00:34 / 17.06.2020
4 338

Tushning ta’birini aytgan “to‘quvchining o‘g‘li”

Tushning ta’birini aytgan “to‘quvchining o‘g‘li”
Muhammad ibn Sirin rohimahulloh tush ta’biriga mohir edi. O‘sha paytda u zot "asr Yusufi" degan laqab olgan edi. U bundan tashqari muhaddis, faqih edi. Ilmni ibn Abbos, Zayd ibn Sobit, Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumdan olgan edi. Keyingi bosqichda esa imom Molik rohimahullohning huzurida ham ilm o‘qigan edi.

Ibn Sirin bilan Hasan Basriy rohimahullohning orasida qandaydir kelishmovchilik bor edi. Hasan Basriyning huzurida ibn Sirin eslansa "qo‘yinglar o‘sha to‘quvchining o‘g‘lini eslamanglar!", der edi. Ibn Sirinning ahli ko‘pchiligi kiyim to‘qish bilan shug‘ullanar edi.

Bir oqshom Hasan Basriy rohimahulloh tush ko‘rdi. Tushida u yalang‘och bo‘lib, qo‘lidagi tayoq bilan go‘ng uyumini savalayotgan edi. Hasan rohimahulloh g‘amgin holatda uyg‘ondi. U ashoblaridan birini ibn Sirinning huzuriga yubordi. U borib ibn Sirindan tushni go‘yoki Hasan emas, o‘zi ko‘rgandek qilib so‘radi.

Ammo ibn Sirin unga dedi:
"Tushning sohibiga ayt, tushining ta’biri haqida to‘quvchining o‘g‘lidan so‘ramasin!".

Hasan Basriy rohimahulloh sohibidan bu gapni eshitgach ibn Sirin roximahullohning majlisiga keldi. Ibn Sirin uni o‘rnidan turib kutib oldi. Ular quchoqlashishdi, bir-birlari bilan yarashishdi, bir-birlariga tanbeh berishdi. So‘ng Hasan Basriy dedi:
– Kel endi, bularni qo‘y! Tushimning ta’birini ayt! Qalbimni ancha mashg‘ul qilib qo‘ydi.

Ibn Sirin dedi:
– Tashvish qilma! Tushingda yalang‘ochliging dunyodan yalang‘ochlikdir. Ya’ni, dunyodan uzoqlikdir. Sen dunyo talabidagi inson emassan. Go‘ng uyumi esa dunyodir. Sen dunyoning haqiqatini ko‘ra olasan. Qo‘lingdagi tayoq esa insonlarga aytadigan hikmatlaringdir!

Hasan Basriy so‘radi:
– Tushning sohibi men ekanligimni qayerdan bilding?!

Ibn Sirin dedi:
– Bunday tushni ko‘rishga sendan munosib inson yo‘qligidan.

Ibrat:
Insonlar, tengdoshlar orasida kelishmovchiliklar bo‘lib turar ekan. Agar birov bu narsalardan omonda bo‘lishi mumkin bo‘lganida Hasan Basriy va Muhammad ibn Sirinlar bundan omonda bo‘lishar edi. Inson hattoki xusumat qilib turgan kishisiga nisbatan ham oqilona harakat qilish lozim ekan.

Hasan Basriy rohimahulloh ibn Sirin rohimahullohning tush ilmida mohir ekanligini bilib undan tushining ta’birini so‘rab odam yuborayapti. Ibn Sirin rohimahulloh esa Hasan Basriyning taqvosini bilgani uchun bu tushga undan boshqa hech kim haqli emas deb bilayapti.

Ulug‘larimiz o‘zaro ixtiloflarini imkoni boricha eng tez fursatda bartaraf qilishga harakat qilishgan. Hasan Basriy va ibn Sirin rohimahullohlar ixtiloflarini yo‘qotib sadoqatni tiklashga bitta tushni sabab qilishayapti! Alloh bizni ham isloh qilsin!

Abdulqodir Polvonov

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Tushning ta’birini aytgan “to‘quvchining o‘g‘li”