18:50 / 03.03.2020
4 942

«Avto 60 oy»dan jabrlanganlarga pullari qachon qaytariladi?

«Avto 60 oy»dan jabrlanganlarga pullari qachon qaytariladi?
Aziz Dolixo‘jayev
2 mart kuni Interpol milliy markaziy byurosida o‘tkazilgan matbuot anjumanida Tergov departamenti bo‘lim boshlig‘i Aziz Dolixo‘jayev «Avto oltmish oy» MJCH faoliyati bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar berdi.

«Jinoyat-protsessual kodeksi talablaridan kelib chiqadigan bo‘lsak, dastlabki tergov muddati 3 oy etib belgilangan. Ushbu muddat tegishli prokuror tomonida 5 oygacha, Bosh prokuror va uning o‘rinbosalarlari tomonidan esa 7 oygacha uzaytirilishi mumkin.

«Avto oltmish oy» MCHJ mansabdorlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov uchun belgilangan muddat 5 oygacha uzaytirilgan. 12 mart kuni ushbu muddat yakuniga yetadi. Lekin jabrlanuvchilarning hammasi so‘roq qilinmagani, barcha holatlarga oydinlik kiritilmagani sababli tergov jarayoni yana birmuncha vaqt oladi.

Sababi jabrlanuvchilarning soni juda ko‘p, ular respublikaning turli hududlarida yashaydi. Jinoyat ishi bo‘yicha Tergov departamenti va uning quyi tizimdagi xodimlaridan iborat tergov guruhi tashkil etilgan bo‘lib, hozirda respublikaning barcha hududlarida tergov harakatlari olib borilyapti va departament tomonidan jamlanib kelinmoqda.

Hozirgacha mazkur jinoyat ishi bo‘yicha qariyb 17 ming nafar fuqaro so‘roq qilindi. Jabrlanuvchilar to‘liq so‘roq qilinib, zarar miqdori aniqlangandan keyingina tergov yakunlanadi va ish sudga oshiriladi», deya uning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tergov departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – Jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi boshlig‘i Oybek Qulbekovning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda tergov muddatini 7 oy, ya’ni 2020 yil 12 mayga qadar uzaytirish chorasi ko‘rilmoqda.

«Qonun bilan dastlabki tergov muddati 7 oygacha uzaytirish mumkinligi ko‘rsatilgan. Undan ortiq uzaytirish imkoniyati yo‘q. Lekin bu jinoyat ishini 7 oygacha cho‘zib tergov qilamiz degani emas. Chunki jabrlanuvchilarni qiziqtirayotgan eng birinchi masala – «Avto oltmish oy» MCHJga to‘lov qilingan pullarni imkon qadar tezroq qaytarib olish. Shuning uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solganmiz.

Bizga bog‘liq bo‘lmagan bitta omil shuki, ayrim fuqarolarimiz tergovga kelishdan bosh tortishmoqda. Ular bilan lozim bo‘lgan tergov harakatlarini o‘tkazsak, jinoyat ishi bo‘yicha qilinishi kerak bo‘lgan boshqa texnik ishlarni yakunlab olsak, qisqa muddatlarda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha tergovni yakunlab, qaror bilan tegishli sudlov organiga oshiramiz», deydi u.

Matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri tergov jarayonida ushbu jinoyat ishi doirasida jabrlangan boshqa fuqarolar ham borligi aniqlansa, ular ham jinoyat ishi doirasida so‘roq qilinish-qilinmasligi bilan qiziqdi.

«Ayni paytda tergov hujjatlarida qayd etilgan 18 818 nafar fuqaro haqidagi raqamlar qayerdan paydo bo‘lgan? Bu jamiyatning tintuv harakatlari davomida olib qo‘yilgan moliyaviy-xo‘jalik faoliyatiga aloqador hujjatlar, mijozlar bilan tuzilgan shartnomalar, fuqarolarga tarqatilgan flayerlar tahlil qilinishi natijasida ushbu raqamlar kelib chiqqan. Hozirgacha salkam 17 ming fuqaro so‘roq qilingan. Bu ishga butun respublikadagi ichki ishlar bo‘limlarining tergov bo‘linmalari jalb etildi.

Fursatdan foydalanib, «Avto oltmish oy» MCHJga pul topshirgan fuqarolarga murojaat qilmoqchiman. Ular o‘zlari doimiy yoki vaqtincha yashaydigan hududdagi ichki ishlar organlarining tergov idoralariga murojaat qilishsa, ular ham so‘roq qilinib, taqdim qilgan hujjatlari va boshqa ma’lumotlari asosida jabrlanuvchi deb topilishi mumkin. Mazkur jarayonda aniqlanadigan holatlar jinoyat ishiga qo‘shiladi», dedi Oybek Qulbekov.

Avvalroq «Avto oltmish oy» MCHJ rahbari va uning sheriklari o‘zlarining jinoiy faoliyatlari davomida bir qator MCHJlarni tashkil qilgani, mazkur moliyaviy sub’ektlar ustav jamg‘armasini mijozlar tomonidan topshirilgan pul mablag‘lari evaziga shakllantirganliklari tufayli ushbu jamiyatlarga nisbatan ham jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgani va yagona ish yurituvga birlashtirilgani ochiqlangan edi.

Jinoyat ishi bo‘yicha gumonlanuvchilar ehtiyot chorasi sifatida qamoqda saqlanmoqda, bir nafar gumonlanuvchiga nisbatan «garov» ehtiyot chorasi qo‘llangan.

«Avto oltmish oy» MCHJ ta’sischisi va boshqa mansabdorlari fuqarolarga foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va’da qilib, odamlardan transport vositasi turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgani, 19 mingga yaqin mijozdan jami 57 milliard so‘mdan ortiq pul yig‘ilgani ma’lum qilingan edi.

Tergov departamenti «Avto oltmish oy» MJCH rahbari Jamshid Bahodirov jinoiy sxemani bir o‘zi o‘ylab topishga qodir emasligini ta’kidlagan. Uning jinoiy sheriklari bor va ayni vaqtda ularning sonini aniqlash davom etmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Avto 60 oy»dan jabrlanganlarga pullari qachon qaytariladi?