date
views 3 496

Avtokredit olgan shaxslarga ham banklar tomonidan kredit ta’tili beriladimi?

Avtokredit olgan shaxslarga ham banklar tomonidan kredit ta’tili beriladimi?
Akmal Nazarov / foto: AOKA
Markaziy bankning Jamoatchilik bilan aloqalar va kommunikatsion siyosat departamenti direktori o‘rinbosari Akmal Nazarovning ma’lum qilishicha, bu avtokreditlarga ham tegishli bo‘lib, kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi.

“24 ta tijorat banki o‘z tashabbusiga ko‘ra jismoniy shaxslar kreditlari bo‘yicha to‘lov muddatlarini bir tomonlama keyingi 2-3 oy muddatga avtomatik tarzda kechiktirish (kredit ta’tili berish) haqida ma’lum qildi. Bu nima uchun qilindi? Karantin rejimiga to‘liq rioya qilish maqsadida mavjud 2,4 mln. qarzdor-jismoniy shaxslardan arizalarni qabul qilib olishga hamda ular bankka tashrif buyurishiga jismonan imkoniyat bo‘lmagani sababli jismoniy shaxslarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlar 2-3 oyga avtomatik tarzda kechiktirilib berildi.

Albatta, “ushbu berilgan 2-3 oylik imtiyozli davr yakuni bo‘yicha ham qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmasa, unda nima qilish kerak?” degan tabiiy savol tug‘ilishi mumkin. Shu o‘rinda, bu yerda bir masalaga ahamiyat berish muhim – bu degani qarzdor-jismoniy shaxslar 6 oylik imtiyozga murojaat qila olmaydi degani emas.

Ya’ni ushbu berilgan 2-3 oylik imtiyozli davr yakunlanganidan so‘ng qarzdor-jismoniy shaxsning moliyaviy holati va pul oqimlari tiklanmagan taqdirda, tijorat banklari o‘z ichki siyosati, moliyaviy imkoniyatlaridan kelib chiqib kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni yana qo‘shimcha davrga (2020 yil 1 oktabrga qadar) kechiktirish masalasini ko‘rib chiqishlari ham mumkin.

Yana bir narsani alohida ta’kidlamoqchiman, yuqorida qayd etilganidek, bu degani 2-3 oydan keyin (avtomatik ravishda kredit ta’tili bergan davr yakunlanganidan so‘ng) imtiyozli davrda yig‘ilgan foizlar bilan birga to‘lanadi degani emas. Ushbu foiz to‘lovlari proporsional ravishda to‘lov jadvalining qolgan davriga taqsimlanadi.

Kredit bo‘yicha to‘lov muddatlari kechiktirilgan davrda ham kreditdan foydalanganlik uchun foizlar hisoblanishi davom etadi va ushbu foizlar kechiktirilgan muddat tugaganidan so‘ng to‘lanishi lozim”, deydi Akmal Nazarov.

Markaziy bank vakili fuqarolarga kelgusida qarz miqdorining oshib ketishini oldini olish maqsadida joriy davr uchun kredit bo‘yicha to‘lovni amalga oshirishga moliyaviy imkoniyati bo‘lgan qarzdorlar o‘z kreditlarini kredit shartnomalarida belgilangan muddatlarda so‘ndirishni davom ettirishni tavsiya qildi.

“5678-sonli Prezident farmoni asosida moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan yuridik va jismoniy shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarga 2020 yil 1 oktabrga qadar kechiktirilishi hamda yakuniy to‘lovlar muddatlarini berilgan imtiyozli davrga mos ravishda uzaytirilishi belgilangan. Farmon bilan berilgan imtiyozlar aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining qarz yukini keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslikka va natijada ularning kredit yukini kamaytirishga imkon yaratdi. Bundan tashqari, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari pul oqimlari foiz to‘lovlarini qoplash uchun yetmagan taqdirda foiz to‘lovlarini ham kechiktirish bo‘yicha Markaziy bank tomonidan tijorat banklariga tavsiyalar berildi.

Biroq bu degani 6 oydan (2020 yil 1 oktabrdan) keyin imtiyozli davrda yig‘ilgan foizlar bilan birga to‘lanadi degani emas. Ya’ni imtiyozli davrda hisoblangan foiz to‘lovlari yakuniy to‘lovlar muddatlarini uzaytirilganligini hisobga olgan holda to‘lov jadvalining qolgan davriga teng ravishda taqsimlanadi”, deydi Akmal Nazarov.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Avtokredit olgan shaxslarga ham banklar tomonidan kredit ta’tili beriladimi?