
Kecha Bo‘stonliq tumanidagi «snos»lar bo‘yicha press tur bo‘lib o‘tibdi. Bu juda yaxshi. Biroq buni ko‘rib bir qator tushunarsiz va havotirli savollar paydo bo‘lyapti.
Masalan, press turda Oliy sud raisi o‘rinbosarining «snos» masalasida tushuntirish berishi va shu yerning o‘zidayoq «snos» qilayotganlarning yonini olib, odamlarni noqonuniy qurilma qurganligini aytib, aybdor qilishga intilishi mustaqil sud uchun g‘alati emasmi? Bu sud hokimiyatining ijro hokimiyatiga advokatlik qilayotganiga, joyiga borib uning topshiriqlarini so‘zsiz bajarayotganiga o‘xshamayaptimi?
Agar shunday bo‘lsa bu dahshat! Adolatli, xalqparvar sud... Har qanday vaziyatda ham suyanishimiz mumkin bo‘lgan «xolis» sud...
Yaqinda ayrim sudyalar hokim va prokurorlarni do‘qiga javoban odamlarni uy joylarini buzishga qaror chiqarib yuboryapti, deganimda aynan Oliy suddagi o‘sha mas’ullarimiz menga xato qilganimni aytib, qanday gapirish kerakligini o‘rgatmoqchi bo‘luvdi. Lekin men osmondan olmadim: ayrim sudyalar jur’atsizlik qilyapti, "Gah", desa qaror chiqarib, bir joylarga yugurib ham boryapti.
Tasavvur qiling: ertalab uyg‘onsangiz uyingizga hokimiyat vakili uyingni buzaman, deb kirib kelsa. Meni mulk huquqim bor, prokurorga shikoyat qilaman, deb turganingda hokimni ortidan «qonuniylikni ta’minlaydigan» prokuror yo‘talib bo‘y ko‘rsatadi. Nailoj «senlar bilan hali sudda gaplashaman» deb adolatdan najot kutasan. Hokim, prokuror pinaginiyam buzmaydi-da, darvozaga qaraydi. Shunda sud ham darvozadan kirib kelsa. «Uyushgan mafiya» ga o‘xshaydi bari: ana seni huquqlaring, ana senga adolat, ana senga...
Bo‘stonliqdan najot istab kelgan fuqarolar menga buni aytib berishganida «shokka» tushib qoldim. Ularda xuddi shunday bo‘libdi. Hammasi bir bo‘lib, uyiga kelib joyida sud qilishibdi, mulk huquqi bor qarorlarini nima qilib bo‘lsa ham yo‘qqa chiqarishibdi.
Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoyev sudning mustaqilligini ta’minlash masalasida jon kuydirib, mulkdorlar huquqlarini muhofaza qilish, mulk huquqini bekor qilish faqat sud tomonidan amalga oshirilishini bildirdi. Chunki mulk huquqi kafolatlanmasa investitsiya kelmaydi, davlat rahbari buni yaxshi anglab turibdi. Biroq bu yoqda mana bunaqa teskari ishlar.
Xavotirli tomoni bu kabi odamlarni uyini buzib norozilik va qarg‘ish olish Prezident islohotlariga, minglab qulay uy joy qurib, xalqni rozi qilishga bo‘lgan harakatlariga qarshi yashirin uyushtirilayotgan ishga o‘xshayapti. Buni oddiy odamlar ham gapirishni boshladi. Kelgusi avlodlar bu davrni «eng ko‘p uylar buzilgan davr», deb eslashlari mumkin. Bu esa tarix uchun juda yomon.
Ko‘zlarni ochaylik: qonunlar fuqarolarni himoya qilish uchun chiqarilgan, uni boshqa yo‘lda ishlatib qarg‘ish olmaylik!
P/S: meni siyosatga qarshilik, tuhmat, haqorat va boshqa balolarda ayblamoqchi bo‘lganlarga fikr bildirish avvalo Konstitutsiyadagi fuqarolik huquqim ekanligini bildirib o‘tmoqchiman. Konstitutsiyani o‘qing va shu xalqni kelajagini o‘ylasangiz, qayg‘ursangiz hech bo‘lmasa Konstitutsiyani hurmat qiling...
Rasul KUSHЕRBAYEV
Manba: Xs.uz
Bo‘stonliq TumaniSud MustaqilligiMulk HuquqiOliy SudPrezident IslohotlariXavotirli Savollar O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar