07:37 / 09.10.2020
3 118

Amerikalik ayol O‘zbekistondan yuborilgan «posilka»dagi sovg‘a o‘g‘irlanganini aytdi

Amerikalik ayol O‘zbekistondan yuborilgan «posilka»dagi sovg‘a o‘g‘irlanganini aytdi
Foto: Videodan lavha
Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini Jessika deb tanishtirgan amerikalik ayolning O‘zbekiston pochtasi orqali yuborilgan qiymati 1000 dollarga teng chinni va sopol buyumlari siniq holatda kelgani, buyumlar o‘g‘irlanganini aytgan video tarqaldi. Mazkur holat bo‘yicha «O‘zbekiston pochtasi» AJ munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Bojxona deklaratsiyalarini o‘rganish jarayonida «O‘zbekiston pochtasi» AJ tomonidan sentabr oyida O‘zbekistondan AQSH manzili bo‘yicha 2 ta qiymati e’lon qilingan jo‘natmada chinni buyumlar solingan idishlar yuborilganligi aniqlangan.

Ushbu jo‘natmalar Andijon viloyatida istiqomat qiluvchi fuqaro T.M. tomonidan AQSHning Vashington shtatida ta’lim oluvchi o‘g‘li E.J.ga yuborilgan bo‘lib, jo‘natmalarning har biri 100 000 so‘m (ta’kidlanayotgan 1000 dollar) miqdorida qiymati e’lon qilingan.

Mazkur jo‘natmalarni pochta aloqasi ob’ektida qabul qilish jarayonida pochta xodimi tomonidan mijozga jo‘natmalarni uzoq masofaga jo‘natayotgani, uning ichidagi jo‘natmaga shikast yetmaydigan ravishda o‘rash lozimligi, aks holda jo‘natmalarga zarar yetishi mumkinligi tushuntirilgan, shuningdek, qo‘shimcha haq evaziga maxsus tarzda o‘rash xizmati tavsiya etilgan, ammo mijoz o‘zi tomonidan o‘ralgan holda jo‘natmalarni taqdim etgan.

Jessika, shuningdek, unga jo‘natmalar bo‘yicha treking uchun shtrix-kod berilmaganligini ma’lum qilgan. «O‘zbekiston pochtasi» AJning ta’kidlashicha esa, jo‘natmalar bo‘yicha treking uchun shtrix-kod belgilangan qoidalarga muvofiq jo‘natuvchiga beriladi, bu ilovada keltirilgan bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilgan.

«Jo‘natuvchiga 2 ta jo‘natma uchun berilgan maxsus shtrix-kod orqali jo‘natmalarning yuborilish holati pochta jo‘natmalarini kuzatish bo‘yicha maxsus sayt orqali o‘rganib chiqilganda birinchi jo‘natma 5 oktabr kuni oluvchiga topshirilganligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ikkinchisi o‘g‘rilangan, deb ta’kidlanayotgan jo‘natma 6 oktabr kuni oluvchiga topshirilgan, buni kuzatish bo‘yicha maxsus sayt tasdiqlaydi», — deyiladi «O‘zbekiston pochtasi» AJ munosabatida.

Munosabatda, shuningdek, butun dunyoda pandemiya bo‘lganligi tufayli aviaqatnovlar ba’zi bir davlatlarga vaqtinchalik to‘xtatilgani, shu sababli O‘zbekistondan AQSHga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘qligi sababli Seul orqali yetkazib berilishi ma’lum qilingan.

Reglamentga ko‘ra, jo‘natmaga shikast yetkazilgan holatlar yuz bergan taqdirda, mijoz tomonidan pochta xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniyaga rasmiy murojaat qilinishi lozimligi va murojaat belgilangan tartibda milliy pochta operatori tomonidan ko‘rib chiqilishi belgilab qo‘yilgan. AQSHda mazkur holat yuzasidan USPS kompaniyasiga murojaat etish talab etiladi.

«Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Umumjahon pochta ittifoqi Konvensiyasi reglamentining 22-bandiga muvofiq pochta jo‘natmalarini xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar tomonidan yuborish jarayonida xatoliklarga yo‘l qo‘yilganligi aniqlansa, belgilangan tartibda kompensatsiya to‘lovi undirilishi ko‘rsatilgan», — deyiladi «O‘zbekiston pochtasi» AJ munosabatida.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Amerikalik ayol O‘zbekistondan yuborilgan «posilka»dagi sovg‘a o‘g‘irlanganini aytdi