15:47 / 16.07.2020
3 362

Dorixonadagi mojaro tafsilotlari ma’lum qilindi (video)

Dorixonadagi mojaro tafsilotlari ma’lum qilindi (video)
Telegram kanallarida noma’lum shaxsning darg‘azab holatda dorixona sotuvchisiga tashlangani, peshtaxta oynalarini urib sindirgani aks etgan video tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi hodisa tafsilotlarini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, ushbu voqea 10 iyul kuni soat taxminan 12:30larda Olmazor tumanida joylashgan «Farm Help» mas’uliyati cheklangan jamiyatga tegishli dorixonada yuz bergan. Dorixona peshtaxtasi oynalarini sindirgan, boshqa buyumlarga ham zarar yetkazgan erkak 1956 yilda tug‘ilgan G‘. ismli shaxs bo‘lib chiqdi. Aniqlanishicha, hodisa natijasida sotuvchi-farmatsevt tan jarohati olgan.

Surishtiruv davomida aniqlanishicha, dorixona sotuvchisi shifokor retseptida ko‘rsatilgan, ko‘z kasalliklarini davolashda ishlatiladigan 0,1 foizli Atrapin sulfat [Atropine sulfate] tomchi-dori o‘rniga 1 foizli tomchi-dorini berib yuborgan. Natijada bemor bolaning tana harorati keskin ko‘tarilib ketgan. Nabirasining ahvoli og‘irlashganidan darg‘azab bo‘lgan G‘. jahl ustida dorixona va uning sotuvchisiga zarar yetkazgan.

«Ertalab nevaramning ko‘ziga dori tomizilgandan keyin 10 daqiqa o‘tmasdan bola bo‘g‘ilishni boshladi. Isitmasi 38 darajaga chiqib ketdi. Butun badani qizarib ketdi. Darhol shifokorga qo‘ng‘iroq qildik. Bolani tez olib borishimizni aytdi. Olib borsak, noto‘g‘ri dori berganimizni aytdi. Nega kuchli dozadagi dorini ishlatganimizni so‘radi. «Dorixonadan retseptingiz bo‘yicha berilgan dorini ishlatdik, sotuvchi mana shu dori 0,1 foizli hisoblanadi deb bergan edi», deb aytdik shifokorga.

Shundan so‘ng o‘zimni yo‘qotib qo‘ydim. Shifoxonadan chiqib to‘g‘ri dorixonaga bordim. «Nega bu dorini berding?» deb sotuvchining bir-ikki marta peshonasidan turtdim. «Shunchalik savodsizmisan?!», deb aytdim. U yog‘iga nima bo‘lgani esimda yo‘q. «Shok» holatida bo‘lganman. Nima qilganimni o‘zim bilmayman», deydi G‘. ismli fuqaro.

Toshkent shahar IIBB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ro‘y bergan hodisa natijasida yetkazilgan zarar miqdori 2,4 mln so‘mni tashkil etadi.

Olmazor tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan ushbu holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilgan. Yig‘ilgan hujjatlar qonuniy qaror qabul qilish uchun ma’muriy ishlar bo‘yicha Olmazor tuman sudiga yuborilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Dorixonadagi mojaro tafsilotlari ma’lum qilindi (video)