16:06 / 28.07.2020
3 160

Sudlar faoliyati yanada takomillashtiriladi

Sudlar faoliyati yanada takomillashtiriladi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi uch yil ichida mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqaro va tadbirkorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali ta’minlash, sudlar mustaqilligini amalda ta’minlash bo‘yicha bir nechta Farmon va Qarorlar qabul qilindi.
Sud-huquq tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish, 2017-2021 yillarda mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida ham belgilab qo‘yildi.

Biz bilamizki, sud tizimida avval sud hokimiyatining ikkita oliy organi, ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudlari mavjud edi, Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyevning tashabbusi bilan Oliy xo‘jalik sudi tugatilib, sud hokimiyatining yagona oliy organi — O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tashkil etildi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzildi hamda sudyalik lavozimiga muddatsiz davrga tayinlash (saylash) tartibi joriy etildi.

Fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, ishlarni sudda ko‘rish sifatini oshirish hamda xolis, adolatli va qonuniy sud qarorlarini qabul qilish uchun taraflarning tengligi va tortishuvchanligini amalda ta’minlash mexanizmlarini kengaytirish maqsadida, Prezident tomonidan 2020 yil 24 iyulda qabul qilingan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni, sud-huquq tizimidagi islohotlarni davom ettirish yo‘lidagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Farmonga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvardan boshlab:
  • viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari bo‘yicha, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudyalarning qat’iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari bo‘yicha alohida sudlov hay’atlarini tashkil etgan holda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;
  • ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolatini ma’muriy sudlardan jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkazish;
  • ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni ko‘rishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma’muriy sudlarini tashkil etish, shu munosabat bilan tuman (shahar) ma’muriy sudlarini tugatish. Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari saqlab qolinishi;
  • Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdarg‘om tumanlari iqtisodiy sudlarini tugatish;
  • fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tumanlararo sudini, fuqarolik ishlari bo‘yicha Urgut, So‘x, Xatirchi, Paxtakor tumanlari sudlarini, Pastdarg‘om tumanlararo iqtisodiy sudini, jinoyat ishlari bo‘yicha Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon, Tuproqqal’a tumanlari sudlarini tashkil etish;
  • Shuningdek, Farmon bilan sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish institutini tugatish, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular o‘rinbosarlarining sudning hal qiluv qarorlari, hukmlari, ajrimlari hamda qarorlari ustidan nazorat tartibida protest kiritish huquqini bekor qilish;
  • jinoyat ishlarini sudda ko‘rish uchun tayinlash bosqichida ish yuzasidan qarorlarni tortishuv tamoyiliga rioya etgan holda taraflar ishtirokida qabul qilish tartibini belgilash, jinoyat ishining umumiy tartibda ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qiluvchi omillarni tezkorlik bilan aniqlash va bartaraf etish imkonini beruvchi dastlabki eshituv bosqichini kiritish haqidagi taklif ham ma’qullandi.

Endilikda, 2020 yil 1 noyabrga qadar yangi tahrirdagi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonun loyihasini ishlab chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga ko‘rib chiqish uchun kiritish belgilandi.

Farmonga asosan qabul qilinadigan yangi qonunlar, sud himoyasini ta’minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlar olib tashlash, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlaridan voz kechish, investorlar huquqlarining sud himoyasida bo‘lishi ta’minlash va sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq bo‘lishiga xizmat qiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha
Navbahor tuman sudining
raisi
A.Ibodov

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sudlar faoliyati yanada takomillashtiriladi