date
views 2 606

Uy sharoitida karantinda saqlashga oid nizom tasdiqlandi

Uy sharoitida karantinda saqlashga oid nizom tasdiqlandi
Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, koronavirus infeksiyasini yuqtirganlikda gumon qilingan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirish va saqlash vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan shaxs aniqlanganda sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari hamda hududiy ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan darhol koronavirus infeksiyasi aniqlangan shaxs bilan muloqotda bo‘lganlarning ro‘yxati shakllantiriladi.

Ichki ishlar organlari Milliy gvardiya organlari bilan hamkorlikda darhol muloqotda bo‘lgan shaxslarning ro‘yxatida ko‘rsatilgan shaxslarni uy sharoitida karantinga joylashtirilishi va saqlanishini ta’minlaydi.

Muloqotda bo‘lgan shaxslar 14 kun davomida yoki ularning sog‘lig‘i holatiga ko‘ra sog‘liqni saqlash organlari tomonidan belgilab berilgan muddat davomida uy sharoitida karantinga olinadi.

Muloqotda bo‘lgan shaxs uy sharoitida karantinga olinganda u bilan bir uyda yashovchi barcha shaxslar karantinga olinadi.

Mazkur uyda yashovchi shaxslarning biri yoki bir nechtasi karantinga olingan uydan tashqarida bo‘lgan taqdirda, ular darhol tez tibbiy yordam xizmatining maxsus avtotransport vositasidan foydalangan holda ichki ishlar va Milliy gvardiya organlari kuzatuvi ostida yashash joyiga olib kelinadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning karantin muddati davomida uylarni tark etishlari qat’iyan man etiladi. Ularga kechiktirib bo‘lmaydigan tez tibbiy yordam ko‘rsatish (homiladorlik, tug‘ruq, tana jarohati, OIV/OITS, onkologiya yordam, nurlanish terapiyasi, gemodializ yordamini ko‘rsatish, jarrohlik amaliyoti zarur bo‘lganda, inson hayotiga xavf tug‘dirayotgan boshqa holatlar) bilan bog‘liq hollar bundan mustasno.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslardan uy sharoitida karantinga olingan kundan boshlab bir kun ichida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazlari xodimlari tomonidan polimeraza zanjirli reaksiya (PZR) laboratoriya test sinamasi olinadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxs bilan bir uyda bo‘lgan boshqa shaxslar orasida koronavirus infeksiyasi aniqlangan taqdirda, qolgan shaxslar uchun karantin muddati qaytadan boshlanadi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslar karantin muddati davomida tibbiyot xodimlari tomonidan har kuni 2 mahal ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bunda birinchi ko‘rik soat 9:00 gacha, ikkinchi ko‘rik 16:00 gacha amalga oshirilishi lozim.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarga birinchi navbatdagi hayotiy ehtiyojlari uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, niqob va tibbiy buyumlarini (dezinfeksiya vositalari va boshqalar) yetkazib berish mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va volontyorlar guruhlarini faol jalb qilgan holda amalga oshiriladi. Bunda barcha zarur mahsulot va vositalar karantinga olingan shaxslarning mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarning uylaridan chiqariladigan chiqindilar ularning o‘zlari tomonidan uyning (ko‘p kavatli uylarda xonadonning) kirish eshiklar tashqarisiga chiqarib qo‘yiladi.

Uyning (ko‘p qavatli uylarda xonadonning) kirish eshiklari tashqarisiga chiqarib qo‘yilgan chiqindilar «Toza hudud» va «Maxsustrans» davlat unitar korxonalari tomonidan belgilangan tartibda sanitariya qoidalariga rioya etgan holda yig‘ib chiqiladi va olib ketiladi.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslarda karantin muddatida koronavirus infeksiyasi aniqlanmasa, ularni uy karantinidan chiqarish bo‘yicha sog‘liqni saqlash organlari tomonidan qaror qabul qilinadi.

Poliklinika shifokori uy sharoitida karantinga olingan shaxs karantindan chiqarilgan kundan boshlab 10 kun davomida uning sog‘lig‘i holati hakida telefon orqali xabar olib turishi lozim.

Uy sharoitida karantinga olingan shaxslar karantindan chiqayotganda mehnatga layoqatsizlik varaqasi qonunchilikda belgilangan tartibda ularning yashash joyidagi poliklinika tomonidan beriladi.

Eslatib o‘tamiz, 27 aprel kuni koronavirus yuqtirganlikda gumon qilinganlarni karantin majmuasida saqlashga oid nizom ham tasdiqlandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uy sharoitida karantinda saqlashga oid nizom tasdiqlandi