
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 2010 yil 24 noyabrda vafot etgan marhum Abdumuminov Yusuf nomiga 2011 yil 31 dekabrda tuman hokimining yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qaroriga imzo chekilgan. Marhum vafotidan bir yil o‘tib, uning nomiga qaror chiqarish kimga kerak bo‘ldiki, bugun bu xato tufayli ikki tadbirkor aziyat chekmoqda.
“Nasafnews”ga murojaat yo‘llagan tadbirkor Ungboy Eshmirzayev unga tadbirkorlik qilish maqsadida berilgan yer maydonida yuqorida ismi zikr etilgan marhumning qizi Gulhayo Abdumuminova tomonidan qurilish ishlari olib borilganligi, aslida Gulhayo Abdumuminovaga berilgan qaror haqiqiy emasligini yozadi.
Muxbirimiz holatga aniqlik kiritish va tomonlarning e’tirozlarini tinglash, mutasaddilardan vaziyat bo‘yicha izoh olish maqsadida Chiroqchi tumanida bo‘ldi.

Aslida mavzu ancha chigal. Haq-huquqini talab etib tadbirkor bir qancha OAVlarga ham murojaat etgan. Jumladan 2019 yilning may oyida “Daryo.uz” saytida ham vaziyat bo‘yicha tanqidiy maqola e’lon qilingan. Ungboy Eshmirzayev Daryoga Chiroqchi tuman prokurori Bahodir Xudoyqulovning qilgan xatosi tufayli so‘nggi ikki yil davomida sarson-sargardon bo‘lgani yuzasidan shikoyat qilgan. O‘ngboy Eshmirzayev Bosh prokuror va viloyat prokuroriga yana murojaat qilib, asossiz kiritilgan tuman prokurori protestining bekor qilingani xususida rasmiy hujjat so‘raydi. 2019 yil mart oyida viloyat prokuraturasi tomonidan tuman prokurorining xato qilgani tan olinadi. Ammo muammo shu bilan to‘xtamaydi.

Hech kim hokimlik vafot etgan shaxsga yer maydoni ajratgani bilan qiziqib ko‘rmaydi. Bugun esa murojaat egasi buning qanchalik haqiqatga yaqin ekani bilan qiziqmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil yanvar oyining 10 kunida Chiroqchi tuman sudining 2019 yil 24 iyundagi hal qiluv qaroridan norozi bo‘lib, javobgar Gulhayo Abdumuminova tomonidan keltirilgan apellyatsiya tartibidagi shikoyati ko‘rib chiqilgan.
Sudda da’vogar Chiroqchi tuman hokimligi javobgar U.Abdumo‘minovga nisbatan da’vo ariza bilan murojaat qilib, unda Chiroqchi tumani Bulsuvar qishlog‘ida o‘zboshimchalik bilan qurilgan 8/6 o‘lchamdagi ikki qavatli binoni buzdirishini so‘ragani to‘g‘risidagi 2019 yil 24 iyundagi hal qiluv qarori bekor qilingan va yangi hal qiluv qarori qabul qilingan. Arz qiluvchi uchinchi shaxs Eshmirzayev Ungboyning da’vo talabi ham rad etilgan.

Ungboy Eshmirzayev
- Sudda sudyalarga savol berdim, ammo ular meni tinglamadi, savolimga javob bermadi, o‘sha yerda prokurorlar ham advokatlar ham bor edi,- deydi Ungboy Eshmirzayev. Ulardan qanday qilib vafot etgan shaxsga berilgan qaror haqiqiy bo‘lishi mumkin ekanligini so‘radim. Gulhayo Abdumo‘minova menga qaror asosida berilgan yer maydonida qurilish qilgan, biroq unga qurilish qilishga ruxsat berilmagan. Berilgan ruxsat marhumning nomida turibdi. Gulhayo esa bu qaror haqiqiy deb yuribdi.

Gulhayo Abdumuminova
– Ungboy Eshmirzayev ikki martta sudda yutqazdi, uning talabi noo‘rin, - deydi Gulhayo Abdumuminova. Yer maydoni ajratish to‘g‘risidagi qaror uchun hamma hujjatlarni otamning o‘zi tayyorlagan, ammo bugun sog‘ligidagi muammo tufayli oramizda yo‘q. Hokimiyat ham adashishi mumkin-ku, ammo bu bilan mening qo‘limdagi qaror soxta bo‘lib qolmaydi. Hamma mutaxassislar bilan gaplashdim, ularning hech biri qarorimni soxta demadi.
“Nasafnews” ikkala tadbirkorni tinglash bilan birga qaror yuzasidan hokimlik mas’ullariga ham yuzlandi. Tuman hokimligi axborot xizmati qaror bundan 9 yil oldin chiqarilgani va o‘sha paytda tizimda boshqa kadrlar ishlaganini aytar ekan, qarorning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi borasida mutaxassislar javob berishini ta’kidladi.
Shundan so‘ng, Tuman qurilish bo‘limi mutaxassisi, arxitektor To‘lqin Umrzoqov holatga quyidagicha izoh berdi:

