20:08 / 18.12.2019
2 892

Romitanlik qaynona: Qiz tuqqanlarga ta’zim qilaman

Romitanlik qaynona: Qiz tuqqanlarga ta’zim qilaman
Bu kechmishni so‘zlamoq ham og‘ir, ham... faxr. Rohila Azimova Romitan tumanidagi Poyjo‘sh qishlog‘ida yashovchi Ahadjon Rahmonov bilan turmush qurganida nafaqat Peshkuning, balki Buxoroning eng suluv qizlaridan edi. Kelin bo‘lib tushganidan sag‘al vaqt o‘tmay qaynonasi vafot etdi. “Qizim, ortimda bir emas, olti nafar qayniukalaringiz qolayapti. Ularni Sizga ishonaman. Ko‘ngillarini og‘ritmang. Onalik qiling”, — dedi qaynonasi umri xuddi sham kabi so‘nayotgan lahzada.

Rohila vasiyatga amal qildi. Ukalaridan mehrini ayamadi. Ona o‘rnida oq yuvib, oq taradi. Bu orada o‘zi ham farzandli bo‘ldi. Uch o‘g‘il ko‘rdi.

— Maktabda boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi edim, — deya eslaydi u. — Dard degani so‘rab kelmas ekan. Xastalanib yotib qoldim. 27 yildirki, to‘shakdaman. Ikki oyog‘im ishlamaydi. Taqdir oyog‘imni olgan bo‘lsa ham aqlimni ololgani yo‘q. Yaratganning o‘zi menga shunday sadoqatli yor ato etganiga shukronalar qilaman. Uchala o‘g‘lim ham mehribon. O‘qib-ulg‘ayib el-yurt koriga yaraydigan bo‘lib voyaga yetishdi. Har tongda “Onajon, yaxshi yotib, turdingizmi? Salomatligingiz qanday?” deyishganida uzoq yillik dardlarim unut bo‘ladi. Men xastaligim bois ularga o‘z qo‘lim bilan mazali ovqatlar pishirib bera olmayapman, kiyimlarini yuvolmayapman. Shunga qaramay ular “Farishtaday onamiz bor” deb mendan faxrlanishadi.

Ikki kelinim bor. Ikkalasi ham oqila. Atrofimdan nari ketishmaydi. Ba’zan “Qizim, onangiznikiga borib, bir-ikki kun turib keling” desam, “Yo‘q, Sizni yolg‘izlatib qo‘ymaymiz” deyishadi.

Men uch o‘g‘ilni tug‘ib, voyaga yetkazdim. Lekin kelinlarimning mehr-oqibatini ko‘rib, qiz tuqqanlarga ta’zim qilaman.
Onaxon shu so‘zlarni aytganida zal larzaga keldi. Yig‘lamagan ham yig‘ladi.

Darvoqe, biz bu onaxon bilan Romitan tuman hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan o‘ziga xos tadbirda uchrashdik. Yosh oilalar o‘rtasidagi ajrimlar oldini olish, yoshlar ongiga “Oila – muqaddas” degan tushunchani singdirish kabi maqsadlarni o‘z oldiga qo‘ygan noan’anaviy tadbirga boshqalar qatori Rohila opa ham taklif qilingan edi.

— Hududimizda 17 mingtadan ziyod yosh oila bor, — deydi unda so‘z olgan tuman hokimi X. Tohirov. — Turli vajlar bilan ajralish yoqasiga kelgan oilalar ham afsuski, uchramoqda. Hozirgacha ularning 75 tasi yarashtirildi. Joylarga chiqib shunday notinch oilalar bilan uchrashayapmiz. Kuzatishlar ko‘rsatayaptiki, aksariyat oilaviy nizolarga arzimas vajlar, “dedi – dedi”lar sababchi bo‘layapti. Yaqinda “Bog‘iturkon” hududidagi shunday oilalardan biri bilan suhbat o‘tkazdik. Qaynona kelinning so‘zlarini, bir-biriga qilgan ta’nalarini eshitib, ochig‘i, xo‘rliging kelib ketadi. Biz, avvalo, bolalarimizni qobil farzand qilib tarbiyalash haqida o‘ylashimiz kerak. Agar shunga erisha olsak, ular huzur-halovatini ko‘ramiz, jannatda yurgandek bo‘lamiz.

— Prezidentimiz Buxoroga qilgan tashriflari chog‘ida Buxoroni xotin-qizlar masalasida namunaviy hududga aylantirish yuzasidan topshiriq va tavsiyalar bergan edilar, — deydi viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin – qizlar qo‘mitasi raisi F. Ibragimova. — Bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilayapti. Noan’anaviy tadbirimiz shu xayrli yumushlarning mantiqiy davomidir. Biz bugun hech kimga “Yarashing”, “Nega o‘zaro kelishmay qoldilaring” demaymiz. Tadbirdan xulosa yasash o‘zlaringga havola.

Aytish joizki, yurakdan aytilgan so‘z nishonga tegadi. To‘planganlar uchun namoyish qilingan oilaviy ajrim fojeasi aks etgan film, tuman bosh imom-xatibi Bobir Jo‘rayev, hayot qiyinchiliklarini yengib kelayotgan Rohila Azimova va boshqalarning ta’sirchan so‘zlari ajralish yoqasida turgan o‘nga yaqin juftlik fikrini o‘zgartirdi. Ular yarashishdi.

Tadbirda bu oilalarga va tadbir ishtirokchilari hamda hududida birorta ham jinoyat sodir etilmagan, ajrimlar ro‘y bermagan 8 ta mahalla faollariga sovg‘alar berildi. Shuningdek, tegishli tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazilib, yosh oilalarni qiynab kelayotgan masalalarga yechim izlandi.

Istam IBROHIMOV

Manba: "Xalq so‘zi"

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Romitanlik qaynona: Qiz tuqqanlarga ta’zim qilaman