13:24 / 06.06.2019
3 554

Kunduzi faralarini yoqmagani uchun jarimaga tortilganlar ishi nima bo‘ladi?

Kunduzi faralarini yoqmagani uchun jarimaga tortilganlar ishi nima bo‘ladi?
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining 4 iyun kungi 460-sonli qarori bilan Yo‘l harakati qoidalarining 138-bandi (Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi)ga oid talabi 2021 yil 1 yanvardan boshlab kuchga kirishi belgilab qo‘yildi.

Shu o‘rinda haqli bir savol tug‘iladi. Kunduzi chiroq yoqib yurishga oid qoida rasman kuchga kirgan kundan to 4 iyun (ushbu talab bekor bo‘lgan kun)ga qadar kunduzi chiroq yoqib yurmagan haydovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalarning taqdiri nima bo‘ladi?

Ushbu savolga javob berishdan avval masalaning boshqa bir jihatiga e’tibor qaratamiz. Ya’ni, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 9 apreldagi 292-sonli qarori bilan Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, uning 138-bandi «Kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarini yoki kunduzgi signal chiroqlarini yoqib harakatlanishi shart» deya yangi tahrirda bayon etildi.

E’tibor berish kerak bo‘lgan jihati shundaki, Vazirlar Mahkamasining 4 iyun kuni qabul qilingan 460-sonli qarorida Yo‘l harakati qoidalarining ushbu bandi (138-band) o‘zgartirilmadi yoki bekor qilinmadi. Faqat Ichki ishlar vazirligiga 1 oy muddat ichida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirish kiritish vazifasi yuklandi. Ya’ni yo‘l harakati qoidalarining kunning yorug‘ vaqtida chiroqlarini yoqib harakatlanishi shartligi haqidagi qoida hozircha o‘z kuchida turmoqda, hali bekor bo‘lmadi.

Bunday vaziyatda huquqiy jihatdan qaysi biriga amal qilish kerak? 9 apreldagi qarorgami yoki 4 iyundagi? Birida yoqib yur deyilgan, ikkinchisida 2021 yilgacha yoqmasa ham bo‘ladi deyilgan.

Bunday holatda «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasi bizga yordamga keladi. Unda aytiladiki, teng yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasida tafovut bo‘lgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Demak, garchi ikkita qaror bir-biriga zid bo‘lsada, 4 iyundagi qaror yuridik kuchga ega bo‘ladi hamda chiroqlarni bemalol yoqmay yurish mumkin (ayrim holatlardan tashqari).

Bevosita asosiy masalaga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 9-moddasiga ko‘ra, ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlikni yengillashtiruvchi yoki bekor qiluvchi hujjatlar orqaga qaytish kuchiga egadir, ya’ni ushbu hujjatlar chiqqunga qadar sodir etilgan huquqbuzarlik hollariga ham taalluqlidir.

Kodeksning 271-moddasiga ko‘ra ma’muriy javobgarlikni belgilovchi hujjat bekor qilingan bo‘lsa, ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni yuritishni boshlash mumkin emas, boshlangan ish esa tugatilishi lozim.

Bu yerda hujjat deyilganda, ma’muriy javobgarlikni belgilovchi hujjatning bir qismini ham tushunish kerak. Ya’ni 9 apreldagi VM qarori to‘liq bekor bo‘lmadi, lekin aynan hamma mashinalar kunduzi chiroq yoqib yursin degan majburiyat bekor qilindi (2021 yilgacha uzaytirildi).

Qonunning yuqoridagi talablaridan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, 2019 yil 4 iyunga qadar haydovchilarga nisbatan kunduzi chiroq yoqib yurmagani uchun rasmiylashtirilgan ma’muriy bayonnomalar bekor qilinishi va ma’muriy bayonnoma bekor bo‘lishining huquqiy oqibatlari qo‘llanishi lozim.

Bunda haydovchilarimiz quyidagi 2 xil holatdan birida bo‘lishi mumkin:

1) ma’muriy bayonnoma tuzilgan, lekin hali jarima to‘lanmagan;
2) tuzilgan ma’muriy bayonnoma asosida jarima allaqachon to‘lab qo‘yilgan.

Birinchi holatda, hech qanday bahs yoki munozaraga o‘rin yo‘q, ma’muriy bayonnomalar uni tuzgan organning o‘zi tomonidan bekor qilinishi lozim va jarima to‘lash shart bo‘lmaydi. Agar ichki ishlar organlari ma’muriy bayonnomalarni bekor qilishdan bosh tortsa, unda sudga murojaat qilish va MJtKning 9-moddasini qo‘llashni so‘rash talab etiladi.

Ikkinchi holat biroz bahsli. Garchi nazariy jihatdan jarimalar qaytarilishi kerak bo‘lsa-da, lekin bu unchalik oson bo‘lmaydi. Ya’ni jarimalar avtomatik ravishda qaytarilishidan ko‘p ham umid qilmaslik kerak, davlat byudjetiga tushgan pul osongina qaytib chiqmaydi. Buning uchun haydovchilar jarima to‘langan hududdagi Ma’muriy sudga ariza bilan murojaat qilish lozim bo‘ladi. Lekin sudning yugur-yuguri to‘langan 101 ming so‘mlik jarimaga arzishi yoki arzimasligini ham hisobga olishni maslahat beramiz. Boz ustiga sudda yutib chiqish kafolatlanmaganini unutmang.

Xushnudbek Xudoyberdiyev
Dilshod Abduqodirov
huquqshunoslar

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Kunduzi faralarini yoqmagani uchun jarimaga tortilganlar ishi nima bo‘ladi?
ePN