19:39 / 16.06.2020
2 478

Shavkat Mirziyoyev koronavirus aholi o‘rtasida ko‘p tarqalayotganiga e’tibor qaratdi

Shavkat Mirziyoyev koronavirus aholi o‘rtasida ko‘p tarqalayotganiga e’tibor qaratdi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 16 iyun kuni xizmat ko‘rsatish va ichki turizm sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Tadbir avvalida davlatimiz rahbari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtalib, oxirgi paytda yurtimizda bu kasallikka chalinganlar soni oshgani, eng yomoni, aholi o‘rtasida ham ko‘plab ro‘y berayotganiga e’tibor qaratdi.

Jumladan, Toshkent shahrida so‘nggi ikki haftada kasallangan 551 nafar fuqarodan 482 tasi aynan aholi orasidan aniqlangan. 57 holatda virusni yuqtirish manbai noma’lum qolayotgani afsuslanarli. Toshkent, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida ham shunday xavotirli holat kuzatilmoqda.

– Bularning barchasi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat tobora murakkab tus olayotganini ko‘rsatib turibdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Bugun pandemiyaga qarshi kurashishda hushyorlik va mas’uliyatni o‘n karra oshiradigan yangi bosqich boshlanmoqda, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, bu bosqichda karantin qoidalariga qat’iy amal qilishimiz shart. Har bir ishimizni ehtiyotkorlik bilan, oqibatini puxta o‘ylab, nafaqat o‘zimiz, balki oilamiz va farzandlarimiz oldidagi mas’uliyatni chuqur his etib bajarishimiz kerak. Aks holda, barcha sa’y-harakatlarimiz yo‘qqa chiqishi hech gap emas. Ishonchim komil, ancha bilim va tajriba orttirgan, bag‘rikeng va matonatli xalqimiz bu bosqichdan ham, albatta, munosib o‘tadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Respublika maxsus komissiyasiga o‘z faoliyatini qayta boshlayotgan korxona va tashkilotlar, bozor va savdo majmualarida dezinfeksiya ishlari hamda sanitariya nazoratini kuchaytirish, ommaviy axborot vositalari orqali aholi va mehnat jamoalari orasida tushuntirish ishlarini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aholiga xizmat ko‘rsatadigan, ular bilan bevosita muloqotda bo‘ladigan barcha muassasalar xodimlarini koronavirus bo‘yicha muntazam testdan o‘tkazish muhimligi ta’kidlandi.

Xizmat ko‘rsatish sohasi aholi bandligini ta’minlashda eng katta zaxiralardan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 35 foizni tashkil etadi. Xalqaro mehnat tashkiloti tahlillariga ko‘ra, servis industriyasining 1 foizga o‘sishi kambag‘allar sonini 1,5 foizga qisqartiradi.

Yig‘ilishda soha salohiyatidan to‘la foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Joylarda maishiy uskunalarni ta’mirlash ustaxonalari, kimyoviy tozalash shoxobchalari, kompyuter dizaynerligi, buxgalteriya, reklama, pullik tibbiy xizmat kabi tadbirkorlik sub’ektlari kamligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bu xizmat ko‘rsatish sohasida ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha juda katta imkoniyatlar borligidan dalolat beradi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda kamida 160 ming qo‘shimcha ish o‘rni yaratish mumkin.

Masalan, hozirgi kunda Toshkent shahri, Buxoro, Navoiy va Toshkent viloyatlarida axborot texnologiyalari sohasida yiliga 50 ming dollar eksport qiladigan va Top Talent reytingining eng yuqori 3 foiziga kiradigan 21 ta yosh frilanser dasturchi bor.

Davlatimiz rahbari shunday iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy xizmatlarni o‘rganishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Bosh vazir o‘rinbosariga hokimlar bilan birga har bir tuman va shahar kesimida xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturini ishlab chiqish topshirildi. Shu bilan birga, tarmoqni tartibga solish, undagi metodologiya va statistika ma’lumotlarini xalqaro standartlarga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev koronavirus aholi o‘rtasida ko‘p tarqalayotganiga e’tibor qaratdi