14:33 / 27.06.2019
2 608

Prezident jurnalistlar va blogerlarni mukofotladi

Prezident jurnalistlar va blogerlarni mukofotladi
Bugun, 27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni asosida bir guruh matbuot va OAV xodimlari mukofotlandi.

Prezident tabrigi matni prezident spichrayteri tomonidan o‘qib eshittirildi. Jurnalistlar va blogerlarga mukofotlar O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov tomonidan topshirildi.

«Qadrli do‘stlar! Avvalo sizni kasb bayramlaringiz - Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Sizlarga o‘zimning samimiy hurmatim, ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Barchaga yaxshi ma’lumki, matbuot va ommaviy axborot vositalari ishi hamma tomonlama ham og‘ir va mas’uliyatlidir. Mamlakatimiz yangi taraqqiyot bosqichiga ko‘tarilayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi paytda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda.

Bugungi kunda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda. Barcha sohalarda axborot olish va uni yetkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish zaruratga aylangan. Bunday murakkab sharoitda hayot yangidan-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.

Shularning barchasini hisobga olib, mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Keyingi paytlarda mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida hayotimizdagi ijobiy o‘zgarishlar tahlili oshib borayotgani alohida e’tiborlidir. Chunki bunday tendensiya islohotlarimiz samaralarini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, barcha darajadagi rahbar mutasaddilar zamon talablari bilan hisoblashgan holda ishlashiga to‘g‘ri keladi. O‘zining bilim va salohiyatiga, ishchanlik fazilatlariga ishongan rahbar, tanqiddan qo‘rqmay, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlikni xalq bilan muloqotning samarali vositasi deb biladi. Aslida bunday muloqot, taraqqiyotimizni ta’minlaydigan eng asosiy omillardan biridir.

Ayni vaqtda barchamiz bir haqiqatni unutmasligimiz zarur. Axborot maydonidagi turli bahs va tortishuvlar, avvalo haqqoniylik va xolislik tamoyillariga asoslanishi, qonun doirasida bo‘lishi, shaxsiy xusumatga, soxta obro‘ orttirish vositasiga aylanib ketmasligi, inson shaxsi va sha’nini tahqirlashdan yiroq bo‘lishi, bunday salbiy holatlarga bizning mediamaydonimizda o‘rin bo‘lmasligi kerak.

Hayotimizdagi bugungi ulkan o‘zgarishlar, islohotlarimiz mantig‘i barchadan yangicha ishlashni, yangi g‘oya va tashabbuslar bilan maydonga chiqishni talab etmoqda. Shu ma’noda, ommaviy axborot vositalarining moddiy-texnik bazasini, kadrlar salohiyatni mustahkamlash, milliy matbuotimiz xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashiga erishish, internet jurnalistikasini rivojlantirish, noshirlik ishi, kitob savdosi, obuna masalalarida bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ochiqlik va sog‘lom raqobat muhitida ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘p ishlashimiz kerak.

O‘z navbatida biz ommaviy axborot vositalarining erkinliklarini mustahkamlash, jurnalistlarning mashaqqatli mehnatini munosib baholash va rag‘batlantirish borasida olib borayotgan ishlarimizni ham izchil davom ettiramiz», deyiladi prezident tabrigida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezident jurnalistlar va blogerlarni mukofotladi