date
views 3 226

O‘zbekiston aeroportlari xalqaro parvozlar tiklanishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi

O‘zbekiston aeroportlari xalqaro parvozlar tiklanishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi
O‘zbekiston aeroportlari mehmonlar tashrifiga qizg‘in tayyorgarlikni boshlab yuborgan, deb ma’lum qildi «Uzbekistan Airports» AJ axborot xizmati.
Xabar qilinishicha, Turkish Airlines, Fly Dubai, Korean Air, Asiana, Air Astana, Aeroflot, Sibir kabi 20dan ortiq xorijiy aviakompaniyalar vakillari va «O‘zaviatsiya» agentligi ishtirokida muloqot bo‘lib o‘tgan.

Muzokaralarda pandemiya va undan keyingi holatlarda xorijiy aviakompaniyalarning o‘zaro parvozlarni qayta tiklash va samarali yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Jumladan, «Uzbekistan Airports» AJ Boshqaruvi raisi Rovshan Ismoilov O‘zbekiston aeroportlari aviatashuvlarni tiklash va hamkorlikda faoliyat olib borishdan manfaatdorligini qayd etgan.

«Uchrashuvda so‘zga chiqqan xorijlik sheriklar o‘z taklif-mulohazalari orqali O‘zbekiston Respublikasiga parvozlarni qayta tiklashga har jihatdan tayyor ekanliklarini bildirishdi», – deyiladi press-relizda.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga qarshi kurash doirasida O‘zbekiston 16 mart kunidan e’tiboran jahonning barcha mamlakatlari bilan avia va avtomobil qatnovlarini to‘xtatgan edi. 30 martdan boshlab O‘zbekistondagi mavjud barcha aeroportlar yopildi va aviaqatnovlar butunlay to‘xtatilgandi.

18 maydan e’tiboran bir nechta ichki reyslar va yo‘lovchi poyezdlari qayta yo‘lga qo‘yildi.
Ma’lumot o‘rnida, prezident topshirig‘i asosida Andijon, Buxoro, Urganch va Qarshi xalqaro aeroportlarini davlat-xususiy sheriklikka berish bo‘yicha tender e’lon qilinishi kutilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekiston aeroportlari xalqaro parvozlar tiklanishiga tayyorgarlik ko‘ra boshladi