date
views 3 203

Ayrim davlatlar Xitoy bilan chegarasini yopib, viza cheklovlari o‘rnatdi. O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?

Ayrim davlatlar Xitoy bilan chegarasini yopib, viza cheklovlari o‘rnatdi. O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?
Yangi turdagi koronavirus shiddat bilan tarqalib bormoqda. Epidemiya tarqalishining oldini olish uchun Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Mo‘g‘uliston va Malayziya Xitoy bilan chegarasini yopdi. Yana qator davlatlar Xitoy fuqarolariga nisbatan viza cheklovlarini joriy etdi. Xitoy turizmining asosiy yo‘nalishlari ham noma’lum muddatga to‘xtatildi.

Xo‘sh, O‘zbekiston bunday vaziyatda qanday yo‘l tutadi? Biz ham chegaralarni yopishimiz kerakmi?
Bu savolga javob olish uchun Sog‘liqni saqlash va Tashqi ishlar vazirliklari hamda Davlat bojxona qo‘mitasi mas’ullari bilan bog‘landik.

Alisher Shodmonov, Sog‘liqni saqlash vaziri:
– Mazkur koronavirusga qarshi kurash doirasida biz nafaqat Xitoydan keluvchilar, balki barcha yo‘nalishlardan davlatimiz hududiga kirib keluvchi yo‘lovchilarni qat’iy nazoratdan o‘tkazayapmiz. Chegara punktlari teplovizorlar bilan jihozlangan, virus tashishi mumkin bo‘lgan mahsulotlar jiddiy tekshiruvdan o‘tkaziladi. Aynan virus tarqalgani qayd etilgan hududlardan tashrif buyuruvchilar va kasallikning har qanday belgisi kuzatilgan fuqarolar alohida nazoratga olinadi. Yuqumli kasalliklar shifoxonalarida hududga ko‘ra alohida o‘rinlarni shay holda tayyorlab qo‘yganmiz, zarur dori-darmon zaxiralari yaratilgan.

Endi chegarani yopish masalasiga kelsak, bu chorani qo‘llash vazirligimiz vakolatida emas. Ammo bu borada o‘z fikrimni aytadigan bo‘lsam, ayni paytda, ya’ni 30 yanvar holatida mamlakatimiz hududida bunday kasallikka chalinish holati birorta ham kuzatilmaganligiga qaramasdan ehtiyot choralarini ko‘rishimiz lozim.

Shaxsan o‘zim yurtimiz fuqarolarining Xitoyga borishini cheklash bilan bir qatorda, xitoyliklar va boshqa xorijiy davlatlar fuqarolarining ushbu mamlakatdan yurtimizga kirib kelishini vaqtinchalik cheklash tarafdoriman. Chunki, ushbu virusning havo-tomchi yo‘li bilan o‘tishi, odamdan odamga yuqishi, bundan tashqari, kasallik belgilarining yashirin davri 14 kun davom etishi kasallik tarqalish xavfini keskin oshiradi.

Qolaversa, hatto tibbiyoti rivojlangan AQSH, qator Yevropa davlatlari, Osiyoning taraqqiy etgan mamlakatlarida ham bu kasallik kuzatilayotganligi vaziyatning naqadar jiddiyligini ko‘rsatib turibdi.

Nurbek Salomov, Davlat bojxona qo‘mitasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i:
– Xitoy Xalq Respublikasi bilan chegaradosh bo‘lgan Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari bilan O‘zbekiston Respublikasini bog‘lab turuvchi barcha chegara-bojxona postlari, shuningdek, xalqaro aeroportlarda fuqarolarni bojxona nazoratidan o‘tkazish jarayoni qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizga sifatli mahsulotlar kirib kelishini ta’minlash maqsadida tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan import qilinadigan mahsulotlarni bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish tegishli idoralar tomonidan beriladigan ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va sertifikatlar asosida amalga oshiriladi.

Tashqi ishlar vazirligi taklif kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda
«O‘zbekiston koronavirus tufayli Xitoy fuqarolariga viza berishni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqayaptimi?» - degan savol bilan Tashqi ishlar vazirligi vakili bilan bog‘langanimizda u ayni bu masala o‘rganilayotgani va taklif kiritilish arafasida ekanligini bildirdi.

Mas’ullar bilan bog‘langanimizda faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi qat’iy pozitsiyada ekani ma’lum bo‘ldi, qolgan yo‘nalishlarda ish odatdagi tartibda olib borilmoqda. 30 yanvar holatiga Xitoyning aholisi virusdan zararlanmagan hududi qolmaganligi, kasallanganlar soni 8 ming, vafot etganlar 170 nafardan oshgani vaziyatning jiddiyligini isbotlagani holda, favqulodda holatlarda favqulodda choralar qo‘llash zaruratini anglatadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ayrim davlatlar Xitoy bilan chegarasini yopib, viza cheklovlari o‘rnatdi. O‘zbekiston qanday yo‘l tutadi?