15:17 / 27.06.2019
3 194

Vaqti-soati kelgan baxt

Vaqti-soati kelgan baxt
Salimaxon aya hovlidagi shitir-shitirdan uyg‘onib ketdi. Boshini ko‘tarib derazadan hovli supurayotgan kelini Maftunani ko‘rib, uning yoniga chiqdi.

– Keling, qizim men ham sizga qarashaman. O‘zi kech yotgandingiz, saharlab turmasangiz ham bo‘lardi, – dedi. So‘ng uning qizargan ko‘zlaridan uxlamaganini payqadi.

“Yana yig‘lab chiqibdi”, xayolidan o‘tkazdi Salimaxon. Ha-ya, kecha qo‘shni kelinning “qovurdog‘i”da yugurib-yelib xizmat qilgan Maftunani mehmonlar: “Sizga ham shunday farzandlar ato qilsin”, deya duo qilishgandi.

Mana, to‘rt yildan beri farzand ko‘rish istagida kelini va o‘g‘lining bormagan shifokori, ko‘rinmagan tabibi qolmadi. Natija yo‘q. Hammasi bir gapni aytadi: “Er-xotin sog‘lomsizlar, vaqti kelganda farzand ko‘rasiz”. Ammo bolalarni jonidan ortiq ko‘radigan, kimning farzandini ko‘rsa, darhol erkalagisi, sovg‘a-salomlar ulashgisi keladigan kelin o‘sha vaqti-soati tezroq kelishini Allohdan so‘rardi.

Salima aya bir kuni qo‘shnisidan eshitgan gaplarini aytib, kelini bilan ziyoratgohga otlandi. Yo‘lda keta turib xaltaga solib olgan supurgini ko‘rsatib, keliniga tushuntirdi:
– Qizim, Zangiota majmuasida Anbar ona maqbarasi bor. Uning atrofini mana bu supurgi bilan yaxshilab supurasiz, so‘ng uning atrofini uch marta aylanib, farzand so‘raysiz.

Uzoq yillardan beri zurriyod ilinjida bo‘lgan Maftunaxon bunday ishlar aslida shariatga zid ekanini yaxshi bilsa-da, “noumid shayton”, deya rozi bo‘ldi.

Qabriston oralab maqbara yoniga borishdi. Qaynonasi aytganidek, maqbara atrofini supura boshladi. U ziyoratchilarning yo‘lini to‘sib qo‘yar va har har gal ularni o‘tqazib yuborish uchun to‘xtab turardi.

Bu voqealarni kuzatib turgan imom-xatib ularga yaqinlashdi:
– Singlim, nima qilyapsiz?

Uyatdan qizargan kelin o‘rniga qaynona javob berdi:
– Domla, odamlardan bu yerni supurib, ko‘pchilik farzandli bo‘lgani haqida eshitib biz ham kelgandik.

Bu so‘zlarni eshitgan imom-xatib muloyimlik bilan so‘z boshladi.

– Barchasi Xudoning inoyati bilan. Bu yerga kelib o‘tganlar ruhi pokiga duo qilsangiz bas. Ammo, ziyorat manfaat uchungina qilinmaydi. Avliyolar orasida farzand ko‘rmaganlari ham bor-ki, ular qanday qilib sizga yordam bersin?! Ba’zi manbalarda Zangi otamizning ham o‘z farzandlari bo‘lmagani va u inson ustozi Hakim otaning yetim qolgan bolalariga otalik qilish uchun uning bevasi Anbar onamizga uylangani qayd etilgan.

Maqbaralarni tavof qilish, aylanish nojoiz. Chunki, tavof faqat ulug‘ Ka’baga xos qilingan amaldir. To‘g‘ri, qabristonlarni tozalash ham savob, ammo ayol kishining bunday qilishi noo‘rin. Muhtojlarga yaxshilik qiling, yetim-yesirlarning boshini silang. Allohdan so‘rang, O‘zi rahmdil, niyatlaringizga yetkazadi.

Bu so‘zlarni eshitib turgan boshqa ziyoratchilar, xususan, maqbaraning devorlarini silab yuziga surayotgan ayollar, yigitlar o‘ylanib qolishdi.

O‘sha kuni qaynona-kelin o‘zining qilmishidan uyalibmi yoki imom-xatibning so‘zlaridan ta’sirlanibmi kechgacha parishonxotir yurdilar. Qaynona bu gaplarni turmush o‘rtog‘i Bahodir akaga aytishga ham botinmadi. Boisi u bunday ishlar shirk ekanini Salimaxonga doim uqtirardi.

Oradan vaqt o‘tdi. Maftuna shifokorlarga borishni ham to‘xtatib, farzand ko‘rish haqida avvalgidek o‘ylamay qo‘ydi. Bu orada qo‘shnisi Sharifaxon olamdan o‘tdi. Qo‘shnichilik shunday paytda bilinadi, deya qaynona-kelin kunda ularnikida bo‘lishdi. Ma’rakalar o‘tgach, uch norasida yetim holidan xabar olib turishdi. Ayniqsa, to‘rt yashar Sardorbek Maftunalarnikida qolib ketadigan, hatto ularnikida yotib qolishga odatlandi. Nodirbekning ham bolaga mehri tushdi.

Oradan 6-7 oy o‘tdi. Maftuna baxtiyor edi. Boisi Sardor uni “Oyi” deb chaqirar, u esa bolaning atrofida girdikapalak bo‘lardi. Quvonchli kunlarning birida kelinning tobi qochdi. Boshi aylanib, holsizlandi. Bu holat takrorlanavergach, Nodirbek uni shifokorga olib bordi.

Shifoxonadan qaytgan Maftuna Sardorbekni bag‘riga bosib xo‘ng-xo‘ng yig‘larkan uning qulog‘iga: “O‘g‘lim, sen, endi aka bo‘lasan”, deya shipshidi...

Mohichehra.

Manba: mahalladosh.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Vaqti-soati kelgan baxt