
Ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turish yoki turmaslik to‘g‘risida ma’lumotnoma berish... Biroz g‘alatiroq eshitiladi, to‘g‘rimi?
Lekin aynan shu ma’lumotnoma ayrim turdagi korxona va muassasalarda faoliyat boshlashda yoki ba’zi sohalarda sizning ruhiy kasal emasligingizga ish beruvchining ishonchi komil bo‘lishida juda muhim.
Ishi tushganlar biladi! Avvallari siz ushbu ma’lumotnomaga ega bo‘lish uchun yashab turgan joyingizdan Farg‘ona markaziga kelishingiz kerak bo‘lgan. Bunisi ham mayli... Agar siz Farg‘ona viloyati markazidan 120 km. uzoqlikdagi Beshariq tumani yoki quruqlikdagi orol deya e’tirof etiladigan anklav hudud — So‘x tumanida istiqomat qilsangiz-chi? Bir parcha qog‘ozni olish uchun kerak bo‘lsa haftalab, kunlab payt poylaganmiz. Bu haqiqat!
— Narkologiya va ruhiy kasalliklar dispanseriga borishning o‘zi xijolatli edi, — deydi So‘x tumanida istiqomat qiluvchi Muhammadsodiq Otajonov. — Chunki bu yog‘i o‘zbekchilik... Ming xijolatchilik bilan kirib borasiz u yerga. Biror tanishingiz ko‘rib qolsa nima sababdan bu yerga kelganingizni noto‘g‘ri o‘ylamasligi uchun obdoon tushuntirib berishingizga to‘g‘ri kelar edi. Endi har xil odam bor-da, biri u deydi, biri bu deydi... Menda bu vaziyat boshimdan o‘tgan. Andishali xalqmiz.
Ayniqsa, qizlarimizni birovning omonati sifatida asrab-avaylaymiz. Ularni nojo‘ya gap so‘zlardan imkon qadar pana qilamiz. Kerak bo‘lsa, kasal bo‘lganligini ham, hatto, mahallaga bilintirmaymiz. Uch yil avval qizimni ishga joylashtirish uchun shu qurmag‘ur ma’lumotnoma kerak bo‘ldi. Uni olish uchun ruhiy kasalliklar dispanseriga qizim bilan birga bordim. O‘shanda biror tanishim ko‘rib qolsa qiz bolani noto‘g‘ri tushunmasinda, deb rosa xijolat bo‘lganman. Afsuski, bu haqiqat.
Bizningcha, endi bu borada qulaylik yaratildi. Gap shundaki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 10 yanvardagi qarori bilan ortiqcha ovoragarchilik, sarson-sargardonliklar, noqulayliklarga barham berildi. Vaqt ham, naqd ham, andisha ham tejaladigan bo‘ldi.
Hukumatning “Davlat tibbiyot muassasalari tomonidan fuqarolarga ma’lumotnomalar berish tartibini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga asosan, joriy yil 1 apreldan boshlab ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hamda narkologiya dispanseri tomonidan fuqarolarning hisobda turishi yoki turmasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish amaliyoti bekor qilindi.
Endilikda bu kabi ma’lumotnomalar faqat joylardagi Davlat xizmatlari markazlari yoki O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali taqdim etish tartibi belgilandi. Birinchi apreldan boshlab narkologiya va ruhiy kasalliklarga chalingan fuqarolar hisobi faqat elektron shaklda yuritiladigan bo‘ldi.
Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur bo‘lgan avtomatlashtirilgan elektron axborot tizimi joriy qilinmoqda. Kelayotgan yangi oyga qadar Ruhiy kasalliklar bo‘yicha va Narkologiya dispanserlari hisobida turgan fuqarolar haqidagi tegishli ma’lumotlar bazasi shakllantirilib, fuqarolarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda tegishli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyati taqdim etiladi.
Elyorjon EHSONOV
Manba: Xs.uz
Ruhiy KasalliklarNarkologiya DispanseriO‘zbekiston RespublikasiDavlat XizmatlariMa’lumotnoma BerishElektron Shaklda O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar