
Majburiy ijro byurosi Andijon shahar bo‘limi xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12.01.2018 yildagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli qarori ijrosi yuzasidan o‘tkazilgan navbatdagi monitoring jarayonida shaharning Chinobod ko‘chasida joylashgan “B.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga tegishli umumiy ovqatlanish shahobchasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganlik holati aniqlandi.
Tekshiruvlar davomida jamiyat rahbari ta’minotchi korxonaga tegishli tartibda murojaat etmasdan elektr hisoblagichni o‘zboshimchalik bilan almashtirgani ma’lum bo‘ldi. Soha mutaxassislarining xulosasiga ko‘ra, jamiyat tomonidan ta’minotchi korxona manfaatlariga jami 12 036 355 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazilgan.
“B.F.” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari muqaddam 05.08.2019 yilda O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 101-moddasi bilan ma’muriy javobgarlikka tortilganligi sababli, uning harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi JKning 1852-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyat alomatlari mavjud.
Biroq, mazkur moddaning 6-qismida birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxs, agar u jinoyat aniqlangan kundan e’tiboran 30 kunlik muddatda yetkazilgan moddiy zarar o‘rnini qoplagan bo‘lsa, javobarlikdan ozod etilishi ko‘rsatilgan. Shunga ko‘ra, jamiyat rahbariga ushbu qonun normasining mazmun-mohiyati va uning huquqiy oqibatlari tushuntirilib, agarda yetkazilgan zarar o‘rni qoplab berilsa, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JPKning 84-moddasi 1-qismi 8-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish rad qilinishi haqida qonun talablari tushuntirildi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar