07:00 / 25.05.2020
3 168

"Shu oqsoq oyoqlarim bilan jannatga kirishni istayman!"

"Shu oqsoq oyoqlarim bilan jannatga kirishni istayman!"
Amr ibn Jamuh roziyollohu anhu juda qattiq oqsar edi. Uning to‘rtta bahodir va jasur o‘g‘li bo‘lib ular Nabiy sallollohu alayhi va sallam bilan Badrda ishtirok qilishgan edi.

Ular musulmonlar safida yana jangga kirishmoqchi bo‘lishganida ularning otasi Amr ibn Jamuh roziyollohu anhu ham jangga qatnashmoqchi ekanligini aytdi. O‘g‘illari: "Alloh sizni ma’zur qilgan", deb unashmadi.

Amr Rasululloh sallollohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib dedi:
- Meni o‘g‘illarim siz bilan jihodda ishtirok etishimdan man qilishmoqda. Allohga qasamki, men mana shu oqsoq oyoqlarim bilan jannatga kirishni istayman.

Allohning elchisi unga qarab dedilar:
- Seni Alloh uzrli qilgan.

So‘ng uning o‘g‘illariga qarab dedilar:
- Sizlar esa uni chiqishdan man qila olmaysiz. Ehtimol Alloh unga shahidlikni nasib qilar!

O‘g‘illari Amrga ruxsat berishdi.

U yo‘lda ketayotib Payg‘ambar alayhissalomdan so‘radi:
- Nima deysiz, men Alloh yo‘lida jang qilib shahid bo‘lsam jannatda oyoqlarim sog‘lom bo‘ladimi?

Nabiy sallollohu alayhi va sallam:
- Ha! - dedilar.

Uhudda Rasuli akram sallollohu alayhi va sallam shahid bo‘lganlar orasida aylanib yurib Amr ibn Jamuh roziyollohu anhuning oldida to‘xtab:
- Go‘yo men seni jannatda sog‘lom oyoqlaring bilan yurganingni ko‘rayotgandekman! - dedilar.

Amr ibn Jamuh roziyollohu anhuning jasoratiga boqing! Vaholanki ko‘pgina sog‘lom insonlar jihodga chiqishmagan edi. U chiqdi.
Biz qanday holda bo‘lmaylik Alloh tomon yurishda davom etishimiz lozim. Hech narsa bizni kishanlab qo‘ymasligi kerak. Nafsimizga hech narsa og‘irlik qilmasligi lozim. Albatta og‘ir kunlar o‘tkinchi, va’dalashgan joyimiz esa inshaalloh jannat!

Insonlarni jannatga eng ko‘p yaqinlashtiradigan narsa Alloh rizosini istab qilinadigan amaldir. Aslida agar ular buni qilishmaganda ma’zur hisoblanishar va ularni hech kim malomat qilmas edi.

Qarindoshing va yaqining bo‘lmasa-da, begonalarga Alloh rizosi uchun yaxshilik qilishing jannat tomon qo‘yilgan qadamingdir!

Ikki ayro er-xotin o‘rtasini ular senga qarindosh bo‘lmasa-da, qayta jamlashga harakat qilishing, o‘rtadagi farzandlari zoye bo‘lishini o‘ylab ezilishing va bu bilan Allohning rizosini istashing jannat tomon qo‘yilgan qadamingdir!

Sen uchun manfaati bo‘lmagan haqni o‘z egasiga qaytarishda Alloh uchun yordamlashmog‘ing jannat tomon qo‘yilgan qadamingdir!
Otasiga oq bo‘lgan farzandni u senga hech kim bo‘lmasada otasiga yaxshilik qilishga undamog‘ing jannat tomon qo‘yilgan qadamingdir!

Bemorni davolatish uchun harakat qilishing, miskinning ish topishiga ko‘maklashishing, bir etak bolalari bilan beva qolgan ayolni tilanchilik qilishdan saqlab qolishing jannat tomon qo‘yilgan qadamlaringdir!

Allohga qilingan eng buyuk ibodat Uning maxluqotlariga qilingan yaxshilikdir!

Abdulqodir Polvonov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Shu oqsoq oyoqlarim bilan jannatga kirishni istayman!"