17:00 / 23.11.2019
2 225

Ekspert: Talaba o‘qishni bitirganidan keyin qancha oylik olishini bilishi kerak

Ekspert: Talaba o‘qishni bitirganidan keyin qancha oylik olishini bilishi kerak
Loyiha boshqaruv milliy agentligi qoshidagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Biznes va boshqaruv respublika oliy maktabi direktori Rustam Abduraupovga ko‘ra, O‘zbekistonda milliy malaka darajasi, professional standartlar jahon darajasida ishlab chiqilsa, ma’lum bir talaba qaysidir mutaxassislikni egallagandan keyin mehnat bozorida taxminan necha pul topishini oldindan biladi.

U bu haqda Davlat boshqaruvi akademiyasida o‘tkazilgan “Yangilanayotgan jamiyatda yoshlarning ijtimoiy faolligi: muammo va yechimlar” mavzusidagi konferensiyada aytib o‘tgan.

“Qaysi mutaxassislikni egallasa, kelajakda qancha pul topishini oldindan bilgandan keyin hisob-kitob qilsa bo‘ladi. Shunda ta’limga sarflanadigan pullar xarajat sifatida emas, balki investitsiya sifatida qabul qilinadi. Masalan, abituriyent Diplomatiya universitetiga kiradigan bo‘lsa, bitirganidan keyin qancha oylik olishi, universitetda o‘qish uchun sarflagan pulini necha yilda qaytarib olishini bila oladi. Butun dunyoda shunaqa. Bizda ham shu tizim joriy etilsa ko‘plab muammolarga yechim topiladi”, - dedi Rustam Abduraupov.

Mazkur masala yuzasidan prezident maslahatchisining birinchi o‘rinbosari, Yoshlar ittifoqi raisi Alisher Sa’dullayev o‘z munosabatini bildirib o‘tdi:

Alisher Sa’dullayev

“Nega xorijda ta’limga sarflanadigan xarajatga investitsiya deb qarashadi? Bu orqali inson kelajakdagi oyligi, pul topishini belgilab olishi mumkin. Nega bu narsani O‘zbekistonda qila olmaymiz, degan savol tug‘ilishi mumkin. Kelinglar shu tizimga o‘taylik, degan taklif mantiqan to‘g‘ri. Xorijda ta’limga sarflanadigan pulga xarajat emas, investitsiya deb qaralishining sababi - u yerda oliy ta’lim tizimida xususiy sektor vakillari davlat sektori bilan juda ham yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.

Misol uchun, dunyoga mashhur Harvard, Stenford universitetlari, Massachusets texnologiya instituti, Uorton biznes maktabi – hammasi xususiy. Dunyodagi top-10 ro‘yxatiga kirgan universitetlarning aksariyati xususiy. Ular o‘zining kontraktini mustaqil tarzda belgilaydi va universitetni bitirib chiqqandan keyin yiliga qancha pul topishiga kafolat beradi. Bizda asosiy ishni davlat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan qilgani uchun ko‘p masalalar yuzaga keladi. Mana, bizda ham sekin-asta oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik tizimi yo‘lga qo‘yilyapti. Bu hozircha boshlang‘ich bosqichlarda, men o‘ylaymanki, ma’lum vaqtdan keyin xususiy universitetlarning soni ham ko‘payadi”, - degan Alisher Sa’dullayev.

Sa’dullayevning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida ham oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek investitsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta’limda raqobat muhitini yaratish ko‘zda tutilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ekspert: Talaba o‘qishni bitirganidan keyin qancha oylik olishini bilishi kerak