10:44 / 07.09.2019
2 585

O‘zbekistonda virtual kassalar joriy etilmoqda

O‘zbekistonda virtual kassalar joriy etilmoqda
Foto: Uz24
O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi hisob-kitoblar tizimiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish hamda ushbu sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Markaziy banki, Savdo-sanoat palatasining savdo (xizmat ko‘rsatish) shoxobchalarida aholi bilan naqd pulda va (yoki) bank plastik kartalari orqali amalga oshirilgan hisob-kitoblar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat soliq xizmati organlariga onlayn rejimida uzatib borish funksiyasiga ega bo‘lgan ma’lumotlar almashinuvi platformasi – virtual kassalarni onlayn nazorat kassa mashinalari qatorida joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi “Yangi texnologiyalar” ilmiy-axborot markazi” davlat unitar korxonasi onlayn rejimida qabul qilingan fiskal ma’lumotlarni mustaqil va doimiy ravishda qabul qilish, qayta ishlash, kriptografik himoya qilish va saqlash ishlarini bajaruvchi fiskal ma’lumotlar operatori etib belgilandi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) tadbirkorlik sub’ektlari onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan taqdirda:

ularga nisbatan amaldagi fiskal xotiraga ega bo‘lgan nazorat-kassa mashinalarini ishlatish, kassir-operatsiyachi tomonidan nazorat-kassa daftarini yuritish hamda ish kuni oxirida har bir nazorat-kassa mashinasi bo‘yicha kunlik hisobotni chiqarib olish majburiyatlari bekor qilinadi;

kunlik o‘rtacha naqd pul tushumi miqdoridan qat’i nazar naqd pulni bank kassalariga inkassatsiya xizmatlari orqali o‘zlari belgilagan davrlarda yoki mustaqil ravishda topshirish huquqiga ega;

ularga hisoblangan va to‘lanishi lozim bo‘lgan foyda solig‘i yoki yagona soliq to‘lovi yoxud qat’iy belgilangan soliq summasini onlayn-NKMni 2021 yil 1 yanvarga qadar davlat soliq xizmati organlarida ro‘yxatga qo‘yish sharti bilan, uning har birini xarid qilish, o‘rnatish va ishga tushirish bilan bog‘liq xarajatlar summasiga, lekin bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan oshmagan miqdorda kamaytirish huquqi beriladi;

virtual kassa dasturiy mahsulotining asos qismi (bazasi) ularga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan bepul beriladi;

b) jismoniy shaxslarning bank plastik kartalari yoki chegirma (diskont) kartalariga ommaviy oferta shartlari asosida o‘tkazilgan bonuslar (pul, ball va boshqa birliklar) shaklidagi mablag‘lar (cashback) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bazasi sifatida qaralmaydi;

v) jismoniy shaxslarning uy xo‘jaligi sharoitida, shu jumladan, dehqon xo‘jaligida yetishtirilgan chorvachilik, asalarichilik va dehqonchilik mahsulotlarini tabiiy va qayta ishlangan holda, sanoatda qayta ishlashdan tashqari, sotishdan, shuningdek, hayvonlarni tirik yoki ularni so‘yib sotishdan oladigan daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishida, realizatsiya qilingan mahsulot jismoniy shaxs yoki uning oila a’zolariga ajratilgan tomorqa yer uchastkasida yetishtirilganligini tasdiqlovchi hujjatni talab qilish tartibi bekor qilinadi.

Belgilanishicha, onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan:

taqdim qilingan xarid chekida tovarlar (ishlar, xizmatlar) nomi, miqdori, qiymati (narxi), summasi, qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lganda qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi va summasi, shuningdek, QR-kod va fiskal belgi majburiy tartibda aks ettiriladi. Ushbu ma’lumotlar aks ettirilmagan cheklar haqiqiy hisoblanmaydi;

ma’lumotlarni operatorga real vaqt rejimida yetkazib berishning texnik imkoniyati mavjud bo‘lmagan taqdirda cheklar offlayn rejimida berilishi mumkin. Bunda ma’lumotlar operatorga 24 soat mobaynida uzatilishi shart;

to‘lov terminali orqali qabul qilingan to‘lovlar uchun xaridorlarga to‘lov terminali cheki bilan birga onlayn-NKM yoki virtual kassa cheki ham berilishi shart.

Ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikda ko‘rsatilgan muddatlar tugagandan keyin onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanmasdan tovarlarni realizatsiya qilish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, onlayn-NKM yoki virtual kassa orqali chek taqdim etmaslik yoki fiskal belgiga ega bo‘lmagan cheklarni taqdim qilish – fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini yoki hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy bo‘lgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik deb baholanadi hamda qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi va Moliya vazirligining 2019 yil 1 oktyabrdan Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli o‘yinlarni tashkil qilish bo‘yicha tajriba o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 yil 1 noyabrga qadar yutuqli o‘yinlar tashkil etish uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan bir milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.A.Musayev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga – ushbu Farmon bilan tasdiqlangan grafikka asosan respublikadagi naqd pul tushumiga ega bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlarini onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga bosqichma-bosqich o‘tkazish;

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi B.A.Musayev, moliya vazirining birinchi o‘rinbosari T.A.Ishmetov, Toshkent shahar hokimi J.A.Ortiqxo‘jayev zimmasiga – Toshkent shahridagi onlayn-NKM yoki virtual kassadan foydalanishga o‘tgan tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan taqdim qilingan cheklardagi QR-kod yoki fiskal belgilar asosida yutuqli o‘yinlarni tashkil qilish bo‘yicha javobgarlik yuklandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda virtual kassalar joriy etilmoqda