20:25 / 24.07.2020
3 995

Baziplikdagi kattakon «tanishlap»

Baziplikdagi kattakon «tanishlap»
Oramizda shunday insonlar borki, yolg‘on qon-qoniga singib ketgan. «Noyob qobiliyati» bilan suhbatdoshlarining ishonchini qozonib, firib to‘riga ilintirishga usta ular.

Namangan shahrida tug‘ilgan Elyor Madiyevni ham bemalol ana shu toifaga kiritish mumkin.
Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi deganlaridek, oliy ma’lumotli bo‘lgan, poytaxtdagi nufuzli tashkilotlardan birida ishlagan bu yigit firibgarligi tufayli uch marta sudlangan. Nafsning so‘ziga kirib, halol rizqidan ham ayrilgan.

2018 yil may oyida u Toshkentda yangiqo‘rg‘onlik Malohat Eraliyeva bilan tanishib qoladi. O‘zining vazirliklardan birida ishlashini aytganida Malohat shunday baland martabali inson bilan tanishganidan xursandligini yashirib o‘tirmadi. Asta-sekin ayolning ishonchiga kirgan E.Madiyev unga o‘z niyatini aytadi:

– Bilasiz, bunaqa ishlar bir umrga bog‘lab berilmagan insonga. Keyin… Bitta maosh bilan ro‘zg‘or tebratish og‘ir hozir… Vaziyat avvalgidek emas. Shunga tadbirkorlik bilan shug‘ullansammikan deb turibman…
– To‘g‘ri… – uni ma’qulladi Malohat. – Bitta oylik hech narsaga yetmaydi. O‘zim o‘qituvchiman, buni juda yaxshi bilaman…

Ular shu tariqa biroz suhbatlashishgach, E.Madiyev muddaoga o‘tib, Malohatga asta «qarmoq tashladi»:
– O‘zbekistondagi istalgan universitet va institutga gapim o‘tadi. O‘qishga kirolmay yurgan yoki o‘qishini ko‘chirishga qiynalayotgan tanishlaringiz bo‘lsa, menga ro‘para qilavering, sing­lim. Faqat ozgina xarajati bor…

– Voy, sizni menga xudoning o‘zi yetkazdi! Bunaqa muammolari bor qarindosh­larim, tanishlarim juda ko‘p, – dedi Malohat. – Hechqisi yo‘q… Ishi bitganidan keyin xarajatiga ham chidashadi-da!

Shu kundan boshlab Malohat E.Madiyev tuzgan rejaga ko‘ra ishlay boshladi. May-iyul oylarida bir necha yildan buyon oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirolmayotgan yoki o‘qishini ko‘chirish g‘amida yurgan tanish-bilishlaridan «Vazirlikdagi tanishim hal qilib beradi» degan va’dalar bilan 500 dan 2000 dollargacha, jami 5800 AQSH dollari miqdorida pul oladi hamda E.Madiyevga yetkazadi. Shu tariqa uning jinoiy sherigiga aylanadi.

Afsuski, bu va’dalar puch edi. Shu bois yil adog‘ida ham pul bergan odamlarning muammosi hal bo‘lmagach, ular Malohatdan pulni qaytarishni talab qilishdi. O‘z navbatida, ayol E.Madiyevga bog‘landi. Biroq… yugur-yugurlar, oh-vohlar ish bermadi. E.Madiyev pulni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan, uni qaytarish xayoliga ham kelmayotgandi. Jabrlanuvchilar noiloj huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat etishga majbur bo‘lishdi.

Sud hukm o‘qidi. Unga ko‘ra E.Madiyev olti yilga ozodlikdan mahrum etildi. Uning jinoiy sherigi M.Eraliyevaga esa besh yil ozodlikni cheklash jazosi ta­yinlandi. «Katta odam» bilan tanishish unga shunaqa tashvish keltirdi.

Nodira ATAQO‘ZIYEVA,
Namangan shahar prokurorining
katta yordamchisi

Manba: Huquq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Baziplikdagi kattakon «tanishlap»