15:00 / 25.08.2020
1 304

Qator xorijiy tovarlar va xizmatlar xaridi vaqtincha to‘xtatiladi

Qator xorijiy tovarlar va xizmatlar xaridi vaqtincha to‘xtatiladi
Prezident qaroriga ko‘ra, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 1 noyabrdan xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar va xizmatlar davlat xaridlarida ishtirok etishi vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev «Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirilgan.

Ushbu qaror haqida 21 avgust kuni prezidentning Bektemir tumaniga tashrifi vaqtida ham aytilgandi, prezident o‘shanda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan avtomobillar tannarxini kamaytirish zarurligini ta’kidlagandi.

Qarorga muvofiq, endi davlat xaridlarida yurtimizda tayyorlangan mahsulotlarga ustuvorlik berilib, ishlab chiqarish yanada rag‘batlantirilishi, jumladan, tenderda ikkitadan ko‘p o‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchi mavjud bo‘lganda, faqat ularning mahsuloti qatnashishi, bundan buyon budjet hisobidan amalga oshiriladigan barcha xaridlarda mahalliy hokimiyat vakillari bevosita ishtirok etishi aytilgandi.

Hujjat matnida keltirilishicha, 1 noyabrdan:
  • ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslarning umumiy qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 50 ming baravaridan yuqori bo‘lgan import tovarlari xaridlarining maqsadga muvofiqligi har chorakda kuzatuv kengashlari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi;
  • xorijda ishlab chiqarilgan alohida tovarlar, shuningdek, xorijiy shaxslar tomonidan bajariladigan ishlarning davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlanadi va chegaralanadi;
  • Davlat xaridlaridagi ishtiroki vaqtinchalik taqiqlangan va chegaralangan, xorijda ishlab chiqarilgan tovarlar bo‘yicha tender (tanlov) ishtirokchilari takliflarini baholashda mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan import tovarlarining CIP (O‘zbekiston) narxidan 15 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda preferensiya beriladi;
  • hududiy budjet buyurtmachilari tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari bo‘yicha xarid komissiyalari tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha yordamchilari majburiy tartibda kiritiladi;
  • Qaror bilan 2021 yil 1 yanvardan strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalar uchun tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning alohida tartiblari bekor qilinishi ko‘zda tutilgan.

Vazirlar Mahkamasi 2021 yil 1 yanvarga qadar strategik ahamiyatga ega xo‘jalik jamiyatlari va korxonalarda davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga va korporativ boshqaruvning zamonaviy tamoyillariga muvofiq tovarlar (ishlar, xizmatlar) xaridlarini o‘tkazishning ichki tartiblari joriy etilishini ta’minlaydi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, 1 noyabrga qadar cooperation.uz portalida respublikada ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlar (ishlar, xizmatlar)ning texnik ko‘rsatkichlari 10 ta raqamli TIF TN kodi va ishlab chiqaruvchilarga bog‘lanish ma’lumotlari bilan birgalikda joylashtiriladi.

️Mazkur qaror bilan 2021 yil 1 yanvardan xorijiy mamlakatlarda xavfli mahsulotlar haqida tezkor xabar berish axborot tizimiga kiritilgan mahsulotlarni «erkin muomalaga chiqarish uchun» bojxona rejimiga rasmiylashtirish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, 2021 yil 1 yanvarga qadar xalqaro, mintaqalararo va xorijiy standartlarni ularning asl tilidagi mahsulotga talablarni o‘zgartirmasdan xuddi shunday ko‘rinishda qabul qilish orqali, 1995 yilgacha tasdiqlangan 5 236ta standartlar «tartibga soluvchi gilotina» usulida bekor qilinadi.

Shu bilan birga, 1 yanvargacha davlat investitsiyalarini boshqarishni baholashning umum qabul qilingan tamoyillari (PIMA) asosida markazlashgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan investitsiyaviy loyihalarni to‘liq va uzluksiz monitoring qilish tizimi joriy qilinadi.

Shuningdek, qaror bilan «Davlat xaridlari to‘g‘risida«gi qonun loyihasi (yangi tahrirda) ishlab chiqilishi belgilangan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)