date
views 2 092

Sinovlarda sinmagan, bir-biriga yelkadosh xalqmiz

Sinovlarda sinmagan, bir-biriga yelkadosh xalqmiz
Buvim doim boshidan o‘tkazgan sinovli kunlar haqida gapirganda «U paytlarda bir mayizni qirq bo‘lib yegan odamlar...», deya qo‘shib qo‘yardilar. Biz emin-erkin, to‘kin-sochinlikda, istaganimiz muhayyo farovon hayotda ulg‘ayganimiz uchun bu gap negadir juda g‘alati tuyulardi. O‘shanda bu so‘zlarning takror-takror tinglasamda, u qadar mohiyatiga yetmagan ekanman. Bugun dunyoda millat va mamlakat, irq va din tanlamay jamiki, insoniyatni koronavirus atalmish ofat birdek tahlikaga solayotgan damlarda buvim aytgan so‘zlarning mohiyatida hamjihatlik, mehr-oqibat bilan bir-biriga yelkadosh bo‘lishdek purma’no borligini angladim.

Ma’lumotlarga ko‘ra, «O‘zbekiston mehr shafqat va salomatlik» jamoatchilik fondiga 71 mlrd so‘mdan ortiq pul yig‘ilgan. Ziroat Mirziyoyeva raisligidagi Zamin xalqaro fondi koronavirus pandemiyasi xukm surayotgan vaziyatda muhtoj ayollarni qo‘llab quvvatlash uchun 5 mlrd so‘m yo‘naltirdi. Alisher Usmonov 25 mln. dollar ajratdi. Bu sanoqni shu Ona tuproqqa dahldorlik, bir eldoshining dardiga darmon bo‘lishni insoniy burchi deb bilgan yurtdoshlarimiz, tadbirkorlardan tortib oddiy odamlargacha baholi qudrat yordam qo‘lini cho‘zayotgani misolida uzoq davom ettirish mumkin.

Ayni damlarda sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ochiqlangan ma’lumotlarga tayanib, yurtimizda koronavirus aniqlangan bir nafar o‘rta ahvoldagi bemorni davolashga 32 mln so‘mdan, jonlantirish bo‘limidagi bemorlar uchun 64 mln so‘mdan sarflanayotganini bilganimiz ko‘yi butun yukni davlat va xukumatning gardaniga qo‘yish emas balki yaxshi niyat, saxovat bilan dori-darmon, shaxsiy himoya vositalari, tibbiy anjomlar, dizenfeksiya vositalari va zahira yaratilishiga ko‘mak berish uchun beminnat yordamga chog‘langan qo‘li ham qalbi ham ochiq, tanti xalqimiz borligidan faxr tuyamiz. Xalqimizda «Toma-toma ko‘l bo‘lur» degan naql bor.

So‘nggi kunlarda xukumatimizning koronavirus pademiyasini oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagan xalqimizning birdamligi samarasi tahlillar, kuzatuvlarda bo‘y ko‘rsatib, yuzaga qalqqan hushxabarlardan quvonganimiz sayin quvongimiz keladi. O‘zbekiston ahli MDH davlatlari orasida «o‘zi yakkalash» reytingida yetakchi ekanligi, kasallikdan forig‘ bo‘lib, sog‘lom hayotga qaytayotganlarning ko‘rsatkichi dunyo hamjamiyatida 27 foiz bo‘lib turganda, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 32 foizdan yuqori ekani shular jumlasidandir.

Gulnoza Turg‘unboyeva
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sinovlarda sinmagan, bir-biriga yelkadosh xalqmiz