11:30 / 20.03.2020
2 935

Koronavirus va millat

Koronavirus va millat
Koronavirus dastlab Xitoyga hujum boshlagan kezda u yerdagi zulm uchun bu ofat Ilohiy ogohlantirishdir deb o‘ylaganim esimda. Ammo o‘sha ondayoq Yer yuzi mazlumlar ohi bilan to‘lib borayotgani yodimga kelib, ushbu ogohlantirish butun insoniyatga yo‘llangani ehtimolidan qo‘rquvga tushdim.

Allohning lashkari Sharqdan yurish boshlab, G‘arbni ham tiz cho‘ktirdi. Ammo bu lashkar norasida go‘daklarga tahdid etmayapti. Odamzodning asllarimiz deb ishongan G‘arb ahli kibr nazari ila boqqan qora tanlilar o‘lkasi Afriqo esa nechundir, hamon omonda...

Insoniyat chindan ham og‘ir kunlarni yashayotgani oydinlashdi. Movarounnahr tuprog‘ida esa Allohning lashkari qadami yo‘qdek edi. Nihoyat, O‘zbekistonda ham koronavirus bemorlari ro‘yxatdan o‘tdi. Ular soni ko‘paymoqda.

Yuragim "zirq" etdi. O‘zbeklar koronavirusga chalinibdi degan xabardan qalbim g‘ayriixtiyoriy tarzda bezovtalandi. Bu shuursiz va idroksiz bir tuyg‘udir. Mening millatimdan bir necha inson hamon shifo sababi topilmagan kasallikka chalingani, haqiqatan, men uchun benihoya xavotirlidir.

Bugun millatim, xalqim uchun kuyina olishimni, qayg‘ura olishimni imtihondan o‘tkazdim. Elimning boshiga kelgan musibat qalbimni mening aralashuvimsiz iztirobga soldi. Bu iztirobni yasab olish imkonsiz ishdir, zotan.

Yana angladimki, taqdirim qo‘limga tutqazgan Qalam, qismatim ayttirgan So‘z xalqim chekkan azoblar, u o‘tkazgan og‘riqlar boisgina ko‘zlarga namoyondir.

Robbim, o‘zing jo‘natgan Lashkarni ortga qaytar! Hikmatingni mo‘min qullaringga anglat! O‘zimizga zulm etib, halokatga yuz burdik. Qalblarimizga hidoyat ne’mati ila shifo ber, aqllarimizni jasorat dorisi ila sog‘aytir!

Iymon yo‘liga bizni yo‘lla va sobit et! Bizga najot va nusrat ato ayla!
Amiyn!

2020 yil, 19 mart.
Akrom Malikov

Eslatma: Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.

Manba: Sof.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirus va millat