date
views 3 388

Hokimlar bundan buyon istagan odamiga mashina, uy sovgʻa qilolmaydi

Hokimlar bundan buyon istagan odamiga mashina, uy sovgʻa qilolmaydi
Ijtimoiy tarmoqlarda ilgʻor paxtakorlar, paxta terimi rejasini bajargan klaster rahbarlari, uch va undan ortiq egiz farzand koʻrgan oilalar, iqtidorli yigit-qizlarga avtomobil, uy sovgʻa qilinishi, hokimlar ularni kimning hisobidan berayotgani koʻplab muhokamalarga sabab boʻlmoqda.

Moliya vazirligi davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshligʻi Jamshid Abruyevning aytishicha, bundan buyon hokimlar istagan odamiga mashina, uy sovgʻa qilolmaydi, faqatgina mahalliy kengashlar maʼqullagan yoʻnalishlarga qoʻshimcha daromadlarni ishlatishlari mumkin.

“Bundan keyin mahalliy hokimliklar faqatgina mahalliy kengashlar maʼqullagan yoʻnalishlarga qoʻshimcha daromadlarni ishlatishlari mumkin. Ijtimoiy tarmoqlarda koʻrdik - hokimlar uy-joy, mashinalarni qayerdan olib berayotgani haqida jamoatchilikda savollar tugʻilyapti. Bular qoʻshimcha daromadlar hisobidan olindi, deyishlari mumkin. Mahalliy hokimliklarning qoʻshimcha daromadlari ham baribir mahalliy byudjetning mablagʻi.

“2020-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi qonunning 20-moddasi bilan byudjet mahalliy byudjet kengashida qanday tasdiqlansa, qoʻshimcha daromadlar ham xuddi shu tartibda tasdiqlanishi kerak degan norma kiritildi. Bu byudjet intizomini tartibga soladi”, dedi Jamshid Abruyev.

Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshligʻining qoʻshimcha qilishicha, hokimlarga favqulodda vaziyatlardagi kichik xarajatlar uchun mablagʻlarni mahalliy byudjetdan olishga ruxsat berilyapti. Bunda ham pullar nimaga sarflangani haqida har chorakda hisobot topshirilishi shart. Ammo favqulodda xarajatlar uchun deb mahalliy byudjet puliga uy, mashina olisholmaydi, faqatgina taʼmirlash va boshqa shunga oʻxshash holatlarga xarajat qilishlari mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Hokimlar bundan buyon istagan odamiga mashina, uy sovgʻa qilolmaydi