2 494
Sherzod Shermatov: «Karantin vaqtida internet orqali qonuniy pul topishni o‘rgata oladigan mutaxassislar taklif etiladi»

Hozirgi vaqtda ko‘pchilik uyda ekanini inobatga olib, uyidan turib internet orqali pul topishni o‘rganish juda muhim. Ko‘pchilikka bu juda qiyindek ko‘rinishi mumkin, deydi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.
“Lekin, internet orqali pul topish mumkin bo‘lgan platformalardan biri upwork.com ga kirib ko‘rsam, ushbu platforma orqali O‘zbekistonda yashab 10 ming dollar va undan yuqori bo‘lgan summani shu vaqtgacha topgan insonlar anchagina ekan.
Ular nafaqat Toshkentda, balki respublikamizning turli hududlarida yashab, hozirgi kunda bemalol uyidan turib, chet elga o‘z xizmatlarini ko‘rsatmoqdalar. Ya’ni, bu qo‘shimcha daromad bilan birga, O‘zbekistonga valyuta olib kelishga ham xizmat qiladi. Mana, ularni ba’zilarining shu vaqtgacha aqliy mehnati orqali qancha mablag‘ ishlaganini profillaridan ko‘chirmalarda ko‘rishingiz mumkin”, - deb yozadi Sh.Shermatov.
Ish yo‘nalishlari tahlil qilinsa, yaxshi daromad topadiganlar AKT sohasi mutaxassislari ekanligi ko‘rinadi. Lekin, shu bilan birga, dizaynerlar, tarjimonlar, iqtisodiy tahlilchilar kabi qator mutaxassislar O‘zbekistonda yashab, internet orqali o‘z xizmatlarini eksport qilayotganligini kuzatish mumkin.
“Bu platforma albatta ingliz tilidan tashqari biron sohada yuqori malakani ham talab qiladi, lekin undan boshqa kamroq malaka talab qiladigan (shuningdek, kamroq daromad topadigan) platformalar ham anchagina, masalan www.mturk.com www.clickworker.com va boshqalar orqali yuqori malaka talab qilmaydigan sodda ishlarni bajarib qo‘shimcha daromad olish mumkin.
Shuning uchun, bu kabi tizimlarda ishlab tajribaga ega bo‘lgan insonlar tomonidan onlayn dars sifatida videorolik tayyorlamoqchi edik. Yaxshi videodars chiqsa, uni “onlayn-maktab” kanallarimizdagi darsdan tashqari efir orqali keng tarqatardik.
Buning natijasida uyda o‘tirgan, internetga ulangan yoshlarimizning qaysidir qismi vaqtini bekor ketkazmay, juda bo‘lmasa 300-400 dollar oyiga qo‘shimcha daromad topishni boshlasa juda yaxshi ish bo‘lar edi. Bugungi selektorda Davlatimiz Rahbari tomonidan nafaqat karantin choralarini ko‘rish, balki aholi daromadlarining keskin pasayib ketishini oldini olish zarurligi haqida ham alohida vazifalar belgilab berildi. Ushbu yo‘nalishda qanday imkoniyatlar bo‘lsa, hammasini safarbar etishimiz, yaxshi tajribalar bo‘lsa ularni o‘rtoqlashib, boshqalarga o‘rnak sifatida kengroq yoyishimiz kerak.
Agar orangizda kimningdir shunday tajribasini videodars sifatida yoritishga qiziqishi bo‘lsa, marhamat, ushbu e’longa topshirishi mumkin:
https://www.upwork.com/…/ap…/1248612377679630336/job-details (faqat upwork orqali haqiqatda pul topganlar topshira oladi va albatta ushbu videodars uchun pul to‘lanadi).
Yoki hozirgi kunda yana boshqa qonuniy yo‘llar orqali internetda qo‘shimcha daromad topayotgan bo‘lsangiz va o‘z tajribangiz bilan bo‘lishmoqchi bo‘lsangiz, ushbu postga izoh sifatida qoldirsangiz ham bo‘ladi. Sizning tajribangizni kengroq ommaga yoyishga harakat qilamiz”, - deb yozadi vazir.
Ta’kidlanishicha, yaxshi bilim va ko‘nikmaga ega insonlar har qanday sharoitda ham yaxshiroq daromad topa olishiga bu yana bir misol, shuning uchun yoshlar uyda vaqtini bekor o‘tkazmay darslarini qilib, chet tillari va AKTni o‘rganishga harakat qilishlari zarur.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar