12:15 / 08.08.2020
1 076

Fuqarolarga nafaqalarni tayinlash uchun endi faqat pasport bilan murojaat qilish yetarli bo‘ladi

Fuqarolarga nafaqalarni tayinlash uchun endi faqat pasport bilan murojaat qilish yetarli bo‘ladi
Vazirlar Mahkamasining “Davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazishning ayrim ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish hamda fuqarolarga nafaqalarni tayinlash uchun faqat pasport bilan murojaat qilishi kifoya bo‘ladigan tizimni yaratish maqsadida qabul qilinadi.

Quyidagilar:
  • Davlat pensiyasini tayinlash uchun zarur bo‘lgan ish stajiga ega bo‘lmagan qariyalarga, mehnatga layoqatsiz fuqarolarga va bolalikdan nogironligi bo‘lgan farzandi bor (bo‘lgan) onalarga yoshga doir nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • yoshidan qat’i nazar, ish stajiga ega bo‘lmagan I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • davlat pensiyasini olish huquqiga ega bo‘lmagan shaxsning qaramog‘ida bo‘lgan oilaning mehnatga layoqatli bo‘lmagan a’zolari uchun boquvchisini yo‘qotganlik nafaqasini tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • 16 yoshdan katta bolalikdan nogironlarga nafaqani tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • 16 yoshgacha nogiron bolalarga va o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan OIV infeksiyasiga chalingan shaxslarga nafaqa tayinlash bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishi hamda tasdiqlanishini, Davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentlarni amalda qo‘llashning samaradorligi hamda natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi:
  • 2020 yil 1 oktabrga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda axborot tizimida 16 yoshdan kichik bo‘lgan nogironlar, 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalar va o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan OIV bilan kasallangan shaxslar ma’lumotlar bazasini yaratadi;
  • 2020 yil 1 noyabrga qadar Adliya vazirligi bilan hamkorlikda “FXDYO elektron arxivi” axborot tizimida ariza beruvchining oila tarkibini aniqlash funksiyasini joriy etadi;
  • 2020 yil 1 dekabrga qadar Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi axborot tizimini O‘zbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP), Sog‘liqni saqlash vazirligi, “FXDYO elektron arxivi” axborot tizimlari bilan integratsiya qilinishini ta’minlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi 2021 yil 1 yanvardan:
- ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan ma’muriy reglamentlar bo‘yicha davlat xizmatlari YAIDXP orqali joriy etilishini ta’minlaydi;
- YAIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish tartibini joriy etadi;
- Ma’muriy reglamentlar bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning belgilangan tartibini amalga oshirish yuzasidan, shu jumladan, YAIDXP orqali doimiy nazorat o‘rnatadi;
- Ma’muriy reglament talablari buzilganligi uchun davlat xizmatlari ko‘rsatishda ishtirok etuvchi tashkilotlarning mansabdor shaxslariga nisbatan ma’muriy jazo choralarini belgilangan tartibda qo‘llaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)