16:16 / 03.11.2019
2 302

«Yumshoq odamlar»: bundaylar partiyalarga kerakmi?

«Yumshoq odamlar»: bundaylar partiyalarga kerakmi?
So‘zimni «muhim siyosiy jarayonlar arafasida turibmiz», deya boshlamayman. Muhim yoki muhim emasligini sanoqli oylardan so‘ng bilamiz.
Xo‘sh, biz kelgusi besh yillikda qanchalik o‘zgaramiz? Mavjud vaziyat nima deyapti?

Katta enamiz aytgich edi: «Bolam, osmonga qarab yubor. Tabiatning ertalabki «avzoyi» kunning davomini belgilab beradi...»
Demak, hozirgi jarayonlar kelgusi besh yillikka ishora qila oladi.

O‘t(ayot)gan besh yillikka qisqacha izoh:

Parlament palatalari haqida yozmayman. Negaki, bu haqda ko‘pchilikda ozmi-ko‘pmi tushuncha, tasavvur bor. Ammo mahalliy vakillik organlari (xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari keyingi paytlarda ko‘p tilga olinyapti) haqida-chi?

Yashirib nima qildik, aksariyatimiz ularning faoliyati haqida deyarli bilmaymiz. Vaholanki, ularga ham hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, boshqaruv organlari mansabdorlari «tanobini tortib turish» uchun ancha vakolat berilgan.

Ana shunday organning ishchi yig‘ilishi — sessiyalarda siyosiy partiyalarning deyarli o‘rni bo‘lmadi. Sessiya bo‘lib o‘tishini partiyalarning kengashlari raislari hammadan oxiri bildi. Yig‘ilishga chaqirilmadi. Chaqirilmagani uchun xafa ham bo‘lishmadi. O‘z vakolatini talab qilmadi. Aytaylik, siyosiy partiya vakilini birov «burnini qonatmasayam», u qo‘rqdi. Nimadan qo‘rqdi? Hokimiyatdan!

Buni qarangki, hokimiyatdan qo‘rqishi kerak bo‘lmagan, mute hisoblanmagan kamdan kam tashkilotdan biri aslida siyosiy partiyalar edi. Unda qo‘rqishga sabab nima? Chunki bizda shu kunga qadar siyosiy partiyalarning tuman, shahar kengashi raisligiga «juda yumshoq odamlar» qo‘yilgan. Ular arzimas oylikni olgan (balki bundan ortig‘iga arzimas), aksariyatining partiya ishidan tashqari, boshqa ish joyi bo‘lgani uchun ham hokimiyatga e’tiroz qilmagan. Demak, ikkinchi tomondan ular hokimiyatga bog‘liq. Boringki, bu qarashlarning hammasi rad etilgan taqdirda, kengash raisida huquqiy-siyosiy bilimning o‘zi bo‘lmagan.

Xo‘sh, bunday bo‘lmasligi mumkinmidi? Albatta, ha!

Avvalo, siyosiy partiyalar kengash raislari elning eng oldi odamlari bo‘lsa. Moddiy jihatdan yetarli ta’minlansa. Xuddi hokim, sudya, prokuror kabi maosh olsa, u bir joyda ishlaydi. O‘zini isloh qiladi. Qo‘lidagi nizomga qarashga vaqt topadi. Chang bosib yotgan kodeks va nizomni varaqlaydi. Xalq unga ishonayotganini (hozircha ishonmasa-da) his etadi.

Qolaversa, partiyaning bevosita ishlaydigan deputatlari kuchli bo‘lishi kerak.

Avval ham bu haqda to‘xtalgandik, sessiyani tugashini kutadigan, esnaydigan, nimaga qo‘l ko‘tarayotganini anglamaydigan «deputatlar» bilan ishlab bo‘ladimi? Vaholanki, siyosiy partiyaning nizomida har qancha balandparvoz YO‘NALIShLAR bo‘lmasin, ishlamaydigan deputatlar jamoasi yig‘ilsa, u bir qadam ham siljiy olmaydi. Joyida depsinib, kelgusi besh yillikni qarshi olaveradi. Indamay.

O‘zbekiston Respublikasining saylov kodeksi 37-moddasida nomzodlar ko‘rsatish huquqiga siyosiy partiyalar ega ekanligi qayd etilgan.

Xo‘p, shu paytgacha bo‘lgani bo‘ldi. Hokimlar tili yarim qarich, «yozuvchi» nomzodni kengashga yaqinlashtirishni istamadi. Shuning uchun ham deputatlikka nomzodlar hokimiyat tomonidan belgilab berildi. Chunki, sessiyani hokim boshqarardi va unga aql o‘rgatadigan deputatning bo‘lishi nodurust edi...

Endi hokim boshqarmaydigan sessiyalarni (hozircha bu borada aniq hujjat bo‘lmasada, shunday o‘zgarish kutilmoqda) zabonsiz deputatlar bilan tasavvur qilib bo‘ladimi? Endi sessiyalarda «uxlab» bo‘ladimi?

Anglashiladiki, xalqimiz endi bu toifalarga toqat qilolmaydi. Ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar, rejalar belgilab olinadigan, qarorlar qabul qilinadigan yig‘ilishlarga endi u nuqtayi nazar bilan qarab bo‘lmaydi. Endi bu tizim eng quyidan tortib, eng yuqorigacha bitta yuz bilan ishlashi kerak. Qog‘ozdagi maqsadlar, nizomdagi gaplar hayotga singishi lozim.

Xulosa o‘rnida aytishni istardim: Hurmatli siyosiy partiyalar vakillari! «Yumshoq deputatlar» sizga obro‘ keltirmaydi. Mayli bugungi kunlarda o‘zingizni o‘ylamay turing, odamlar uchun ishlaydigan nomzodlarni toping, tanlang.

Deputatlikka nomzodlarni o‘zingiz shakllantiring. Bu dastlabki qadam. Sizni mustaqil kuch sifatida ko‘rsatuvchi, tom ma’noda mustaqilligingizni ta’minlovchi omillardan biridir. Agar yana eskicha tizimda ish ko‘rilsa, partiyalar o‘zi tanlagan nomzodni himoya qilolmasa, hammasi cho‘pchakligicha qolaveradi. Siz va’da qilayotgan siyosiy o‘sish, kurash, hurmat, demokratiya, degan narsalar hali beri bo‘lmaydi. Deputat sizni, siz ularni tanimaysiz. Saylovchi, ya’ni ODAMLAR esa siyosatgayam, deputatgayam ishonmaslikda davom etaveradi.

Isomiddin PO‘LATOV

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Yumshoq odamlar»: bundaylar partiyalarga kerakmi?