To‘lqin Umrzoqov
- Tadbirkor Gulhayo Abdumuminovaning ikki qavatli savdo do‘koni noqonuniy qurilgan.Chunki Ungboy Eshmirzayev bu yer maydonini 2018 yil fevral oyida o‘tkazilgan ochiq tanlovda 55-ob’ektni yutib oladi. So‘ngra, tuman hokimining 2018 yil 14 maydagi qaroriga muvofiq tanlov g‘olibi O‘ngboy Eshmirzayevga 48 kv/metr yer aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurish uchun ajratib beriladi. Biroq 2010 yil vafot etgan shaxs nomiga bir yil keyin berilgan qaror bilan 2018 yilda Gulhayo Abdumuminova qurilish qilyapti. Bu qanchalik to‘g‘ri? Shu savolni har doim ko‘ndalang qo‘yyapmiz, lekin hech kim aniq javob berolmadi.

Bekzod Karimov
– Bizga bir necha martta murojaat qilishgan, biz bu murojaat nizoli bo‘lgani uchun sudga chiqarganmiz, – deydi Tuman kadastr bo‘limi mutaxassisi Bekzod Karimov. Endi marhum masalasida gapiradigan bo‘lsam, vafot etguncha u hamma hujjatlarni tayyorlagan, lekin u vafot etgandan keyin qaror marhum deb chiqishi kerak edi.
Mutaxassis Bekzod Karimovning izohini rad etgan arxitektor To‘lqin Umrzoqovning aytishicha, tadbirkorlik ob’ekti qurish uchun marhum nomiga qaror chiqarish mumkin emas, uy-joylarga ajratish mumkin. Shundan so‘ng, notarius orqali yaqin qarindoshlari nomiga o‘tkazib beriladi.
Holatga huquqiy bahoni Chiroqchi tuman hokimligi huquqshunosi Xurshid Bo‘ronov berdi.

Xurshid Bo‘ronov
– Sud jarayonida Ungboy Eshmirzayev qarorni olib kelib tanishtirdi. Men o‘shanda vaziyatni to‘liqroq o‘rganib chiqdim. Bunga sabab qilib hujjat tayyorlash marhumning tirikligi vaqtida boshlangani va hokim qaror loyihasi tayyorlashga o‘sha yillarda ko‘p vaqt talab etilishini keltirishimiz mumkin. Lekin hokimlik mas’ullari qaror tayyorlashdan oldin marhumning oilaviy holati bilan tanishib ko‘rmagan va bilmagan holda qaror chiqarib bergan deb hisoblayman. Qonunchilikka ko‘ra, vafot etgan shaxs nomiga tadbirkorlik obekti qurish uchun yer maydoni ajratish mumkin emas.
Ikki tadbirkor o‘rtasida yillar davomida yuzaga kelgan mojarodan Tuman hokimligi-yu, viloyat prokuraturasining ham xabari bor. Lekin ularning muammoni yechishda boshi qotgan. Marhum vafotidan 1 yil o‘tib berilgan qarorni sud ham noqonuniy deb topmagani bizda qator savollarni tug‘diryapti.
- Men mutaxassis yoki huquqshunos emasman, hech kim menga qaroring noto‘g‘ri deb aytmagan, - deydi Gulhayo Abdumuminova. Savdo do‘konimni qurish uchun anchagina mablag‘ sarfladim, hali mablag‘larimni o‘rnini qoplamasdan uni buzib tashlaymiz deyishsa nima qilishim kerak. Nega qurilish ishlari boshlanganda menga biror mas’ul ogohlantirish bermasdan endi buzib tashlaymiz deyishadi. Qolaversa, sud mening foydamga hal qiluv qarorini chiqarib turganda, qanday qilib Ungboy Eshmirzayev gaplarida haqiqat bo‘lishi mumkin.
Yuqoridagi nizoli holat bo‘yicha har ikki tomonning ham fikrini tingladik, ularning hujjatlari bilan tanishib chiqdik. Ikkala tadbirkor ham haq. Birining manfaatini himoya qilaman deb yana biri jabr ko‘rishi aslida mantiqqa zid. Hokimiyat tizimining so‘roq-istaksiz vafot etgan shaxsga oradan bir yil o‘tib qaror chiqarib berishi natijasida bugun ular sarson bo‘lmoqda.
Xo‘sh, muammo qanday yechiladi, balki yuqordagi mutasaddilar ham yana bir bor tadbirkorlarni murosaga keltirish va muammoni yechish bilan qiziqib ko‘rar… “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar