08:12 / 20.03.2020
4 243

Begona emas, o‘zingniki aldasa alam qilar ekan

Begona emas, o‘zingniki aldasa alam qilar ekan
O‘rtada burun bo‘lmasa, u ko‘zi bu ko‘zini o‘yib oladigan xalqqa aylanib qolibmizmi, deyman-da... (Alloh asrasin!) Xudbinlashib ketganimizni bilardim. Ramazon va hayitlardagi sun’iy qimmatchiliklar to‘qlikka sho‘xlikdan deb o‘ylardim. Boshga musibat kelsa, birlashib ketamiz, degan umidda edim... To‘g‘ri, umidim so‘ngani yo‘q, hech qachon so‘ymaydi ham, u o‘zim bilan ketadi. Lekin xulosalarim qoramtir rang olib boryapti, afsus...

Toshkentda ilk ish boshlaganimda, sarmoya uchun onamning tilla sirg‘asini olib kelib sotib, eng birinchi, ukamning oyog‘iga tufli oberganman. Ammo ikki-uch soat o‘tar-o‘tmay, tagi ko‘ndalangiga yorilib ketgan. Mol Xitoyniki bo‘lsa ham, uni maqtab sotgan ajnabiy emas, o‘zimniki edi...

Mustaqil ish qilib, qo‘limda to‘rt-besh so‘m jamg‘arilgach, onamga zirak olib bermoqchi bo‘lganman. Onam: “Uyda sog‘ib ichishga sigir yo‘q, bolam, birorta g‘unajin bo‘lsa ham, oberaqol o‘shaning o‘rniga”, dedi. Bozorga chiqib, bir amakimizning qaynisidan, bug‘oz, ichida uch-to‘rt oylik bolasi bor, degan lafziga ishonib, molini sotib olganman. Ammo u g‘unajin tug‘maydigan kasal ekan, bilganlar bozordan chiqishim bilanoq ta’rifini berishgan. Ammo men egasiga ishonganman. Afsus, onamning orzusi amalga oshmay qoldi. O‘sha molni aldab sotgan ham o‘zimniki, begona emas...

Bir do‘stimning tejab-tergab olgan bir sigiri sariq kasalga mubtalo chiqibdi, endi nima qilay, men ham qaytarib olib chiqib sotsam bo‘ladimi, deb mendan so‘rayapti. Uni aldagan ham ertaga yuzi yuzga, ko‘zi ko‘zga tushadigan odam, begona emas...

Shu paytgacha juda ko‘p muttahamlarni, aldoqchilarni ko‘rdim. Ammo ular haqida gapirgim, yozgim kelmaydi. Aytsam, urchiydigandek tuyuladi. Ba’zida yozgan bo‘lsam, ichimga sig‘maganidan...

...ammo nima bo‘lganda ham, oqibatni unutmasligimiz kerak. Kimlardir OQIBAT hali tirik ekanini, INSOF, VIJDON, EZGULIK o‘lmaganini namoyon etayotir. Biz ham ularning safiga qo‘shilaylik. Bozorlarda bo‘lib o‘tgan taloto‘pni esa, boshqa millatlarda ham bo‘lib turgan, odam bolasining tuprog‘iga qo‘shib qorilgan salbiy bir illat sifatida ko‘raqolamiz...

Axir, bizning millat buyuk millat. Bizning millat mehr-oqibatli millat. Bizning millat...

Abdug‘afur Iskandar

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Begona emas, o‘zingniki aldasa alam qilar ekan