18:28 / 02.03.2020
4 042

«Qariyb 19 ming fuqaro avtomashina ololmagan» — «Avto 60 oy» bilan bog‘liq jinoyat ishining yangi tafsilotlari

«Qariyb 19 ming fuqaro avtomashina ololmagan» — «Avto 60 oy» bilan bog‘liq jinoyat ishining yangi tafsilotlari
Foto: «Kun.uz»
Keng jamoatchilikning qizg‘in muhokamalariga sabab bo‘lgan «Avto 60 oy» MCHJ mansabdorlari 18 ming nafardan ziyod mijozlardan avtomashina olib berish maqsadida turli miqdorlarda mablag‘ olgan. Ammo ularning bor-yo‘g‘i 96 nafariga transport vositasi yetkazib berilgan. Bu haqda 2 fevral kuni Toshkent shahridagi Interpol milliy markaziy byurosida IIV Tergov departamenti tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

«Daryo» nashrining xabar berishicha, tadbirda «Avto 60 oy» MCHJ mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari va shunga oid yangi tafsilotlar ochiqlandi.

«Mazkur jinoyat ishi 2019 yilning 12 oktabrida Jinoyat kodeksining 188-moddasi 1-qismi bilan qo‘zg‘atilgan. Bunga UzAutoMotors AJning IIVga ushbu MCHJning fuqarolarga foizsiz pulini 5 yil (60 oy) muddatga bo‘lib to‘lash sharti bilan shubhali faoliyat ko‘rsatayotganligini bildirib, yo‘llagan murojaati yuzasidan tergovga qadar surishtiruv vaqtida aniqlangan holatlar asos bo‘lgan.

Foto: IIV Tergov departamenti
Ma’lum bo‘lishicha, J.B, O.M, E.Q. va M.G.lar «Avto 60 oy» MCHJ ta’sis etib, odamlarga avtotransport vositalarini foizsiz 5 yil muddatga, bo‘lib to‘lash sharti bilan olib berishni va’da qilgan. Ular o‘z faoliyatini reklama qiluvchi flayerlarni transport vositasi turiga qarab 2 million so‘mdan 10 million so‘mgacha sotib, zimmasidagi majburiyatni to‘liq bajarmaydi. Fuqarolarning shartnoma tuzish orqali tushgan pullarini jamiyat faoliyatini reklama qilishga sarflab, 18 ming nafardan ziyod odamlarning mablag‘larini jamiyat hisob raqamiga tushirilishiga erishishgan.

Jami 18 ming 818 nafardan ortiq mijozlar tomonidan jamiyatga to‘lov qilingan 57 milliard 412 million so‘m puldan bor-yo‘g‘i 130 ta avtomashinani sotib olib berish uchun «Qibray avto-moto servis» MCHJga 24 milliard 6 million so‘m qismini ko‘chirib berish bilan kifoyalangan. Shu tariqa 96 nafar mijozga transport vositasi yetkazib berilgan xolos. Qolganlarga esa avtomashina olib berish yuzasidan majburiyatini bajarish uchun hisob raqamida yetarli pul mablag‘lari mavjud bo‘lmagan», — dedi Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Azizbek Dolixo‘jayev.

Foto: IIV Tergov departamenti
Anjumanda ta’kidlanishicha, jinoyat ishi bo‘yicha jami aniqlangan zarar 57 milliard 412 million so‘mni tashkil etadi.

Jabrlanuvchilarga yetkazilgan umumiy zararning undirilgan qismi 34 milliard 148 million so‘m bo‘lib, shundan naqd pul shaklidagisi 26 milliard so‘m, xatlangan mol-mulklar esa 8 milliard 148 million so‘mdan iborat. Hozirda 28 ta turli rusumdagi umumiy bahosi 2,1 milliard so‘mga teng bo‘lgan transport vositalarini xatlash choralari ko‘rilmoqda.

MCHJ rahbari J.B. va uning sheriklari o‘zlarining jinoiy faoliyatlari davomida Catalea Media MCHJ, «J.Baxodirov» YATT va Karat insurance MCHJlarni tashkil qilgan. Mazkur moliyaviy sub’ektlar ustav jamg‘armasini mijozlar tomonidan topshirilgan pul mablag‘lari evaziga shakllantirganliklari tufayli ushbu jamiyatlarga nisbatan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va yagona ish yurituvga birlashtirilgan.

Foto: IIV Tergov departamenti
Ish bo‘yicha ayblanuvchilar, ya’ni J.B, O.M. va E.Q.lar ayni paytda qamoqda saqlanmoqda. M.G.ga garov ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha hujjatli taftish yakuni bo‘yicha qolgan shaxslarning va jamiyatning viloyatlardagi filiallaridagi menejer hamda kassirlarining harakatlariga huquqiy baho beriladi.

«Jinoyat ishi bo‘yicha Tergov departamenti va uning quyi tizimdagi xodimlaridan iborat tergov guruhi tashkil etilgan bo‘lib, hozirda respublikaning barcha hududlarida tergov harakatlari olib borilyapti va departament tomonidan jamlanib kelinmoqda. Shu paytga qadar 17 ming nafar fuqaro so‘roq qilindi.

Foto: IIV Tergov departamenti
Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov muddati 5 oyga, ya’ni shu yilning 12 martiga qadar uzaytirilgan. Ayblanuvchilar tomonidan jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni undirish masalasi sud jarayonida hal etiladi», — dedi Azizbek Dolixo‘jayev.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Qariyb 19 ming fuqaro avtomashina ololmagan» — «Avto 60 oy» bilan bog‘liq jinoyat ishining yangi tafsilotlari