08:39 / 04.08.2020
2 325

Fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilariga qancha miqdorda pul mukofoti beriladi?

Fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilariga qancha miqdorda pul mukofoti beriladi?
Foto: «Ma’rifat.uz»
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan xalqaro va respublika darajasidagi fan olimpiadalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari bir martalik pul mukofotlari miqdori ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, xalqaro fan olimpiadalarining sovrindorlari bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravaridan 500 baravarigacha, ularning o‘qituvchilari esa bazaviy hisoblash miqdorining 150 baravaridan 450 baravarigacha bir martalik pul mukofoti bilan taqdirlanadi.

Bundan tashqari, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili davomida direktor jamg‘armasidan qo‘shimcha ustama oladi.

Ta’kidlanishicha, 2019 yil 3 maydagi «Iqtidorli yoshlarni aniqlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qaroriga muvofiq fan olimpiadalari g‘oliblarini rag‘batlantirishning yangi tizimi joriy etilgan bo‘lib, unga ko‘ra Xalqaro matematika olimpiadasi (IMO), Xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO), Xalqaro kimyo olimpiadasi (ICHO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO), Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI)da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularning o‘qituvchilari quyidagi miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdori (ayni paytda 223 ming so‘m) ning 500 baravar (111,5 million so‘m), o‘qituvchisiga – 450 baravar (100,35 million so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravar (66,9 million so‘m), o‘qituvchisiga – 250 baravar (55,75 million so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravar (44,6 million so‘m), o‘qituvchisiga –150 baravarida (33,45 million so‘m).
Bundan tashqari, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar va ta’lim muassasasi direktorlari navbatdagi o‘quv yili uchun direktor jamg‘armasidan 1-o‘rin (oltin medal) uchun – 200 foiz, 2-o‘rin (kumush medal) uchun – 175 foiz, 3-o‘rin (bronza medal) uchun – 150 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama oladi.

Qayd etilishicha, yuqorida keltirib o‘tilgan xalqaro olimpiadalarda medal bilan taqdirlangan o‘quvchilar oliy ta’lim muassasalariga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadi.

Shuningdek, fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar va ularni tayyorlagan o‘qituvchilar qay tarzda rag‘batlantirilishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, o‘quvchi va o‘qituvchilar quyidagicha miqdorda bir martalik pul mukofotlari bilan taqdirlanadi:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarida (11,15 million so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 35 baravarida (7,8 million so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravarida (6,69 million so‘m).
Ma’lum bo‘lishicha, fan olimpiadalarining respublika bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchilarga ixtisoslik fani bo‘yicha davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil davomida amal qiluvchi sertifikat taqdim qilinadi.

Ta’lim muassasalarida o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari lavozim maoshiga 150 foiz, fan olimpiadalarining respublika bosqichi g‘oliblari lavozim maoshiga har oy 100 foizlik ustama haqi to‘lanadi.

Oliy ta’lim muassasasini tamomlagan olimpiada g‘oliblari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi tomonidan shakllantiriladigan istiqbolli mutaxassislar zaxirasiga kiritiladi.

Bundan tashqari, yuqorida ta’kidlangan qarorga muvofiq matematika, fizika, kimyo, biologiya hamda informatika va axborot texnologiyalari fanlaridan har yili bir marta o‘tkaziladigan qo‘shimcha respublika olimpiadasi joriy etilgan bo‘lib, uning g‘oliblariga quyidagicha bir martalik pul mukofotlari belgilangan:

1-o‘rin (oltin medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 100 (22,3 million so‘m), o‘qituvchisiga – 80 baravar (17,8 million so‘m);
2-o‘rin (kumush medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 85 (18,9 million so‘m), o‘qituvchisiga – 65 baravar (14,49 million so‘m);
3-o‘rin (bronza medal) uchun – o‘quvchiga bazaviy hisoblash miqdorining 70 (15,6 million so‘m), o‘qituvchisiga – 50 baravarida (11,15 million so‘m)
Vazirlikning qayd etishicha, 2019 yil 3 maydagi Prezident qarori bilan vazirlikda Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tashkil etilgan bo‘lib, u respublika va xalqaro miqyosda tashkil qilinadigan olimpiadalarni muvofiqlashtiradi, onlayn olimpiadalar tashkil qiladi hamda muntazam ravishda iqtidorli o‘quvchilar zaxirasini shakllantiradi va ularning monitoringini yuritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Fan olimpiadalari g‘oliblari va ularning o‘qituvchilariga qancha miqdorda pul mukofoti beriladi?