06:45 / 03.07.2019
2 883

Qoida buzganlar videosini yuborish nomardlikmi?

Qoida buzganlar videosini yuborish nomardlikmi?
O‘zgalarning qoidabuzarligini yuborish masalasida ko‘pchilik ikki qutbga bo‘lingan. Birinchi tomon, buni sotqinlik, nomardlik va odamgarchilikdan yiroq deb hisoblasa, ikkinchi tomon buni jamoatchilik nazoratining bir bo‘g‘ini sifatida ko‘radi va shu yo‘l bilan yo‘llarni tartibga keltirish mumkin deydi. Men ikkinchi toifadagilardanman.

O‘tgan yili yurtimizda 2 ming 262 kishi yo‘l-transport hodisasi natijasida halok bo‘lgan. Bu qanchalar dahshatligini tasavvur qilyapsizmi? Agar shu vafot etganlardan birortasi o‘zimizning yaqin insonimiz bo‘lsa-chi, deb bir on tanamizda his qilib ko‘raylik.

O‘zgalarni hurmat qilmaydigan, qoidalarga tupurib qo‘ygan, yo‘llarda katta xolasining uyiday yuradigan madaniyatsiz haydovchilar kam deysizmi? Yoki piyodalar aybi bilan sodir bo‘ladigan YTHlar kam emas.

Yo‘llardagi achinarli ahvolni bartaraf etish, haydovchilarda oddiy madaniyat uyg‘otish vazifasini faqat davlatning zimmasiga tashlab qo‘yish noto‘g‘ri. Bunga har birimiz mas’ul bo‘lishimiz kerak. Chunki biz ham yerda, shu yo‘llarda yuramiz-ku, faqat osmonda uchib yursak ham mayli edi. Istalgan avtohalokat biz bilan sodir bo‘lishi mumkin.

Rivojlangan davlatlarda aynan jamoatchilikning yordami bilan jamiyat tarbiyalangan, madaniyat shakllangan. Masalan, bizda yo‘lda GAI yo‘qmi, demak menga hamma narsa mumkin, degan tushuncha shakllangan. Lekin g‘arb mamlakatlarida atrofda hech kim bo‘lmasa ham, hamma ongli ravishda qoidalarga bo‘ysunishini ko‘rib, qoyil qolamiz.

Shuning uchun, bizda ham jamoatchilik nazoratini kuchaytirishimiz kerak. Bepisandlik bilan qizilda o‘tadigan, yo‘llarda avariya holatini yuzaga keltiradigan va boshqa qoidalarni qo‘pol buzgan shaxslar haqida ikkilanmasdan xabar berish kerak. Toki o‘sha qoidabuzar kimnidir bosib ketishini kutish shartmas... Ehtiyotsizlik oqibatida, vaziyatdan kelib chiqib yengilroq sodir etilgan bo‘lsa, vaziyatga qarash va xolis baholash kerak.

Xabar berganlarni esa nomardlikda ayblashni yo‘qotsak yaxshi bo‘lardi. Eng avvalo haydovchining o‘zi qoidani buzmasin, tamom, hech qanaqa muammo, video, jarima degan narsalar bo‘lmaydi. Yuzxotirchilik qilib, har yili 2 ming yurtdoshimizdan ayrilib qolgandan ko‘ra, bezbetlik qilib, vaziyatni o‘nglagan ming marta yaxshi!

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyevning telegram kanalidan olindi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoida buzganlar videosini yuborish nomardlikmi?