date

Ko‘zi yonib turgan Ilhomlar ko‘payaversin

Ko‘zi yonib turgan Ilhomlar ko‘payaversin
Yaqinda bo‘lgan voqea. Ishdan qaytayotib, yo‘ldagi supermarketga to‘xtadim. Kerakli narsalarni xarid qilib, endi mashinaga o‘tirib ketayotgandim, bir bolakay yugurib keldi va “Aka, falon joygacha olib borib qo‘ying”, dedi. Yo‘lim bo‘lganligi uchun, “o‘tiring” dedim.
Mashinaning oldiga o‘tirgach, yo‘lga chiqdik. Bola cho‘ntagini kavlab, so‘z boshladi:

– 2 ming so‘m bersam bo‘ladimi?
– Yo‘g‘-yey, qo‘yavering, pulingiz shartmas.

– Olavering, aka, siz ham ko‘chaga bola-chaqamni boqaman deb chiqqansiz-ku.
Bolaning hozirjavobligi zavqimni keltirdi va kulib yubordim. Uning suhbatini olgim keldi.

– Nechanchi sinfda o‘qiysiz?
– 6-sinfda, lekin hozir ishlayapman.

– Qayerda ishlayapsiz?
– Paynet’da, programmistga shogird tushganman.

– Nima ish qilasiz uyoqda?
– Har xil ishlar. Paynetdan pul to‘layman, telefonlarga qo‘shiq, programma yozaman, 3x4 rasm chiqaraman, fotoshop qilaman, laminatsiya, kserokopiya qilaman.

– Rasmga ham o‘ziz olasizmi?
– Ha, o‘zim. Bu ishlar uncha qiyinmas. Agar mabodo kimdir qiyinroq ish so‘rab chiqib qolsa, unda ustozimni kutib turishini aytaman.

– Oylik ham beradimi ustozingiz yoki shunchaki yordam berasizmi?
– Yo‘q, oylik beradi. Kuniga 10 ming so‘mdan.

– Oyiga 300 ming so‘m bo‘larkanda?
– Ha, shunaqa. Menga bo‘ladida shu pul, aka. Maktabga ust-boshim, daftar-kitobimni qilib olaman.

– Iya, albatta. Shu pulga 1 oy ishlayotgan kattalar ham ko‘pku. Birinchi yil ishlashingizmi?
– Yo‘q, o‘tgan yili ham ishlaganman.

– 5-sinfligingizda nima ish qilgansiz?
– Somsaxonada ishlaganman.

– Nima ish qilgansiz u yerda?
– Shu, xamir qorib, somsaga qolip ochishga, somsa tugishga yordam berardim.

– O‘tgan yili ham oylik olganmisiz?
– Ha, olganman. 200 ming so‘m.

– Iya, unda oyligingiz 100 ming so‘mga ko‘tarilibdi-da?
– Ha, shunaqa, oyligim oshdi. Bu ham mayliyu, o‘tgan yilgi ishim qiyin edi. Yozda somsaxona juda isib ketardi, nafas olish qiyinlashib ketardi. Hozir konditsionerli xonada, salqinginada ishlab o‘tiribman, ishim ham uncha qiyinmas. Lekin o‘tgan yili yaxshi tomoni, har kuni hovuzda suzardim (kuladi).

– Qoyil. 4-sinfligingizda nima qilgansiz?
– 4-sinfligimda parkda ishlaganman. Akalarimga yordam berganman. Yosh bolalarni kichkina o‘zi yurar mashinalarda aylantirib chiqardim.

– Akalaringiz oylik berishganmi?
– Yo‘q, lekin maktabga ust-boshimni qilib berishgan.

– 3-sinfligingizda nima qilgansiz? (ajablanib so‘rayman)
– U paytda ishlamaganman, 4-sinfdan ishlashni boshladim.

– Maktab paytida ham ishlaysizmi? O‘qishingizga xalaqit qilmaydimi bu?
– Ota-onam maktab payti ishlashga ruxsat berishmaydi. Maktab payti to‘liq darslarga boraman. Faqat yozgi ta’tilda bo‘sh o‘tirmay deb, ishlayapmanda. Hunar o‘rgansam o‘zim uchun yaxshi-ku, aka.
Shu gaplarni aytar ekan, bolakayning ota-onasiga ichimda ming rahmat aytdim. Farzandining o‘qishini birinchi o‘ringa qo‘yadigan, ota-onalarni ko‘rsam, eshitsam, xursand bo‘lib ketaman.

– O‘qishingiz yaxshimi o‘zi? Necha bahoga o‘qiysiz?
– Ha, yaxshi, 4-5 bahoga o‘qiyman. Maktabimni yaxshi ko‘raman, ustozlarimiz ham yaxshi.
Shu joyga kelganda, bola aytgan manzilga yetib keldik. Tushar ekan, 2 ta ming so‘mlikni uzatdi. “O‘zingizga olib qo‘yavering, rostdan yo‘l-yo‘lakay olib keldim”, dedim. “Rahmat, aka, umringizdan baraka toping”, deya mashinadan tushib, uzoqlasha boshladi.

Shunda birdan yodimga tushdiyu, shoshilib “Ismingiz nima?” deb so‘radim. “Ilhom”, dedi uzoqdan.
* * *
Bilimni birinchi o‘ringa qo‘yadigan, maktabini sevadigan, lekin shu bilan bir qatorda zaruriyat tug‘ilganda mehnatdan qochmaydigan, ota-onasiga, oilasiga yordam bo‘lsin deb, kasb va hunarga mehr qo‘ygan, shijoatli, sofdil va eng asosiysi kelajakdan katta umidi bor, ko‘zi yonib turgan Ilhomlar ko‘payaversin, deb niyat qildim.

Xushnudbek Xudoyberdiyev

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ko‘zi yonib turgan Ilhomlar ko‘payaversin