00:23 / 01.10.2020
3 404

Koronavirusdan davolanayotgan bemor SSV rahbariga murojaat qildi

Koronavirusdan davolanayotgan bemor SSV rahbariga murojaat qildi
Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusga chalingan bemorlarni davolash uchun vaqtinchalik markazga aylantirilgan Jizzax politexnika instituti yotoqxonasi 411-xonasida davolanayotgan fuqaro Qobiljon Abdusattorovning O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi.

Fuqaro o‘z murojaatida davlat koronavirusga chalingan har bir bemor uchun 32 million so‘mdan pul sarflanayotgani haqida bayonot berayotgan bir vaqtda u nima uchun dorilarga o‘z yonidan pul sarflashga majbur bo‘layotganiga qiziqqan, shuningdek, murojaat qilgan kuni butun boshli bir binodagi bemorlarga bir chelak ovqat berilgani, yotoqxona ostonasiga har kuni o‘nlab odamlar yordam so‘rab kelayotganiga qaramay, uning yonidagi koyka nima uchun bir kundan beri bo‘sh qolayotganini ma’lum qilgan.

- "Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovga bir-ikkita savollarim bor edi. Birinchi savolim quyidagicha — agar davlatimiz koronavirusga chalinganlarning har biri uchun 32 million so‘mdan pul ajratayotgan bo‘lsa, unda biz nega dorilarni o‘z hisobimizdan sotib olyapmiz? U pullar qani, qayerga ketyapti? Nima, senlar xalqni aldayapsanmi? Agar rostdan ham pul ajratilayotgan bo‘lsa, unda dorilar qani? Ajratilmagan bo‘lsa, unda nega «ajratyapmiz» deb xalqni aldayapsanlar, insofingga senlarni!

Oddiy bir narsa — sharmandalik — bugun tushlik yo‘q. Yo‘q tushlik! «Sanitarka»ni chaqirib, tushlik qani desak: «Shuncha odamga bir paqir ovqat beryapti-da, qaysi biringizga yetkazaman?!», deydi. Ana sharmandalik! Har bir odamga 32 million so‘mdan ajratayotgan davlatimiz butun boshli binoga bir paqirgina ovqat berayotgan ekan! Demak, firmachilarining qozoniga hamma mahsulot ham tushmayapti, qayerlargadir, kimlarningdir uylariga har kuni ketyapti 50 kilodan go‘sht. To‘g‘rimi, shunday bo‘lyaptimi?

Bu ishlarning tagiga yetib, menga shaxsan hisobot berishingizni xalq nomidan talab qilaman! Sen rahbarlarning hech qaysi biringdan qo‘rqmayman! Senlardan uzr ham so‘rab chiqmayman! Men Cho‘lpon yurtidanman, boshimga qilich kelsa ham senlarga mana shunday tik turib gapiraman.

Mana yana bitta ochiq haqiqat — yonimdagi joy bo‘sh turibdi, kecha ertalab bo‘shagan. Kecha kechgacha bo‘sh turdi, bugun ham kechgacha bo‘sh turibdi. Lekin hozir pastga, qabulxonaga tushsang, kamida 30—40 nafar bemor yotibdi, eshik tagida turibdi, qaltirab, nafas ololmay. Ularni: «Joy yo‘q bizda, to‘lgan hammasi», deb qaytarib yuborishyapti. Bularni kim nazorat qiladi? Prezident ishongan odam senmi, Alisher Shodmonov? Nega nazorat qilmayapsan bularni?

Mana bu yerda oddiy xalq keladi-da, hech narsani gapirishni bilmaydi, indamay ketaveradi. Uch–to‘rt so‘m berib, yotadi-da, bo‘ldi, ketadi. Lekin bu muammolarni kimdir aytishi kerak-ku! Mana, men aytyapman. Chorangni ko‘r, shaxsan menga hisob berasan. Amaldorlar, birortangdan qo‘rqmayman", - deydi Jizzaxda koronavirusdan davolanayotgan fuqaro Qobiljon Abdusattorov.

Avvalroq Toshkentdagi «Yoshlik» arenasida tashkil etilgan 520 o‘rinlik saralash markazida birorta ham bo‘sh o‘rin qolmagani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, poytaxtdagi «Universal» sport majmuasida tashkil etilgan vaqtinchalik shifoxonada ham qonunga zid xatti-harakatlar sodir etilgani haqida murojaat paydo bo‘lgan, keyinroq bunga shifoxona tashkilotchisi hisoblangan Ichki ishlar vazirligi munosabat bildirgan edi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koronavirusdan davolanayotgan bemor SSV rahbariga murojaat qildi