date
views 3 075

“Hali bizda qancha ishlatilmagan kallalar bor!..”

“Hali bizda qancha ishlatilmagan kallalar bor!..”
Ba’zi hamyurtlarimizning gap-so‘zlariga e’tibor berib, rahmatli Hojiboyning “hali bizda qancha ishlatilmagan kallalar bor” deganlari esimga tushib ketadi.

Rostdanam, nega “kalla”ni ishlatmaymiz? Yoki erinamizmi? Birgina misol, ba’zi oltmish yoshlilarni-ku aytmay qo‘yaveray, ellik, hatto qirq yoshga kirgan odamlar ham sensorli telefon ishlatishmaydi. Gap telefonning qimmatligi va o‘sha odamning puli yo‘qligida emas, dangasalikda, ilm, bilim olishga, o‘rganishga bo‘lgan quntsizlikda.

“E-e, bunaqa telefonga aqlimiz yetmaydi, bizga manaviyam bo‘laveradi”, deb tugmachali, rezinka bilan “mustahkamlangan” “Nokia”ni ko‘rsatib qo‘yadi aka.

Boshqa davlatlarda 15-20 yil, o‘zimizda 5-10 yil ilgari ma’lum bo‘lgan ayrim yangiliklarni gapirsangiz ham hayron bo‘lib qarab turadiganlar bor. Ha, endi nima qilsin, televizor ko‘rsayam biror ilmiy ko‘rsatuvlar ko‘rish yo‘q, dilbuzar tamoman seriallar istilo qilgan qutiga aylangan. Shaharlarda oshna-og‘aynilarni gapi faqat pul topishning yo‘llari, qayerda choyxonada o‘tirish bo‘lsa, qishloqlarda aroqxo‘rlik va karta-qimor o‘yinlari avjiga chiqqan.

Mayli, bu amakilarni tinch qo‘yaylik-da, internetda tarqalgan bir ma’lumotni aytib o‘tay.

Bir doktorant qizning ilmiy ishini suv olib ketibdi. Ilmiy ish qo‘zyozmada, bitta (!) nusxada ekan. Tasavvur qilyapsanmi, Karl? XXI asrda, ilmiy ishini faqat qo‘lyozmada yozgan odamni ko‘rganmisiz? Tag‘in ko‘chadagi dehqon amaki emas, doktoranturada o‘qiydigan odam. Kompyuterda yozishning iloji yo‘qmidi, boring ana kompyuteriniyam suv olib ketsin, tarmoqqa joylab qo‘ysa bo‘lmasmidi?! Doktorlik dissertatsiyasini yozayotgan odamning shunga aqli yetmaydimi?

Gap bu yerda dissertatsiyasini suv olib ketgan qiz haqida emas, xalqimizning ilmga intilmasligida. Harakati yo‘qligida. Zamonga hamnafas emasligida.
Toki biz o‘zimizni o‘nglamas ekanmiz, shu holimizcha: “ishlatilmagan kallalar yurti” bo‘lib qolaveramiz.

Ha, aytgancha, qo‘shnimiz Qozog‘iston koronavirusga qarshi vaksina ishlab chiqib, hayvonlarda sinashni boshladi.
Bizda ob-havo yaxshi, goh-goho qattiq shamol kelib, jala yog‘ib turibdi xolos...

Yoqub Umar

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Hali bizda qancha ishlatilmagan kallalar bor!..”