08:00 / 01.02.2020
3 177

O‘zbekiston fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagani ma’lum qilindi

O‘zbekiston fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagani ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi mamlakatda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida barcha zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotganini bildirdi.

Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish maqsadida 28 yanvar kuni Vazirlar Mahkamasida bosh vazir boshchiligida Epidemiyaga qarshi kurash favqulodda komissiyasining yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda qilinayotgan ishlar muhokama qilinib, qo‘shimcha amalga oshirilishi kerak bo‘lgan profilaktik chora-tadbirlar belgilanib ijroga qaratildi.

29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoyishi qabul qilindi.

“Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida tashkil qilingan shtab 24 soat davomida faoliyat olib bormoqda. Agentlik mutaxassislari tomonidan ishonch telefonlari orqali koronavirusning oldini olish borasida Xitoydan kelayotgan va o‘qiyotgan talabalar va ularning ota-onalari, tadbirkorlar va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirishlar va tavsiyalar berib borilmoqda”, deyiladi xabarda.

Xabarda aytilishicha, 31 yanvar kuni Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida koronavirus infeksiyasi etiologiyasi, klinikasi va profilaktikasi hamda kasallikka gumon qilinganda tibbiy xodimlarning tezkor harakatlari mavzuida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, viloyatlar Sog‘liqni saqlash boshqarmalari va Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash Bosh boshqarmasining reanimatologlari, infeksionistlari va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlarining epidemiologlari o‘rtasida o‘quv-seminari o‘tkazildi. Barcha ma’muriy hududlarda reanimatolog, infeksionist, epidemiologlardan iborat 3 tadan tezkor harakatlar brigadalari tashkil etildi, shuningdek mazkur o‘quv-seminarda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining vakillari ishtirok etishdi.

Ma’lumot berilishicha, 31 yanvar kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga xorijdan 38 ta samolyot uchib kelib, 4194 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan, shulardan 84 nafari Xitoyda o‘qiydigan talabalardir. Termometriyadan o‘tkazilgan fuqarolar orasida Rossiyadan uchib kelgan bir nafar fuqaroda tana harorati yuqoriligi aniqlangan, shifokorlar tomonidan epidemiologik surishtiruv o‘tkazilganda tana harorati ko‘tarilgan bemor koronavirus kasalligiga gumon qilingan yoki bu kasallik bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lmaganligi aniqlangan.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy SESiga qarashli 6 ta SKPdan 5 ta poyezdda 953 nafar fuqaro o‘tgan va ular orasida tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Toshkent viloyatining “G‘isht-ko‘prik”, “Oybek”, Surxondaryoning “Ayraton”, “Gulbahor” va Daryo porti hamda Andijon viloyatining “Do‘stlik” SKPlari orqali 2158 ta avtotransport, 23570 nafar fuqaro o‘tkazilgan, ular orasida yuqumli kasallikka gumon qilingan bemorlar aniqlanmagan.

“Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olib kelingan, namunalar orasida koronavirus virusi topilmadi. Bugungi kunga qadar respublika fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmadi.

Xitoy Xalq Respublikasida koronavirus infeksiyasi bo‘yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikning respublika hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan”, deyiladi agentlik xabarida.

31 yanvar holatiga Xitoyda jami 9720 nafarni tashkil qilgan, 1500 nafar kishi og‘ir holatda davolanmoqda, 213 nafar kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ekspertlarining bildirishicha, Xitoy Xalq Respublikasining barcha provinsiyalarida koronavirus kasalligi tarqalib ulgurgan. 30 yanvar kuni JSST Xitoydagi koronavirus infeksiyasi epidemiyasini favqulodda holat deb tan oldi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Xalqaro tibbiy sanitariya qoidalari saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, 31 yanvar kuniga koronavirus infeksiyasiga chalinish dunyoning 20 ta davlatida qayd etilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagani ma’lum qilindi