09:35 / 27.06.2019
3 880

Qaytarilgani noma’lum pullar, shou-biznesning hovliqma vakillari va internetdagi shov-shuvlar

Qaytarilgani noma’lum pullar, shou-biznesning hovliqma vakillari va internetdagi shov-shuvlar
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Gulnora Karimovaning aktivlarining qaytarilishi borasidagi ma’lumotlarni izohlamaydi.

23 iyun kuni Gulnora Karimovaning qizi, O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning nevarasi Imon Karimova o‘zining Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida onasi tomonidan yo‘llangan murojaatni e’lon qilgach, bu mavzu ijtimoiy tarmoqlarda yana kun tartibiga chiqdi.

«Prokuratura shu paytgacha davlat tomonidan ekspropriatsiya (mol-mulklarning majburiy tarzda davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi —tahr.) qilingan vositalarning miqdorini aniq sanay olmasligini bildirayotgan bo‘lsa-da, men protokol uchun e’lon qilishim kerakki, shu paytgacha O‘zbekiston hududidagi faqatgina menga tegishli bo‘lgan, 1,2 milliard dollar miqdoridagi aktivlar mening egaligimdan chiqib, ayni paytda respublika byudjeti uchun ishlayotgani bir necha mahalliy surishtiruvlar bilan tasdiqlangan», — deyilgandi Gulnora Karimovaning murojaatida.

Gulnora Karimova shuningdek, O‘zbekiston huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlik qilishni boshlaganini bildirgandi.

Mazkur holat yuzasidan Bosh prokuratura matbuot xizmati Gulnora Karimovaning aktivlari qaytarilishi haqidagi ma’lumotlarni izohlamasligini bildirdi.

«Bosh prokuratura Gulnora Karimovaning qarindoshlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan bildirish va xulosalarni izohlashga, munosabat bildirishga majbur emas. Albatta, bunga ularning to‘liq haqi bor, lekin menga ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda u tomonidan qilingan rasmiy murojaat faqat Ombudsman bilan uchrashuvda aks etgan», — dedi matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.

23 iyun kuni O‘zbekiston parlamenti qoshidagi inson huquqlari bo‘yicha vakil Ulug‘bek Muhammadiyev Zangiota tumanidagi №21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga tashrif buyurib, Gulnora Karimova bilan uchrashgan, uning sog‘lig‘i qoniqarli ekani bildirilgan edi. Biroq ombudsman aktivlar qaytarilishi haqida hech narsa demagan.

Mustaqil manbalarning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Gulnora Karimova tomonidan qaytarilgani da’vo qilinayotgan 1,2 milliard dollarlik aktivlar haqidagi ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmagan va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan shou-biznesning ayrim vakillari Instagram ijtimoiy tarmog‘ida Gulnora Karimovaning ozodlikka chiqishini yoqlab, unga sevgi izhor qilib, postlar qoldirishgan. E’tiborli jihati, bu postlarning ayrimlari keyinroq o‘chirib tashlangan.Shuningdek, ijtimoiy tarmoqda Gulnora Karimova yaqin kunlarda ozodlikka chiqarilishi mumkinligi haqida shov-shuvli postlar qoldirilgan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlardagi bir necha manbalarning Kun.uz’ga bildirishicha, bu ham haqiqatdan yiroq bo‘lgan taxminlardir va Gulnora Karimova ayni paytda Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan №21-sonli ayollar uchun umumiy tartibli koloniyada jazoni o‘tashda davom etmoqda.

Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, ya’ni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangandi.

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi bo‘yicha yana bir jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

2017 yilning 18 dekabrida 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Gulnora Karimovaga jazo 2018 yilning 1 iyulida 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan.

Lekin uy qamog‘ida o‘tirgan Gulnora Karimova O‘zbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgan. U shuningdek turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham qo‘pollik bilan buzgan. Xususan, u 2018 yilning 22 noyabr kuni yashash joyidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketganida jazoni o‘tash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgandi.

2019 yil martida u yana qamoqxonaga qaytarilgan. Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning o‘talmay qolgan muddatini - 4 yildan ortiqroq muddatni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi kerak.

Biroz avvalroq Shveysariya prokuraturasi Gulnora Karimovaning muzlatilgan pullaridan 133 million dollar O‘zbekistonga qaytarilishini ma’lum qilgandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qaytarilgani noma’lum pullar, shou-biznesning hovliqma vakillari va internetdagi shov-shuvlar