23:30 / 30.09.2020
2 627

Adham Bahromov koronavirusning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘layotganini aytdi

Adham Bahromov koronavirusning yangi ko‘rinishlari paydo bo‘layotganini aytdi
Koronavirus pandemiyasi boshlanganidan beri virus o‘z «ayyor»ligini oshkor namoyish qilib, inson organizmida turli belgilar, asoratlar qoldirmoqda. «Zarafshon» gazetasi muxbiri kuz faslida kasallik kechishining o‘zgarishi, virusning turli yoshdagi insonlarda o‘zini qay tarzda namoyish etishi, aholi bu vaziyatda qanday yo‘l tutishi yuzasidan Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbari Adham Bahromov bilan suhbat uyushtirdi.

— Kuz fasli boshlanishi bilan virusning avj olgani sezildi. Bu vaziyatda markaz xodimlari testlarni o‘z vaqtida tekshirib berishi uchun sharoit yetarlimi?
— Kuz-qish mavsumida ko‘plab infeksion, virusli xastaliklar avj oladi, jumladan koronavirus ham. Bu haqda mutaxassislar oldindan ogohlantirib, aholini ehtiyotkor bo‘lishga chaqirib kelmoqda. Xususan, zotiljam xastaligi ham aynan kuz oylarida ko‘payadigan xastalik. Qolaversa, zotiljamning ham o‘nlab turlari mavjud. Test masalasiga kelsak, albatta, epidemiologik va tibbiy ko‘rsatmasi bor aholidan o‘z vaqtida test olish va natijalarini aniqlash uchun barcha sharoitlarga egamiz.

— Keyingi paytlarda koronavirusning boshqa belgilari paydo bo‘layotgani test natijalariga ta’sir o‘tkazyaptimi?
— Albatta. Sababi, test faqatgina tomoq, nafas yo‘llarida virus bo‘lsagina aniqlab beradi. Vaholanki, keyingi oylarda dunyo bo‘yicha mutaxassislarning kuzatuviga ko‘ra, virus tananing boshqa a’zolariga ham shikast yetkazayotgani aniqlanmoqda. Misol uchun, rossiyalik shifokorlar ularda «COVID-19» aholining 30 foizida ichak faoliyatining buzilishi bilan kechayotganini aytishdi. Mamlakatimizda ham bu holat kuzatilmoqda.

Ayrim bemorlarni tomoq og‘rig‘i, nafas yo‘llarida hech qanday kasallik bo‘lmasa-da, ich ketish, qayt qilish kabi simptomlar uchramoqda. Vaqt o‘tishi bilan hid va ta’m sezmasligi mumkin. Bu holatda bemor test topshirsa-da, unda koronavirus aniqlanmaydi. Sababi, test faqatgina nafas yo‘llaridagi virusni aniqlashga mo‘ljallangan.

— Demak, virus nafaqat o‘pka, balki organizmning boshqa a’zolarini ham zararlashi va uni belgilarga qarab o‘z vaqtida aniqlash mumkin, shundaymi?
— Afsuski, bu viruskundan-kunga o‘z qiyofasini o‘zgartiryapti, dunyo olimlari qatori mamlakatimizda virusning kechishi bilan bog‘liq holatlar doimiy ravishda o‘rganib borilmoqda. Shuning uchun davolash standartlari tez-tez o‘zgaryapti, unga qo‘shimchalar kiritib borilmoqda. U markaziy nerv tizimiga, qolaversa inson organizmning turli a’zolariga o‘z ta’sirini ko‘rsatyapti.

Shuning uchun surunkali xastaliklari bor insonlar o‘zini ehtiyot qilishi lozim. U yoki bu xastalikdan davolangan kishilar ham sog‘liklariga e’tiborli bo‘lishlari zarur. Muhimi, sog‘lom ovqatlanish, jismoniy harakatlarni o‘z vaqtida amalga oshirish kasallikni yengishning asosiy omilidir.

— Kasallikni simptomsiz o‘tkazayotgan insonlar haqida nima deysiz?
— Simptomsiz holatda kishida virus aniqlansa, bu inson atrofdagilar bilan yaqin muloqotda bo‘lmaslikka harakat qilishi lozim. Ammo bunday insonlarni bemor deb hisoblash noto‘g‘ri. Kasallik belgilari bo‘lmagach, unga potensial kasal sifatida qarash imkoni yo‘q. Umuman, testni, iloji bo‘lsa, o‘zida kasallik belgilari bo‘lgan kishilar topshirishi maqsadga muvofiq.

Bir necha oydan beri aytib kelinayotgan, pandemiya holatidan kelib chiqqan holda shakllangan qoidalar hozir ham muhim. To‘g‘ri, karantin qoidalari yumshatildi, to‘ylarga ruxsat berildi. Ammo bu degani qaysi davraga bormang, tanishlaringiz bilan qo‘l berib, quchoqlashib ko‘rishish mumkin degani emas. Sog‘lig‘ingizni asrash, himoyalash avvalo o‘zingizga bog‘liqligini unutmang.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)