok etgan shahar ma’muriyati vakillari tadbirkorlar, oldi-sotdi shartnomalarida uy-joy narxini arzon ko‘rsatgani, firmani rasmiylashtirmasdan, kassa apparatisiz ishlagani, yuzlab kishilarni noqonuniy tarzda ishlatgani haqida ma’lumot berishgan. Tadbirkor va quruvchi, shuningdek, soliqdan bo‘yin tovlashda ayblangandi.
Ma’lum qilinishicha, 2018 yilning kuzida Artel va Akfa kompaniyalari chin yetimlarga homiylik tariqasida ushbu investor-tadbirkor qurdirgan arzon uylardan sotib olgan.
Uylarni sotib olishda ishtirok etgan savdo bo‘limi boshlig‘i Ramziddin Qo‘chqorov Artel va Akfa kompaniyalari 4,8 mlrd so‘mga Avayxon va Qanot ko‘chalaridagi uylardan 37ta kvartira sotib olganini ma’lum qildi. Uning qayd etishicha, shartnomalarni rasmiylashtirishda to‘langan 4,8 mlrd so‘m o‘rniga hujjatda 200 mln so‘m ko‘rsatilgan. U Chorsu bozorida 4,8 mlrd so‘mni «ko‘cha narxi»da qariyb 500 ming dollarga ayirboshlaganini tan olgan, shartnomalarda kvartiralar maydoni hajmiga ko‘ra 2 million so‘mdan 4 million so‘mgacha ko‘rsatilganini qo‘shimcha qilgan.
Jahongir Ortiqxo‘jayev investor 720 uy sotganini ma’lum qildi va davlat byudjetiga soliqlar ko‘rinishida qancha pul tushishi kerak bo‘lgani haqida ma’lumot so‘radi.
Hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Sherzod Xadjizadayev qurilish ishlarida 600 kishi ishlagani, ular bilan mehnat shartnomasi tuzilishi kerakligini qayd etib o‘tgandi: «600 kishi ishlashi uchun rasmiy kompaniya ro‘yxatga olinishi kerak. Agar shunday farq bo‘lsa, 400 ming dollar 100 mln so‘m sifatida ko‘rsatilgan, shaxsiy uy sifatida sotilgan taqdirda ham, deklaratsiyada butunlay boshqa mablag‘ chiqishi kerak edi. Buning ichiga kirishga haqqimiz yo‘q albatta, lekin to‘lanishi kerak bo‘lgan soliqlar bir necha milliard chiqishi kerak».
Jahongir Ortiqxo‘jayev 720 uyni sotishdan taxminan 22,5 mlrd so‘mlik soliq to‘lanishi kerakligini ma’lum qilgandi.
Ayni vaqtda davlat soliq organlari ushbu masalani o‘rganmoqda, natijalar yaqin vaqt ichida jamoatchilikka ma’lum qilinadi.
Muhammadbobur Xo‘jayevAziz ZokirovDavlat Soliq Qo‘mitasiToshkent ShaharQurilish IshlariYakka Tartibdagi Uy-joylar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar