
Bugun AOKA huzurida tashkil etilgan shtabda Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybullo Primov ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Brifingda fuqarolar, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan ko‘tarilgan savol va murojaatlar yuzasidan javob qaytarildi.
Savol: Chirchiq shahrida yashaymiz. Kecha o‘g‘lim avtomashinada non va farmatsevtika vositalari sotib olish uchun ko‘chaga chiqqandi. Uni DAN xodimi to‘xtatib, karantin qoidalarini buzganlikda aybladi va avtomashinani jarima maydoniga joylashtirdi. Shu holat qonunan to‘g‘rimi?
Javob: Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, maxsus ruxsatnoma viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish uchun talab etiladi. Qaror qishloqlarga, tuman markazlariga TAALLUQLI EMAS. Bu masalada yashash joyingizdagi IIB yoki prokuratura organlariga murojaat qilishingiz mumkin.
Savol: Men Buxorodagi tuman tibbiyot birlashmasida vrach bo‘lib ishlayman. Bugun menga DAN xodimlari shaxsiy mashinamdan foydalanmay ishga borishimni aytishdi. Ish joyimdan ma’lumotnoma bilan mehnat daftarchasi kopiyasini ko‘rsatsam, yirtib tashlashdi. Bu qanchalik to‘g‘ri?
Javob: Bu NOTO‘G‘RI. Birinchidan, tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarning, tibbiy-sanitariya va epidemiologik xizmatlar ko‘rsatuvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarining shaxsiy avtotransport vositalariga ruxsatnomalar TALAB ETILMASLIGI aniq belgilab berilgan.
Asos — Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar Ro‘yxatining 1-bandi.
Ikkinchidan, vaqtinchalik tartib viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanishni cheklaydi. Tuman yoki qishloqqa taalluqli emas.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar